Tili, adabiyoti va folklori instituti, alisher navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi, urganch davlat universiteti


“SOPOL SINIQLARI” DOSTONINING O‘ZBEK ADABIYOTIDA



Yüklə 7,91 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə198/431
tarix15.09.2023
ölçüsü7,91 Mb.
#143696
1   ...   194   195   196   197   198   199   200   201   ...   431
Anjuman Boku (6)

“SOPOL SINIQLARI” DOSTONINING O‘ZBEK ADABIYOTIDA 
TUTGAN O‘RNI 
Salima JUMAYEVA, 
Qarshi Davlat universiteti
Adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti, 
filologiya fanlari nomzodi. 
(O‘zbekiston) 
Annotatsiya. 
Maqolada shoir Ikrom Otamurodning “Sopol siniqlari” 
dostonining o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritiladi. 
Tayanch so‘z va iboralar: 
she’riyat, shoir, lirika, davr nafasi, ijod, 
ruhiyat, janr, doston.

Аннотация. 
В статье речь идет о роли и месте поэмы Икрома 
Отамурода “Обломки керамики” в узбекской литературе. 
Ключевые словаи выражения: 
поэзия, поэт, лирика, дух времени,
творчество, духовность, дух, жанр, поэма.



435 
Annotation. 
The article discusses the role of the poet Ikrom Otamurod's 
epic “Ceramic fragments”in Uzbek literature. 
Key words and expressions: 
poetry, poet, lyric, spirit of the time, 
creativity, psychology, genre, poem.
 
Ilmiy adabiyotlarda qayd etilishicha, “... san’at, shu jumladan, so‘z san’ati – 
adabiyot ham kishilarning ongiga his orqali – yurak orqali ta’sir qiladi... 
Yozuvchi o‘zi his qilmagan narsa tug‘risida yozsa, buni o‘qigan o‘quvchi ham 
hech narsani his qilolmaydi. O‘quvchining qalbiga ta’sir qilmagan narsaning
adabiyotga hech tegishliligi yo‘q” [1;228]. Betakror badiiyatning bosh 
manbalaridan biri sifatida ko‘zga tashlanuvchi tuyg‘ular teranligi shoir Ikrom 
Otamurod ijodining o‘ziga xos xususiyatini belgilovchi omillardan hisoblanadi. 
Uning “Sopol siniqlari” nomli dostoni falsafiy umumlashmalarga boyligi, 
g‘oyaviy-badiiy yuksakligi bilan ajralib turadi.
Ta’kidlash joizki, doston voqealar emas, tuyg‘ular asosiga qurilgan. 
Asarda shoir badiiy tasvir vositalardan mohirona foydalanish san’ati orqali 
hayotdagi voqelikni falsafiy tasvirlashda o‘ziga xos individual izlanishni namoyon 
etadi. Biz qahramonning falsafiy mushohadasida, xotiralarida, dardlarida 
insoniyatning o‘rnini, yurtning boshiga tushgan kulfatlarini anglaymiz, eng 
muhimi dunyo deb atalmish borliq voqea-hodisalaridan iztirobga tushgan kalb 
tebranishlarini his qilamiz. Asarda shoir ramziy tasvirlarga keng o‘rin beradi va 
o‘z navbatida bu tasvirlarga katta g‘oyaviy-badiiy vazifa yuklaydi. Voqelik Holat 
va Rang deb nomlangan qismlar orqali tasvirlanadi. Holatlar, o‘z navbatida, 
mumtoz adabiyotimiz sahifalaridan keng o‘rin olgan maqolat va hikoyat kabi 
namunalarni yodga soladi.

Ma’lumki, maqolat nazariy yo‘nalishda bo‘lsa, hikoyatda o‘sha yo‘nalishlar 


amaliyotda o‘z ifodasini topadi. Ikrom Otamurod o‘zining poetik imkoniyatlarini 
ko‘proq dostonning Holat qismida hayot haqiqatini falsafiy-nazariy yo‘nalishda, 
Rangda esa kechagi va bugungi hayot manzaralarini ruhiy chizgilar asosida ochib 
berishda ko‘rsatadi. Holatda shoir quyidagicha yozadi:
...Odam bolasi 
bir xil hayot tarzidan, 
qachondirkim bo‘lmasin, zerikadi. 
Zerikish – 
boshqa shaklning istagi. 
Ruhiyatda sodir bo‘lgan bu hodisa – 
yangi xohishni, 
qidiradi... 
...Sog‘inib yashaydi 
...notanish manzillarni... 


436 
Har qandayin portlash,
avvalambor, 
Odam bolasining ruhiyatida kechadi... 
Yuragida tomir
 
otadi... 
So‘ng,
keng maydonga ko‘chadi.[2.140].
Alohida olingan so‘z obrazga aylanmasligi mumkin. Professor B. 
Sarimsoqovning qayd etishicha, “So‘zning o‘zi badiiy kontekstda boshqa so‘zlar 
bilan munosabatga kirishib, badiiy obrazga aylanadi”. [3.39]. Ikrom Otamurod 
o‘zining armonli va ogohli so‘zini dostonda o‘ziga xos tarzda bayon etadi. Vatan 
tuyg‘usi
 
bilan yo‘g‘rilgan misralarda samimiylik, beg‘uborlik, ajib bir mayinlik va 
ichki xorg‘inlik ufurib turadi. U vatan obrazini turfa ranglarda va o‘ziga xos 
shaklda ifodalaydi. Shoir Vataniga ulug‘ bir qadriyat sifatida qaraydi, shu boisdan 
ham Vataniga mehrini quruq tavsiflaru ta’riflar yo‘li bilan izhor etmaydi. Balki 
unga keng miqyosda yondashadi, uning tarixi, boshidan kechirgan turfa 
kechmishlarini alam va iztirob bilan, teran falsafiy ruh va falsafiy mushohadalar 
talqinida bayon qiladi: 
Zarang zamin. Ko‘hna Erqo‘rg‘on 
jivir-jivir yomg‘ir savalar. 
O‘mganini tufroqqa berg‘on – 
cho‘kka tushgan tepalar... [2.141].
Anglashiladiki, dostonda Vatanga nihoyasiz mehr-muhabbat, fidoyilik 
tuyg‘ulari bilan birga uzoq va yaqin o‘tmishda mamlakat boshiga tushgan savdolar, 
uning ob’ektiv va sub’ektiv omillari, fojia va xiyonatlarning asl sababchilariga 
nisbatan cheksiz nafrat, alam, nadomat, afsus ohanglari qorishib ketadi.
Badiiy adabiyot inson faoliyatining boshqa sohalaridagi kabi tafakkurning 
mahsuli hisoblanadi. San’at asari faqat badiiy so‘z san’atiga oid manbalarni o‘z 
ichiga olibgina qolmay, balki g‘oyaviy-estetik mazmun, dunyoqarash, falsafiy tu-
shunishni ham qamrab oladi. Ayni jihatlarda ijodkor uchun bilim – bu hayotiy ma-
terial, hayotni chuqur va har tomonlama o‘rganish bo‘lib, usiz san’at asari yaratib 
bo‘lmaydi. Hayotni, tarixni bilish ijodkorda uning hissiyotlari orqali o‘tadi. [5.183]
Ijod jarayonida shoir botnida tug‘ilgan fikr va tasavvurlar uning jismiga turtki 
berib, hayajonga soladi, qonida o‘t yoqib, ko‘ksida tipirchilab uyg‘onadi. Dostonda 
bunga yaqqol misol bo‘la oladigan misralar talaygina:
Mog‘orlaydi. Zang bosar. Muzlar, 
unutilar ko‘p yo‘laklari. 
Tepalar qa’ridagi izlar – 
xotira bo‘laklari. [2.141]. 
Loyga botib siniqqan kamon – 


437 
yurt ori deb to‘kilgan darddir. 
Qo‘lda lochin tutgan pahlavon – 
qadrin quchib yiqilgan marddir. [2.142]. 
Shoir o‘ziga xos obrazli vositalardan, ixcham o‘xshatish va ramzlardan, 
mumtoz adabiyotimiz va xalq rivoyatlaridagi an’analardan foydalanib, Ruhiyat 
kengliklariga nazar tashlaydi. Rangda yozadi: 
Naysonlar hidin sezib 
qaldirg‘ochlar aylanar, 
Ruhimning sabrlari 
naysonlarga boylanar. 
Naysonlar o‘rim zulfi 
to‘lg‘onadi dosh-dosh,... [2.156]. 
Yoki Holat qismida shunday deydi: 
Ruhimda bo‘zlaydi bir sag‘ir –
makonga sig‘magan ingroq [2.156].
Ayni satrlardagi ichki dramatizm, samimiylik, tuyg‘ular tiniqligi, mazmun va 
shakl mutanosibligi, tasvirdagi tabiiylik asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatini 
ochiqlaydi. Zero, bu kabi tasvirlar ma’naviyati boy, ruhi tetik, qalbi uyg‘oq, 
yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi bilan yashaydigan shaxslarda ro‘y beradi. Dunyo 
taraqqiyoti shu kabi insonlarning sa’y-harakati tufaylidir. Dostondagi lirik 
qahramon ana shunday inson. U hayotdan ham, o‘zidan ham qoniqmaydi. Uning 
tabiati, asta-sekin kitobxonga ham ko‘chadi. Rangda yana shunday satrlarni 
o‘qiymiz: 
Qo‘lda lochin tutgan pahlavon – 
Qadrin quchib yiqilgan marddir. 
Ko‘milgan imondir,ko‘milgan taqdir 
tepalar... 
Ko‘milgan Vatandir, 
Ko‘milgan eldir – 
tepalar... [2.142]. 
Ayni misralarda teran falsafiy mushohadalar, salmoqli poetik fikrlar bilan 
jo‘shqin his-tuyg‘ular uyg‘unlashib ketgan. Unda yurtimiz boshidan kechirgan 
yaqin tariximizdagi fojiali manzaralar tasviri aks ettirilgan. Zero, bunday asarlarda 
badiiy tasvir orqali millat turmush tarzi va mustamlakachilik siyosati yuzaga 
keltirgan ma’naviy-axloqiy qarashlar o‘z ifodasini topadi. 
Darhaqiqat, mavjud totalitar tuzum ma’naviy qadriyatlarimizga – dinimiz, 
tilimiz, iymonimizga daxl qilib, vatanparvarlik tuyg‘usidan judo qilgan edi. Bu 
manzaralar dostonda Xotira orqali chiziladi. [5.16]. O‘z navbatida, Xotira bir-


438 
biriga bog‘liq ikki vazifani bajaradi. Zero, o‘tmishsiz kelajak yo‘q. O‘tmish 
xotiralarda tiklanadi:
Chok-chokidan yamalgan xayol, 
Olachalpoq Xotira, ayo! 
Tushlarida qilich sasi – dol, 
to‘lg‘anar o‘, o‘, Qashqadayro! [2.141].
Asar bir qarashda unchalik “muhim bo‘lmagan” oddiy muammoning “o‘ta 
jiddiy muhokamasiga” bag‘ishlangan. Xayolot dunyosiga g‘arq bo‘lgan lirik 
qahramon osoyishta va chekka joy – yolg‘izlikdan qo‘nim topadi. “Ikki tavaqasi 
o‘ksik va siniq xotira eshigiga umid ila” boqarkan, o‘zini yolg‘iz olamda yolg‘iz 
sezadi. Rang qismida quyidagi misralarni o‘qiymiz:
Yolg‘iz olamda yolg‘izman, 
Ruhim ostonasida turar 
yolg‘izlik.
Ko‘rishar – 
Umid ila Xotira eshigin 
ikki tavaqasi. 
O‘ksik va siniq ikki tavaqasi. [2.143]
deya lirik qahramon chuqur o‘yga toladi. Zero, Xotira qadr topgan 
jamiyatdagina inson o‘zini, o‘zligini anglashi mumkin. Shuningdek, xotirlash 
ongning fikrlash jarayonini ham belgilaydi. Chunki, fikrlovchi odamning o‘z olami 
– o‘z dunyosi bo‘ladi, o‘zligini topadi. Ammo kishining Umidlari amalga 
oshmasa, ko‘ngli o‘ksiydi. O‘ksigan ko‘ngil Xotiraga beriladi. Lekin u ham 
xursand qilmaydi. Chunki qadriyatlar vayron qilingan:
Daraxtning tomiriga qurt doridi, 
o‘zidan paydo bo‘lgan qurt... zirqiroq... 
Zanam tanasi... shoxlari horidi... 
barglari quroq... 
Qancha bo‘hronlarga chidagan bardosh. 
o‘, ming yillik daraxt, 
azamat daraxt... 
...quruq suvara... 
elga berolmayin dosh – 
yuragimga yiqildi karaxt.[2.145-146]. 
Ayni holatda daraxt bizga ma’lum bo‘lgan tabiatning mahsuli emas. U – 
timsol. Vatan timsoli. Qurtlar ham tabiiy qurt emas. U – qalbida insoniylik g‘ururi, 
Vatan, millat tuyg‘usi yo‘q, hamiyatsiz, xoin shaxslar. Shular tufayli asrlar 
davomida qancha tashqi bo‘hronlarga, qum to‘zonlari-yu taloto‘p jang-jadallarga 


439 
bardosh bergan Vatan – ichki dushman – “qurt”larga dosh berolmay quladi. Bu hol 
shoirga azob beradi: 
U bitta ko‘za oldi.
Kasbining tufrog‘idan yasalgan ko‘za.
Labi uchgan.
Dastasi singan. 
Hayron bo‘ldi kulol.
Butunlari turibdi, axir, 
Yana har xillari... 
Nega tanladi siniq ko‘zani?! 
Dong qotdi. [2.150]. 
Kulolni dong qotirgan holatdan kitobxon ham hayratda qoladi va bu hayronlik 
sababini anglashga intiladi. Asardagi siniq ko‘za – siniq qalbning ramzi. 
Chunonchi, insonning qalbi katta yo‘qotishdan sinadi. Lirik qahramon ham shu 
holga tushgan: 
Siniq ko‘zani bag‘riga bosdi avaylab. 
siniq ko‘nglu kushoyish topganday bo‘ldi. 
Siniq ko‘za... 
Siniq kangul... 
Do‘ppaygan qabr... 
Nimjon nihol... 
Kangulning armoniga to‘ldirib, 
ko‘zining chashmiga to‘ldirib, 
qayg‘usini qayg‘usiga to‘ldirib, 
to‘ldirib, 
to‘ldirib, 
to‘ldirib, 
ko‘mdi... siniq ko‘zani... 
...tufrog‘ini tufrog‘iga qo‘shdi... [2.151-152]. 
Bu o‘rinda lirik qahramon siniq ko‘zani ko‘mgani yo‘q, balki, siniq qalbini 
ko‘mdi. Shu tarzda o‘z mahbubi bilan abadiy bo‘lish ishorasini bildirdi. Nimjon 
nihol esa o‘zi. Keyingi misralarda lirik qahramon yanada yorqinroq bo‘y ko‘rsatadi. 
Satlarda so‘zlarning ma’no-mohiyatiga, ifodalanayotgan fikrga mos tanlanishi
misradan misraga, banddan-bandga ulanib, o‘ziga xos butunlikni hosil qiladi: 
...tufrog‘ini tufrog‘iga qo‘shdi... 
Asarda falsafiy mazmun ancha chuqur. Dostonning lirik qahramoni davrning 
butun jarohatlarini elkasida ko‘targan inson. Uning o‘y-fikri, kechinmalarida, 
xotiralarida tiriklik falsafasi va o‘zlikni anglash haqiqatini his qila boramiz. Holatda 
shoir yozadi:


440 
Haq – o‘zingni anglash, 
o‘zingni sezish, 

qachondir yuzma-yuz keluvchi darig‘, 


Qachondir kanglungga qayrilish, 
qachondir qaytish yolg‘izlik sari. [2.154]. 
Xulosa qilib aytganda, Ikrom Otamurodning “Sopol siniqlari” dostoni o‘zbek 
adabiyotida alohida o‘rin tutadi. Dostonda shoir armonli va ogohli so‘zini o‘ziga 
xos tarzda bayon etadi. Xalqimiz tarixi va hayot haqiqatini sinchkovlik bilan 
kuzatish, tahlil etish natijasida yaratilgan mazkur asar teran mazmunli badiiy
umumlashmalarga, chuqur falsafiy xulosalarga boy. Doston uzoq va yaqin o‘tmish 
tariximizni tasvirlash orqali zamondoshlarimiz ongida vatanparvarlik va yurtga 
bo‘lgan fidoyilikni, inson qalbi kechinmalarini falsafiy ohangda tasvirlashi bilan 
ahamiyatlidir.

Yüklə 7,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   194   195   196   197   198   199   200   201   ...   431




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin