Diniy-ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiysi sababi mutaassib fikr va qarashlarning paydo boʻlishidir. Mutaassiblik muayyan gʻoyalarning toʻgʻri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan ketish, “oʻzgalar” va “oʻzgacha” qarash va gʻoyalarga murosasiz munosabatda boʻlish, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda, ularni tan olmaslikda namoyon boʻladi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yoʻnalishlar orasida keskin nizo va toʻqnashuvlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan.
Diniy ekstremistik oqimlar
20 asr oxirlarigacha diniy-ekstremizm va aqidaparastlikni tarqatish va aholi orasida yoyishning asosiy qurollari boʻlib turli adabiyot va nashrlar xizmat qilgan boʻlsa, zamonaviy texnologiya vositalari rivojlangan hozirgi davrda ommaviy axborot vositalari, ayniqsa internet tarmogʻi diniy ekstremistik va aqidaparastlik gʻoyalarini tarqatishning eng optimal va qulay manbaiga aylandi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, hozirda turli guruh va oqimlar tomonidan diniy ekstremizm va aqidaparastlikni targʻib qilishda, jamiyatda norozilik kayfiyatini tarqatishda ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanilmoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga “kufr diyori”, “hijrat”, “jihod”, “shahidlik”, “xalifalikni tiklash” kabi gʻoyalar singdirilib, ular turli toʻqnushuv va nizo oʻchoqlariga jalb qilinmoqda. Turli kuchlarning nogʻorasiga oʻynayotgan diniy-ekstremistik va terrorchi oqimlar tomonidan u yerlarda amaliyotni oʻtab kelgan aqidaparast, diydasi qotgan, mustaqil fikrlashdan mahrum, rahnamolarining har qanday buyruqlarini qonun deb biluvchi zombi-jangarilardan tinch mintaqalarda ham turli nizolar va beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish maqsadi bugun koʻpchilikka ayon haqiqatdir. Internet tarmogʻining chegara bilmasligi, sunʼiy yoʻldosh orqali efirga uzatiladigan fazoviy kanallarga toʻsiq qoʻyishning iloji yoʻqligini hisobga oladigan boʻlsak, hozirgi kunda bu kabi buzgʻunchi gʻoyalardan aholini, xususan yoshlarni asrash uchun ularda bu kabi yot gʻoyalarga qarshi maʼnaviy immunitetni hosil qilish, internet va OAV orqali mazkur guruhlarga asosli raddiyalar berish, sof diniy taʼlimotlarni yoshlarga yetkazish, ularni xalqparvarlik, vatanparvarlik, milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyatga ega ekanligi yaqqol namoyon boʻladi.
Islom dini bag'rikenglik dinidir.
Terrorizm – jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, aholi keng qatlamlarida vahima va qoʻrquv uygʻotishga qaratilgan siyosiy kurashning oʻziga xos usulidir. U yashirin (konspirativ) ruhdagi tashkilotlar tomonidan beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatni egallash maqsadida amalga oshiriladi. Terrorchi guruhlar jamiyatda aholining keng qatlami nomidan harakat qilayotgandek taassurot uygʻotish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanadilar. Terrorizmning eng asosiy xususiyatlaridan biri ushbu harakat tarafdorlarining “kuch ishlatish va zoʻravonlik davlatni qulatuvchi va hokimiyatga erishishni osonlashtiruvchi parokandalikka olib keladi”, degan gʻoyaga asoslanib harakat qilishlaridir. Terrorizmning yana bir xususiyati hech qanday urush boʻlmayotgan, demokratik institutlar faoliyat koʻrsatayotgan, tinchlik hukmron jamiyat sharoitida muqobil usullarni atayin inkor etgan holda, siyosiy masalalarni zoʻrlik yoʻli bilan hal qilishga intilishda koʻrinadi.