Burgʻilash — quduq parmalash, chuqurcha va kovak (shpur)lar qazish jarayoni. Geologik va geofizik tekshirishlar oʻtkazish, foydali qazilmalarni qidirish, qazib olish, muhandislik geologik izlanishlarni bajarish va boshqa ishlarda qoʻllaniladi. Burgʻilashda maxsus asboblar yordamida togʻ jinslari yemiriladi (maydalanadi). Maydalangan jins boʻlaklari tashqariga chiqarib tashlanadi, natijada kovlanayotgan quduq, chuqurcha yoki kovak chuqurlasha boradi. Kuduq, chuqurcha yoki kovak devori qazish jarayonida mustahkamlanadi. Burgʻilashning paydo boʻlgan vaqtini aniqlash juda qiyin. Misrliklar 6000-yil ilgari Burgʻilashdan piramida qurishda foydalanganlar, qad. rimliklar Burgʻilashda qoshiqsimon kovlagich ishlatganlar, 2000-yil ilgari esa xitoyliklar tuz qazib olishda Burgʻilashdan keng foydalanganlar. Rossiyada burgʻi kovaklaridan osh tuzi olishda foydalanilgan. Markaziy Osiyo hududida ham maʼdanlar qazib olishda kadimdan Burgʻilash usulidan foydalanilgan. Neft konlarining koʻplab topilishi Burgʻilashning tez rivojlanishiga olib keldi.
Qazish usullariga koʻra, Burgʻilash zarbiy, aylanma, kolonkali boʻladi. Shtanga yoki arqonning uchiga mahkamlangan parmani koʻtarib tashlash yoʻli bilan quduq qazish zarbiy Burgʻilash deb ataladi. Zarbiy Burgʻilash 17-asrda birinchi marta Xitoyda shoʻr suvlar va yonuvchi gazlarni chiqarishda qoʻllanilgan. Aylanma harakat qiluvchi parma bilan kovak qazish aylanma Burgʻilash deb ataladi. Bunda maydalangan jins boʻlaklari kovaqda toʻxtovsiz aylanib turuvchi suyuq loy, suv yoki bosim ostidagi havo yordamida tashqariga chiqariladi. Aylanma Burgʻilash 3 xil boʻladi: 1) rotorli Burgʻilash — burgʻilash kuvurlari burgʻilanayotgan vaqtda shtanga uchiga mahkamlanib kovak ichiga tushiriladi va yer yuziga oʻrnatilgan dvigatel yordamida aylanma harakat qiladi; 2) turbinali Burgʻilash— bunda tog jinslarini parchalovchi asbobni aylanma harakatga keltiruvchi dvigatel kovak ichida boʻladi; u turbobur deb ataladi. U doimo yuqori bosimda kovakda aylanib turuvchi suyuq loy yordamida ishlaydi. Dvigatel elektr toki yordamida harakatlansa, elektrobur deyiladi; 3) kombinaiiyalangan (aralash) Burgʻilash — bunda Burgʻilash uskunasi aylanma va zarbiy agregatlar bilan taʼminlangan boʻladi. Ikkinchi agregat asosan qattiq jinslarni parchalashda hamda Burgʻilash jarayonida chigir ishdan chiqib qolganda qoʻllaniladi. Halqasimon parma bilan kovak kovlanib, undan silindr shaklidagi choʻzinchoq jins boʻlaklari (kern) chiqarib olinsa, bunday Burgʻilash kolonkali Burgʻilash deb ataladi. Burgʻilash xalq xoʻjaligining koʻpchilik tarmoqlarida, muhandislik, geologik va meliorativ ishlarda, rudali va rudasiz maʼdanlarni qidirishda, shaxtalardagi havoni almashtirishda, suvni tortib olishda. portlatish ishlari va boshqalarda qoʻllaniladi.[1]Sharoshkali, Koronkali, Shneklai burg'ulash usullari mavjud