Kolonkaviy burg‘ilashda VIII- XII kategoriyadagi tog‘ jinslari asosan olmosli koronkalar bilan burg‘ilanadi, uncha chuqur bo‘lmagan quduqlarda V- VII kategoriyadagi jinslarni ham burg‘ilash mumkin bo‘ladi.
Hozirgi paytda razvedkaviy burg‘ilash ishlari hajmining 25 % dan ziyodi olmosli koronkalar bilan bajarilmoqda, ularning ishlatilish sharoitlari yanada kengaymoqda.
Olmosli koronkalarning afzalliklari quyidagicha:
Jinslarni parchalovchi asbob tabiiy va sun’iy olmoslar, hamda o‘ta qattiq materiallar bilan jihozlanadi.
Olmos – tabiatdagi eng qattiq mineral bo‘lib, toza ugleroddan tashkil topgan. Olmosning qattiqligi korund mineraliga qaraganda 140 marta, abrazivligi esa 90 marta ortiqdir.
Mayda olmoslardan tayyorlangan va maxsus matritsalarda mexanik mahkamlangan koronkalar - mayda olmosli koronkalar deb ataladi.
Past navli olmoslarning burg‘ilash sifatini oshirishning bir necha yo‘llari mavjud: ovalizatsiya qilish, tanlab maydalash, polirovka qilish.
Past navli olmoslarni ovalizatsiya qilishdan maqsad, olmos zarrachalariga oval shaklini berishdir.
Past navli olmoslarni tanlab maydalash olmos kristallariga izometrik shakl berish va darzlangan va defektli donalarni parchalashdan iboratdir.
Olmoslarni polirovka qilish – olmos donachalariga silliq va polirovka qilingan yuza hosil qilishdan iboratdir. Polirovka qilingan olmoslar bilan qurollangan koronkalar bilan burg‘ilashda olmos – jins kontaktidagi ishqalanish kuchi kamayadi, bu esa jinslarni parchalovchi asbobning mexanik chidamligini oshiradi va mexanik burg‘ilash tezligini oshirishni ta’minlaydi.
Polirovka qilishning gaz - alangali, mexanik va kimyoviy usullari mavjud.
Olmoslarning mexanik mustahkamligini olmos kristallari ichki kuchlanishini kamaytirish uchun termik ishlov berish yo‘li bilan oshirish mumkin.
Olmoslarning donadorligi yoki yirikligi 1 karat olmosdagi zarrachalarning soni bilan o‘lchanadi. Geologiya - qidiruv burg‘ilash ishlarida keng diapazondagi 2 – 5 dan 800 – 1200 dona / karat yiriklikdagi olmoslar ishlatiladi.
Burg‘ilash ishlarida shuningdek sun’iy monokristal ASS markadagi va sintetik polikristal ARK-4, ARV-1 va ARS-3 markadagi olmoslar ham ishlatiladi.
Sintetik olmoslardan tashqari burg‘ilashda o‘ta qattiq materiallar: elbor-R, belbor ham ishlatiladi.
Maydaolmosli koronkalar po‘lat korpus va olmos ushlab turuvchi matritsadan tarkib topgan, matritsa materiali VK qattiq qotishma poroshogidan, mis va boshqa materiallardan poroshokli metallurgiya usuli bilan tayyorlanadi.
Olmosli koronkalarning burg‘ilash xossalari matritsadagi olmoslarning joylashishiga, matritsaning qattiqligiga, ishlatilayotgan olmoslarning sifati va o‘lchovlari, koronkani olmoslar bilan boyigani va konstruktiv xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Olmoslarning matritsadagi joylashishiga qarab birqatlamli va impregnirlangan koronkalarga ajratish mumkin bo‘ladi (rasm).
Koronka yuzasida ma’lum sxemada olmoslar bir qatlamda joylashgan olmosli koronkalar bir qatlamli olmosli koronkalar deb ataladi (rasm a ). Koronkaning tashqi va ichki tomonlari keskichli olmoslar bilan jihozlangan. Bir qatlamli olmosli koronkalar VI-IX kategoriyadagi jinslarni burg‘ilash uchun ishlatiladi. Koronkalarni jihozlash uchun yirikligi 10-60 dona / karat bo‘lgan olmoslar ishlatiladi. Bir qatlamli koronkalar A harfi bilan belgilanadi. Koronkadagi yuvish kanallari ularning o‘lchovlariga qarab 2 tadan 8 tagacha bo‘ladi.