Jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyaning shakli O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi
Jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyaning shakli O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Soliq organi tomonidan soliq to’lovchi taqdim etgan jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyada to’lanishi lozim bo’lgan soliq summasining kamayishiga olib keluvchi xatolar aniqlangan taqdirda, soliq organi jami yillik daromad haqidagi taqdim etilgan deklaratsiyada aniqlangan xatolar to’g’risida soliq to’lovchiga bildirish xati yuboradi.
Soliq organining xabarnomasini olgan soliq to’lovchi o’n kun ichida jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyaga zarur bo’lgan o’zgartirishlarni kiritishi shart.
Agar jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyani o’zgartirish haqidagi ariza soliqni to’lash muddati o’tguniga qadar berilsa, soliq to’lovchi Soliq Kodeksida belgilangan javobgarlikdan ozod etiladi.
Agar jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyani o’zgartirish haqidagi ariza soliqni to’lash muddati o’tganidan keyin, lekin xatolar soliq organi tomonidan aniqlanguniga qadar berilsa, soliq to’lovchi soliqning etishmayotgan summasini hamda unga tegishli penyani to’lagan taqdirda, javobgarlikdan ozod etiladi.
Soliq to’lovchi soliq organining taqdim etilgan jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyada aniqlangan xato to’g’risidagi bildirish xatini olgan kun soliq organi tomonidan xato aniqlangan kun, deb hisoblanadi.
Jami yilik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida daromadlarga soliq solish.
Soliq to’lovchilar daromadlar bo’yicha jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyani doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etadi.
Deklaratsiya qilinishi shart bo’lmagan daromadlarni olgan soliq to’lovchilar doimiy yashash joyidagi soliq organiga jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyani ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin.
Har qanday ketma-ketlikdagi o’n ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat O’zbekiston Respublikasining tashqarisida turgan O’zbekiston Respublikasining fuqarolari O’zbekiston Respublikasiga qaytgan sanadan e’tiboran bir oydan kechiktirmay doimiy yashash joyidagi soliq organiga O’zbekiston Respublikasidagi va uning tashqarisidagi manbalardan olgan daromadlari bo’yicha jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyani ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin. Bunda O’zbekiston Respublikasidan tashqarida olingan daromadlar bo’yicha jismoniy shaxs O’zbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb e’tirof etish mezonlariga muvofiq kelmagan davr uchun soliq to’lanmaydi.