O‘rinbosar tovarlarning mavjudligi. Odatda muayyan turdagi ehtiyojni bir qator tovarlar bilan qondirish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Masalan, qishda sovuqdan saqlanish uchun palto bilan bir qatorda kurtka, plashch va boshqa issiq kiyimlardan foydalanish mumkin. Yoki biror joyga sayohatga borish uchun samolyot bilan bir qatorda tezyurar poezd, avtomobildan foydalanish mumkin. Bu o‘rinda kurtka, plashch va boshqa issiq kiyimlar paltoning, tezyurar poezd, avtomobil samolyotning o‘rinbosar tovarlari hisoblanadi. Agar biror tovarning boshqa o‘rinbosar tovarlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, unga bo‘lgan talab shunchalik ko‘p egiluvchan bo‘ladi. Jumladan, sof raqobatli bozorda taklif qilinadigan tovarlarning o‘rinbosar tovarlari juda ko‘p bo‘lib, shu sababli har bir alohida sotuvchi mahsulotlariga talab butunlay egiluvchan hisoblanadi.
Tovar qiymatining iste’molchi daromadidagi salmog‘i.Iste’molchi daromadida tovar qiymati qanchalik katta o‘rinni egallasa, unga talab shunchalik yuqori egiluvchan bo‘ladi. Masalan, daftar yoki qalam narxining 10 foizga o‘sishi bir necha so‘mni tashkil qiladi va bu talab qilinayotgan tovar miqdorida juda kam o‘zgarish bo‘lishiga olib keladi. Shu bilan birga, avtomobil yoki uy narxining 10 foizga o‘sishi bir necha million so‘mni tashkil qilishi mumkin. Narxlarning bunday oshishi juda ko‘p oilalar bir necha yillik daromadining katta qismini tashkil qiladi va aytish mumkinki, bu sotib olinadigan mahsulot miqdorini sezilarli ravishda kamaytiradi.
Mahsulotlarning iste’mol xususiyatlari.Zeb-ziynat buyumlariga talab odatda egiluvchan, hayotiy zarur buyumlarga esa talab noegiluvchan hisoblanadi.
Masalan, non va elektr energiyasi zaruriy iste’mol buyumlari hisoblanadi, shu sababli ular narxining oshishi non yoki elektr energiyasini iste’mol qilishning keskin kamayishiga olib kelmaydi. Boshqa tomondan, zeb-ziynat buyumlariga narxlar oshganda ularni osonlik bilan iste’moldan chiqarib tashlash mumkin.