Asosiy tayanch tushunchalar Talab – pul bilan ta’minlangan, to‘lovga qodir ehtiyoj; ma’lum vaqt oralig‘ida, narxlarning mavjud darajasida iste’molchilarning tovar va xizmatlar ma’lum turlarini sotib olishga qodir bo‘lgan ehtiyoji.
Yakka talab – har bir alohida iste’molchi (masalan, shaxs, oila, korxona, firma)ning tovarning shu turiga bo‘lgan talabi.
Bozor talabi – bir qancha (ko‘pchilik) iste’molchilarning shu turdagi tovar yoki xizmatga bo‘lgan talablari yig‘indisi.
Talab qonuni– tovar narxi va sotib olinadigan tovar miqdori o‘zgarishi o‘rtasida bo‘ladigan teskari yoki qarama-qarshi bog‘liqlik.
Talab egri chizig‘i – narx va talab hajmining o‘zgarishi o‘rtasidagi teskari bog‘liqlikni ko‘rsatuvchi egri chiziq.
Oliy toifali tovarlar– daromadning o‘zgarishi bilan talab miqdori to‘g‘ri bog‘liqlikda o‘zgaradigan tovarlar.
Past toifali tovarlar – daromadning o‘zgarishi bilan talab miqdori teskari bog‘liqlikda o‘zgaradigan tovarlar.
Engel qonuni – iste’molchi daromadi bilan u tomonidan sotib olinishi mumkin bo‘lgan tovarlar miqdori o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik.
Taklif – ma’lum vaqt oralig‘idagi narxlarning muayyan darajasida ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar tomonidan ma’lum turdagi tovar va xizmatlarning bozorga chiqarilgan miqdori.
Taklif qonuni– narxning o‘zgarishi bilan taklif etilayotgan tovar miqdorining to‘g‘ri bog‘liqlikdagi o‘zgarishi.
Bozor muvozanati – talab miqdori bilan taklif miqdori o‘rtasidagi nisbat birbiriga teng bo‘lgan holat.
Bozor narxi – bozor muvozanati vujudga kelgan holda shakllangan narx.
Talabning narx bo‘yicha egiluvchanligi ko‘rsatkichi – talab hajmiga ta’sir qiluvchi boshqa omillar o‘zgarmay qolgan sharoitda narxning bir foizga o‘zgarishi talabning necha foizga o‘zgarishini ifodalovchi ko‘rsatkich.
Talabning daromad bo‘yicha egiluvchanligi ko‘rsatkichi– iste’molchi daromadining bir foizga o‘zgarishi talabning necha foizga o‘zgarishini ifodalovchi ko‘rsatkich.