8.2. Monopoliyalarning iqtisodiy asoslari va ularning turlari Iqtisodiyotda bozor mexanizmining samarali amal qilishi va raqobat muhitining ta’minlanishi monopoliyalar, ularning kelib chiqish sabablari va amal qilish xususiyatlarini ko‘rib chiqishni taqozo etadi.
Monopoliya tushunchasiga turli o‘quv adabiyotlarida turlicha ta’rif beriladi. Jumladan, ba’zi o‘rinlarda uni «davlat, korxonalar, tashkilotlar, sotuvchilarning qandaydir xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishdagi mutlaq huquqi»1 sifatida qaralsa, boshqa holatlarda «faoliyatning u yoki bu sohasida shaxs yoki kishilar guruhining har qanday (ba’zi adabiyotlarda – yakka) hukmronlik holati»2 deb ta’riflanadi. Bu ta’riflardagi monopoliyaning «mutlaq huquq» yoki «har qanday yoki yakka hukmronlik holati» kabi tavsiflari uning mohiyatini aniq yoritib berolmasligi sababli, uni quyidagicha ta’riflash o‘rinli deb hisoblaymiz: monopoliya – monopol yuqori yoki monopol narxlarni o‘rnatish asosida monopol yuqori foyda olish maqsadida tarmoqlar, bozorlar va yaxlit makroiqtisodiyot ustidan hukmronlikni amalga oshiruvchi yirik korxonalar (firma, korporatsiyalar)ning birlashmalari3. «Monopoliya» atamasining kelib chiqishi bozorga oid tushunchalardan (ya’ni, grekcha «monoc» - yagona, bitta va «poleo» - sotaman) tarkib topsada, biroq uning iqtisodiy asoslari aslida ishlab chiqarishga borib taqaladi.
Monopoliyalar vujudga kelishining moddiy asosi ishlab chiqarishning to‘planishi hisoblanadi. Ishlab chiqarishning to‘planishi ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi hamda mahsulot ishlab chiqarish hajmining yirik korxonalarda to‘planishini namoyon etadi.Ishlab chiqarish to‘planishining asosiy sababi bo‘lib olinayotgan foyda hajmining ko‘payishi hisoblanadi. Foydani muntazam ravishda ko‘paytirib borish maqsadida tadbirkor olingan qo‘shimcha mahsulot (foyda)ning bir qismini kapitallashtiradi, ya’ni unga qo‘shimcha ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi sotib oladi. Bu esa ba’zi bir korxonalarning o‘sishi hamda ishlab chiqarish miqyoslarining kengayishiga olib keladi. Shu bilan birga raqobat amaldagi kapitallarning ixtiyoriy yoki majburiy birlashtirish, markazlashtirish tendensiyasini keltirib chiqaradi. Shunday qilib, ishlab chiqarish to‘planishining moddiy asosi bo‘lib kapitalning to‘planishi va markazlashuvi hisoblanadi.