2. Monopoliyaning vujudga kelishi sababi va tavsifiga ko‘ra: tabiiy monopoliya, legal monopoliya, sun’iy monopoliya farqlanadi.
Tabiiy monopoliya tarkibiga kamyob va ishlab chiqarishning erkin tarzda takror hosil qilib bo‘lmaydigan unsurlari (masalan, nodir metallar, foydali qazilmalar va h.k.)ga ega bo‘lgan mulkdorlar va xo‘jalik tashkilotlari kiradi. Shuningdek, mazkur monopoliya tarkibiga o‘ziga xos texnologiyaning qo‘llanishi sababli raqobatni rivojlantirib bo‘lmaydigan ba’zi bir tarmoqlar va ishlab chiqarish turlari ham kiritiladi.
Tabiiy monopoliya – korxonaning texnologik xususiyatlari sababli mahsulotga bo‘lgan talabni qondirish raqobat mavjud bo‘lmagan sharoitda samaraliroq amalga oshiriluvchi tovar bozorining holati. Bunday samaradorlik ishlab chiqarish hajmining ko‘payib borishi bilan tovar birligiga to‘g‘ri keluvchi xarajatlarning sezilarli darajada pasayib borishida namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar iste’molini boshqa turdagi mahsulotlar bilan almashtirib bo‘lmaydi. 2017 yil boshida har biri 10 turdagi mahsulotni ishlab chiqaradigan 151 ta tabiiy monopoliya subyektlari mavjud.1 Legal (qonuniy) monopoliya – bu qonuniy tarzda tashkil etiluvchi monopolistik holat.Ular tarkibiga raqobatdan himoya qiluvchi quyidagi monopoliya shakllarini kiritish mumkin:
patent tizimi – bu ixtirochi va mualliflar tomonidan yaratilgan ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini tasdiqlovchi hamda ularga mutlaq huquqni taqdim etish tizimi. Bu jarayon maxsus guvohnomalar – patentlar orqali amalga oshiriladi;
mualliflik huquqi – ilmiy, badiiy va san’at asarlari, ijro san’ati fonogrammalari, ko‘rsatuvlar, efir to‘lqini yoki kabel orqali tasvir uzatish kabilarni yaratish va ulardan foydalanish munosabatlarini qonuniy tarzda tartibga solish shakli. Mualliflik huquqi faqat mualliflar tomonidan o‘z mahsulotlarini ma’lum vaqtga yoki butunlay sotish, ulardan nusxa olish va ko‘paytirishga ruxsat berish imkonini ta’minlaydi;
tovar belgilari – bu savdo belgilari, nishonlari, maxsus ramzlari, nomi va boshqalarni ro‘yxatga olish, huquqiy jihatdan himoya qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha paydo bo‘lgan munosabatlarni qonuniy tarzda tartibga solish shakli.