Ish davri – ishlab chiqarish vaqtining asosiy tarkibiy qismidir. Bu vaqt davomida mahsulot mehnatning bevosita ta’siri ostida bo‘ladi. Ish davrining uzunligi ishlab chiqariladigan mahsulot xususiyatiga, qo‘llaniladigan mehnatning miqdori va uning unumdorligi darajasiga bog‘liqdir.
Tanaffuslarni tabiiy jarayonlarning mehnat buyumlariga ta’sir ko‘rsatish zarurligi va tashkiliy tavsifdagi sabablar taqozo etadi. Birinchi holda, mehnat buyumlari u yoki bu darajada uzoq davom etadigan jismoniy, kimyoviy va biologik jarayonlarning ta’siri ostida bo‘ladi (quritish, achitish va shunga o‘xshash jarayonlar). Bunda mehnat jarayoni qisman yoki to‘liq to‘xtaydi, ishlab chiqarish jarayoni esa davom etadi. Tashkiliy sabablarga ko‘ra tanaffuslar vaqti korxonalarning ish rejimi bilan, shuningdek, ishlab chiqarishni tashkil qilish xususiyatlari bilan belgilanadi.
Ishlab chiqarish vositalarning zaxira va ehtiyotlar sifatida bo‘lish vaqti – bu ularning ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan davrdir.Tez quritadigan, tez achitadigan, umuman texnologik jarayonlarni tezlashtiradigan yangi texnika va texnologiyalarning qo‘llanilishi tanaffus davrining va binobarin ishlab chiqarish vaqtining qisqarishiga olib keladi.
Transport shoxobchalarini rivojlantirish, xo‘jalik aloqalarining samarali tizimini belgilash, ishlab chiqarish vositalari bozorini shakllantirish, ehtiyojlarni puxta hisobga olish, muomala vaqtini qisqartirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Kapitalning aylanish tezligi ulardan foydalanish samaradorligiga jiddiy ta’sir qiladi. Aylanish tezligi muayyan davr ichida (A) qilingan aylanishlar soni (n) yoki bir aylanishning uzun-qisqaligi (a) bilan belgilanadi: n=A/a; a=A/n.
10.6. Asosiy kapitalni takror ishlab chiqarish va undan foydalanish samaradorligi Kapitalning samaradorlik darajasi turli omillar ta’sirida shakllanadi. Ular orasida asosiy kapitalning tarkibi (tarmoq tarkibi, turlar bo‘yicha tarkibi); asosiy kapitaldan foydalanish va uni taqsimlash samaradorligi; eskirgan mehnat vositalarini yangilari bilan amashtirish yo‘llari va usullari muhim ahamiyatga ega.
Asosiy kapitalning tarmoq tarkibi ularning ayrim tarmoqlar bo‘yicha taqsimlanishi va har bir tarmoqning kapitalning umumiy qiymatidagi hissasi bilan tavsiflanadi. Agar asosiy kapital tarkibida ko‘proq texnika taraqqiyoti va ishlab chiqarish samaradorligini belgilaydigan tarmoqlarning ulushi oshsa, ularning tarmoq tarkibining yaxshilanganligini bildiradi.
Asosiy kapitalning turlari bo‘yicha tarkibi ular har bir turining kapital umumiy qiymatidagi hissasi va nisbati bilan tavsiflanadi.
Asosiy kapitalning ayrim turlari ishlab chiqarishda o‘z ishtiroki bo‘yicha bir xil rol o‘ynamaydi. Agar binolar asosan ishlab chiqarish jarayonining bir me’yorda borishini ta’minlab, mehnatning umumiy sharoitini tashkil qilib, ishlab chiqarish samaradorligiga bilvosita ta’sir ko‘rsatsa, mehnat qurollari (ish mashinalari, uskunalar va boshqalar) ishlab chiqarish jarayonida faol rol o‘ynaydi va ishlab chiqarish samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Asosiy kapitalni takror ishlab chiqarish o‘zaro bog‘langan ikki jarayonga:
asosiy kapitalning eskirishi, ya’ni amortizatsiya jarayoni va amortizatsiya fondidan mehnat vositalarini jismoniy shaklda tiklash uchun foydalanishga tayanadi.
Mehnat vositalari jismoniy eskirishining ikki shakli mavjud:
ulardan bevosita foydalanish natijasidagi jismoniy eskirish;
harakatsiz turish natijasida, tabiiy kuchlarning ta’sirida jismoniy eskirish.
Mehnat vositalari ishlab chiqarish jarayonida foydalanish natijasida jismoniy eskirganda, ular texnik, ishlab chiqarish xossasini va iste’mol qiymatini asta-sekin yo‘qotib boradi. Ayni vaqtda asosiy kapital tabiiy kuchlarning ta’sirida jismoniy eskirishi ham mumkin. Bunday eskirish qiymati qoplanmaydi va u yo‘qotishni bildiradi. Bu yo‘qotish asosiy kapitalning harakatsiz turish natijasidagi eskirishiga teng bo‘ladi.
Mehnat vositalari jismoniy eskirish bilan birga ma’naviy jihatdan ham eskiradi. Ma’naviy eskirishning ham ikki xil turi mavjud bo‘lib, ular bir-biridan farq qiladi. Ma’naviy eskirishning birinchi turi mehnat vositalari tayyorlanadigan tarmoqlarda mehnat unumdorligi oshganligi natijasida ular qiymatining pasayishida ifodalanadi. Bu ishlab turgan uskunalarni yangilari bilan almashtirishni zarur qilib qo‘ymaydi, chunki ishlab turgan va yangi uskunalarning texnika darajasi bir xil bo‘lib qolaveradi. Biroq, ancha past qiymatga ega bo‘lgan mehnat vositalarining keng qo‘llanishi shunga olib keladiki, ilgari sotib olingan mehnat vositalari qiymatining bir qismi yo‘qoladi.
Ma’naviy eskirishning ikkinchi turida ancha mukammal, arzon va unumli mashinalarning ishlab chiqarishga kirib kelishi bilan ilgari o‘rnatilgan mehnat vositalaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘lmay qoladi va natijada ular yangilari bilan almashtiriladi. Ma’naviy eskirishdan ko‘riladigan zararning oldini olishning asosiy yo‘li mehnat qurollaridan ancha samarali foydalanish hisoblanadi.
Asosiy kapitalni takror ishlab chiqarish uchun qilingan xarajatlarning bir qismi amortizatsiya fondi yordamida qoplanadi.
Amortizatsiya asosiy kapital eskirib borishiga qarab, uning qiymatini asta-sekin ishlab chiqarilgan mahsulotga o‘tkazish, asosiy kapitalni keyinchalik qayta tiklash maqsadlarida mahsulotning amortizatsiya miqdoriga teng qismini ajratib borish jarayonidan iborat.
Amortizatsiya ajratmalari belgilangan amortizatsiya normalari (me’yorlari) asosida ajratilib boriladi.
Asosiy kapitalning eskirishi bilan amortizatsiya o‘rtasida mustahkam aloqa bor. Biroq bular bir xil tushunchalar emas. Eskirish mehnat vositalaridan foydalanish vaqtida ularning texnik-ishlab chiqarish xossalarini asta-sekin yo‘qotish jarayonini aks ettiradi. Amortizatsiya ancha murakkab jarayon bo‘lib, iste’mol qilingan mehnat vositalari qiymatini ularning eskirishiga muvofiq ravishda mahsulotga o‘tkazish, iste’mol qilingan mehnat vositalarining o‘rnini qoplash maqsadida pul fondini jamg‘arish jarayonini aks ettiradi. Shunday qilib, eskirish amortizatsiyaning dastlabki shart-sharoitidir.