Asosiy tayanch tushunchalar Yalpi talab – barcha iste’molchilar, ya’ni aholi, korxonalar va davlat tomonidan narxlarning muayyan darajasida turli tovarlar va xizmatlarni sotib olish mumkin bo‘lgan milliy iqtisodiyotdagi real pul daromadlari hajmi.
Yalpi taklif – mamlakatda narxlarning muayyan darajasida ishlab chiqarilgan va sotishga tayyor bo‘lgan barcha tovarlar va xizmatlar hajmi.
Xrapovik samarasi – yalpi talab oshganda narxning o‘rtacha darajasi ko‘tarilishi, lekin talab kamayganda, qisqa davr ichida narx pasayish tamoyiliga ega bo‘lmasligini ifodalovchi ko‘rsatkich.
Takrorlash uchun savol va topshiriqlar Yalpi talab va yalpi taklifni tahlil qilish nima uchun zarur?
Yalpi talab nima? Nima uchun yalpi talab egri chizig‘i o‘zgaradi?
Yalpi talabga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?
Yalpi talab egri chizig‘ining pasayuvchan shaklda bo‘lishiga foiz stavkasi, boylik va import tovarlar xaridi samaralarining ta’sirini tushuntirib bering.
Yalpi taklif nima? Yalpi taklif egri chizig‘idan uchta kesmani tasvirlang va ular nimani ko‘rsatishini tushuntiring?
Yalpi taklifga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?
Hozirgi sharoitda O‘zbekistonda yalpi taklifning o‘zgarishiga ko‘proq qaysi omillar ta’sir ko‘rsatmoqda?
O‘zbekistonda yalpi taklif hajmini oshirishda davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilmoqda?
Huquqiy me’yorlarning o‘zgarishi yalpi taklif hajmiga ta’sir ko‘rsatishi borasida Respublikamiz tajribasidan misollar keltiring.
Nima sababdan xrapovik samarasi ro‘y beradi? Bu samaraning real hayotda amal qilishiga misollar keltiring.
Yalpi talab va yalpi taklif muvozanatining ahamiyati nimada? Bunday muvozanatga erishish yo‘llarini izohlab bering.
16-bob. ISTE’MOL, JAMG‘ARMA VA INVESTITSIYALAR Oldingi boblardan ma’lumki, barcha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida yil davomida yaratilgan mahsulotning yig‘indisi yalpi ichki mahsulot deb ataladi. Shu bilan yalpi ichki mahsulot harakati to‘xtab qolmaydi, balki davom etadi va ayirboshlash, taqsimlash jarayonlaridan o‘tib, undan keyin turli xil talab va extiyojlarni qondirish uchun iste’molga borib tushadi. Taqsimlanish jarayonida eng avvalo, undan (YaIMdan) yil davomida iste’mol qilingan (eyilgan) asosiy vositalar qiymati ya’ni ammortizatsiya fondi ajratib tashlanib sof ichki mahsulot hajmi aniqlanadi. Mana shu sof mahsulotning puldagi ifodasi milliy daromad deb yuritiladi. Shu milliy daromad taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlaridan o‘tgandan keyin iste’mol fondi va jamg‘arma fondlariga ajraladi.
Ushbu bobda milliy daromad tarkibiy qismlari tahlili davom ettirilib, uning iste’molning mazmuni, turlari hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirishga ijtimoiy taraqqiyotni amalga oshirishga ketadigan qismi bo‘lgan jamg‘arishning iqtisodiy mazmuni qarab chiqiladi. Ularning darajasini aniqlovchi asosiy omillar ko‘rsatib beriladi. Undan tashqari investitsiyaning mazmuni manbalari, uning jamg‘arma bilan bog‘liqligi ham yoritiladi.