Yalpi taklif hajmiga ta’sir qiluvchi omillar. Yalpi taklifga narxdan tashqari bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi. Bu omillardan bir yoki bir nechtasining o‘zgarishi yalpi taklifning o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Yalpi taklifning narxdan tashqari bu omillari bitta umumiy xususiyatga ega: agar ular o‘zgarsa, mahsulot birligiga to‘g‘ri keluvchi ishlab chiqarish xarajatlari ham o‘zgaradi. Natijada yalpi taklif egri chizig‘i joyini o‘zgartiradi.
Masalan, resurslar narxining o‘zgarishi. Resurslar narxi tayyor mahsulot narxidan farq qilib, yalpi taklifning muhim omili hisoblanadi. Boshqa sharoitlar o‘zgarmay qolganda resurslar narxining oshishi mahsulot birligiga xarajatlarning ko‘payishiga, binobarin mahsulot taklifining kamayishiga, resurs narxlarining pasayishi esa xarajatlarning kamayishiga, yalpi taklifning oshishiga olib keladi.
Resurslar taklifining miqdor jihatdan ko‘payishi ular narxini pasaytiradi va natijada mahsulot birligiga xarajatlar kamayadi. Mahsulot ishlab chiqarish esa ko‘payadi. Resurslar taklifining kamayishi esa qarama-qarshi natijaga olib keladi.
Yer, ishchi kuchi va kapital resurslari taklifining ko‘payishi ham mahsulot taklifini oshiradi. Undan tashqari sarflanayotgan kapitalning sifat jihatdan takomillashuvi tufayli mehnat unumdorligi oshib sarflarning kamayishiga olib keladi va shu orqali mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan xarajatlarni pasaytiradi va yalpi taklifning oshishiga olib keladi.
15.3. Yalpi talab va yalpi taklif o‘rtasidagi muvozanat va uning o‘zgarishi Yuqorida yalpi talab mamlakat miqyosida iqtisodiyotning hamma
bo‘limlarida va tarkibiy qismlarida yaratilgan turli tovar va xizmatlarni sotib olishga mo‘ljallangan pullar miqdori sifatida, yalpi taklif esa iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va hududlari, korxona va tashkilotlarida sotish uchun ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarning yalpi miqdori sifatida namoyon bo‘lishini aytib o‘tgan edik. Endi shuni ta’kidlash joizki, milliy bozorda, oldi-sotdi jarayonida pul egalari, ya’ni iste’molchilar ixtiyoridagi pullar tovar va xizmatlar egalariga, aksincha, yaratilgan tovar va xizmatlar esa pul egalariga o‘tishi lozim.
Boshqacha aytganda tovarlar dunyosi bilan pul dunyosi o‘rtasidagi harakat qarama-qarshi oqim hosil qiladi. Buning uchun esa pul egalari sotib olmoqchi bo‘lgan tovar va xizmatlar tarkibi, miqdori, sifati hamda narxi bo‘yicha ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlar turi, miqdori, sifati hamda qiymati bilan mos tushishi lozim. Bunday moslikning qanchalik ta’minlanishi turli bozorlar orqali aniqlanadi va tartibga solinadi. Bu moslik darajasi yalpi talab va yalpi taklif o‘rtasidagi muvozanat va uning o‘zgarishi orqali aniqlanadi.
Yalpi talab va yalpi taklif o‘rtasidagi nisbatni quyidagi rasm orqali ifodalash mumkin (15.6-rasm). Albatta, real hayotda bunday to‘liq muvozanatlik sodir bo‘lishi juda qiyin va murakkabdir. Lekin tovar va xizmatlarning u yoki bu turlari, miqdori va sifati bo‘yicha mos kelish hollari uchrab turadi. Yalpi talab bilan yalpi taklifning bir-biriga mosligi iqtisodiy muvozanat deb ham yuritiladi.
Yalpi talab egri chizig‘i va yalpi taklif egri chizig‘i kesishgan nuqta umumiqtisodiy muvozanatni ifodalab, bu holatga narxning muvozanatli darajasi va milliy ishlab chiqarishning muvozanatli real hajmi orqali erishiladi.
Iqtisodiyot doimiy ravishda makroiqtisodiy muvozanat tomon harakat qiladi va ma’lum darajada bu tenglik ta’minlab turiladi. Biroq, yalpi talab va yalpi taklifga ta’sir etuvchi omillarning o‘zgarib turishi natijasida muvozanat buziladi va iqtisodiyot yangi muvozanat tomon harakat qiladi.
Yalpi talab va yalpi taklif muvozanati yalpi taklif egri chizig‘ining qaysi kesmasida ro‘y berishiga qarab o‘ziga xos xususiyat kasb etadi.
Yalpi talab egri chizig‘i yalpi taklif egri chizig‘ini yotiq kesmada kesib o‘tsa, narx darajasi milliy ishlab chiqarish muvozanatli real hajmining shakllanishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Bunda yalpi talab miqdorining o‘sishi milliy ishlab chiqarish real hajmining oshishiga, uning kamayishi esa bu hajmning kamayishiga olib keladi. Biroq, bu o‘zgarishlar iqtisodiyotdagi umumiy narx darajasining o‘zgarishisiz ro‘y beradi (15.7-rasm).
1