Milliy daromadning jamiyat a’zolari moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga sarflanuvchi qismi iste’mol fondi deb ataladi. Iste’mol fondi butun aholining shaxsiy iste’molini, aholiga ijtimoiy xizmat qiladigan muassasalardagi, shuningdek, ilmiy muassasalar va boshqarishdagi barcha sarflarni o‘z ichiga oladi.
Iste’mol fondining shaxsiy daromad shaklida aholi qo‘liga kelib tushadigan qismi iste’mol sarflari maqsadida ishlatiladi. Iste’mol sarflari – bu aholi daromadlarining tirikchilik ne’matlari va xizmatlar uchun ishlatiladigan qismi. Aholi o‘z daromadini sarflar ekan, bugungi (joriy) iste’mol hamda kelgusidagi iste’mol hajmini oshirish o‘rtasida tanlovni amalga oshiradi.
Kelgusida iste’mol hajmini oshirish imkoniyati joriy davrdagi jamg‘armaga ham bog‘liq bo‘ladi. Jamg‘arma – bu aholi, korxona (firma) va davlat joriy daromadlarining kelajakdagi ehtiyojlarini qondirish va daromad olish maqsadlarida to‘planib borishi. Uning shu yildagi hajmi barcha xo‘jaliklar daromadidan iste’mol sarflarini ayirib tashlash yo‘li bilan aniqlanadi. Daromad tarkibida iste’mol sarflari ulushi qanchalik yuqori bo‘lsa, jamg‘arma hajmi shunchalik kam bo‘ladi. Jamg‘armaning o‘sishi esa iqtisodiy ma’noda mablag‘larning iste’mol buyumlari xarid qilishdan investitsion tovarlar xarid qilishga yo‘naltirilishini bildiradi. Shunga ko‘ra, jamg‘arma – bu muddat jihatidan kechiktirilgan iste’molni anglatadi. Shu bilan birga joriy davrda amalga oshirilgan jamg‘arma joriy iste’molning chegirilgan qismidir, chunki jamg‘arma aholi va korxonalar ixtiyoridagi daromadning iste’molga sarflanmagan qismi hisoblanadi:
YCS , bu yerda:
Y – barcha xo‘jaliklar ixtiyoridagi daromad;
C – iste’mol miqdori;
S – jamg‘arma miqdori.
Shu sababli daromad tarkibidagi iste’mol sarflari va jamg‘arma nisbatining o‘zgarishi bir qator, ba’zan qarama-qarshi oqibatlarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, daromadlarning qandaydir qismini jamg‘armaga qo‘yish oqibatida u
tovarlarda bo‘lgan talabda o‘z aksini topmaydi. Jamg‘arma, yuqorida ta’kidlanganidek, daromadlarning ma’lum bir qismini iste’mol qilishdan chegirib qo‘yishni bildirib, natijada iste’mol sarflari hajmi barcha ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarni sotib olish uchun yetarli bo‘lmay qoladi. Aholi daromadining jamg‘arilgan qismi o‘zining xususiy talabini vujudga keltirmaydi. Buning natijasida vaqtincha sotilmay qolgan tovarlarning ko‘payishi, ishlab chiqarishning qisqarishi holati yuz berishi mumkin. Lekin jamg‘arma talabning etishmasligiga olib kelmasligi ham mumkin, chunki jamg‘arilgan mablag‘lar tadbirkorlar tomonidan investitsion maqsadlarda ishlatiladi. Bu jamg‘arma keltirib chiqaradigan iste’mol sarflaridagi har qanday etishmaslikni to‘ldiradi. Ikkinchidan, korxonalar ham o‘zining barcha mahsulotini pirovard
iste’molchilarga sotishni ko‘zda tutmaydi, balki uning bir qismidan o‘z ishlab chiqarishida foydalanishi mumkin. Shunday qilib, agar tadbirkorlar aholining jamg‘armalariga teng miqdordagi mablag‘larni investitsiyalarga qo‘yishni amalga oshirsalar ishlab chiqarishning uzluksizligi ta’minlanib, doimiy bo‘lib qoladi.
Iste’mol va jamg‘arma darajasini aniqlab beruvchi asosiy omil milliy daromadning hajmi va uning o‘zgarishi hisoblanadi. Uning hajmi yalpi ichki mahsulotdan amortizatsiya ajratmalari hamda biznesga egri soliqlarni chegirib tashlash orqali aniqlanishi 14-bobda aytilgan edi. Lekin milliy daromad tarkibida to‘g‘ri soliqlar ham mavjud bo‘ladi. Shu sababli soliqlar to‘langandan keyin korxonalar va aholi qo‘lida qoladigan daromad iste’mol sarflari va jamg‘arma yig‘indisiga teng bo‘ladi. Shaxsiy iste’mol va jamg‘armaning darajasi bevosita soliqlar to‘langandan keyingi qolgan daromad bilan aniqlanadi. Bu daromadni biz tahlil chog‘ida ixtiyoridagi yoki sof daromad deb ataymiz. Demak, bu daromad iste’molning ham, jamg‘armaning ham umumiy omili hisoblanadi. Chunki jamg‘arma daromadning iste’mol qilinmaydigan qismi hisoblansa, soliqlar to‘langandan keyingi daromad shaxsiy jamg‘armani aniqlab beradigan asosiy omil bo‘lib chiqadi. Har yilgi haqiqiy iste’mol miqdori va soliqlar to‘langandan keyingi daromad o‘rtasidagi farq shu yildagi jamg‘arma miqdorini aniqlaydi.