16.2. Jamg‘arishning mohiyati, omillari va samaradorligi Jamg‘arish iqtisodiyotdagi yalpi sarflarning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanib, investitsion tavsifdagi tovarlarga talab darajasini belgilab beradi.
Investitsiyalar jamg‘arishning amalda namoyon bo‘lish shakli bo‘lganligi sababli dastlab, tahlilni jamg‘arishning mohiyati, omillari va samaradorligini nazariy jihatdan asoslash bilan boshlaymiz.
Jamg‘arish – milliy daromadning bir qismining (jamg‘armaning) asosiy va aylanma kapitallarni, shuningdek, ehtiyot zaxiralarini ko‘paytirish uchun sarflanishidir. Bu yerda shuni ta’kidlash joizki, jamg‘arma summasi bilan jamg‘arish (sarflanish) summasi bir-biriga mos kelmasligi mumkin. Chunki jamg‘arilgan summadan aholi uzoq muddatli iste’mol tovarlarini sotib olishga, to‘y-hashamga,
uy qurishga ishlatishi mumkin. Jamg‘arma mablag‘larning to‘planishini bildirsa,jamg‘arish uning sarflanishini bildiradi.
Ishlab chiqarish va noishlab chiqarish maqsadidagi jamg‘arish bir-biridan farqlanadi. Jamg‘arilgan mablag‘larning moddiy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarining asosiy kapitallarini va aylanma mablag‘larini kengaytirishga ketadigan qismi ishlab chiqarish sohasidagi jamg‘arish summasini hosil qiladi. Ishlab chiqarish sohasidagi jamg‘arish iqtisodiy o‘sishning muhim omilidir.
Ijtimoiy-madaniy sohadagi jamg‘arish (noishlab chiqarish jamg‘arishi) uyjoy fondini, kasalxonalar, o‘quv muassasalari, madaniyat, sog‘liqni saqlash, sport muassasalari, ya’ni nomoddiy soha va tarmoqlarni kengaytirish, rekonstruksiyalash, yangilashga sarflanadi. Noishlab chiqarish sohasini kengaytirish ham ishlab chiqarishni rivojlantirishning zarur shartidir.
Jamg‘arish summasi, uning hajmi va tarkibi takror ishlab chiqarish sur’atlarini belgilab beradigan hal qiluvchi omillardir. Jamg‘arish normasibevosita jamg‘arish summasining butun milliy daromad hajmiga nisbati bilan aniqlanadi:
JN (JS /MD)100% , bunda: JN - jamg‘arish normasi;
JS - jamg‘arish summasi; MD - milliy daromad.
Jamg‘arish normasining ham o‘z chegarasi bo‘lib, uni me’yoridan oshirish iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lib chiqishi va salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, uning haddan tashqari ortishi natijasida iste’mol fondining hajmi kamayishi, investitsion sarflar samaradorligi pasayib ketishi mumkin, chunki kapital mablag‘lar hajmi bilan qurilish tashkilotlarining quvvatlari, materiallar va uskunalar yetkazib berish imkoniyatlari, infratuzilmaning rivojlanishi o‘rtasida nomutanosiblik paydo bo‘ladi. Oqibatda iqtisodiy o‘sish pasayib ketish tamoyiliga ega bo‘ladi. Shunday qilib, jamg‘arish hajmi iqtisodiy o‘sish sur’atlari va sifatiga faqat o‘zining miqdori bilangina hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatib qolmaydi. Fan-texnika revolyusiyasi sharoitida ulardan foydalanish samaradorligi birinchi o‘ringa chiqadi. Jamg‘arish hajmi milliy daromadning bir qismini tashkil etadi va shu sababli milliy daromad hajmi ko‘payishini belgilaydigan omillar jamg‘arish miqdorini ham belgilab beradi. Bu omillardan asosiysi qo‘llaniladigan resurslar massasi va ularning unumdorligidir. Jamg‘arish miqdori ishlab chiqarish jarayonida xomashyo, materiallar, energiyani tejab-tergab sarflashga ham bog‘liq. Mahsulot birligiga ularni sarflashni kamaytirish moddiy vositalarning o‘sha miqdorida mahsulotlarni ko‘proq hajmda ishlab chiqarishga imkon beradi.