Moliyaviy munosabatlar – davlat, mintaqalar, tarmoqlar, korxona va tashkilotlar hamda alohida fuqarolar o‘rtasida pul mablag‘lari fondlarining harakati bilan bog‘liq holda vujudga keluvchi iqtisodiy munosabatlar majmui.
Moliya tizimi – moliyaviy munosabatlar va turli darajada ularga xizmat qiluvchi moliyaviy muassasalar majmuasi.
Moliyaviy siyosat – davlatning o‘z vazifalarini amalga oshirish uchun moliyani tashkil etish va foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui.
Fiskal (soliq-budjet) siyosati – davlat tomonidan iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatish maqsadida soliqqa tortish va davlat sarfi tarkibini o‘zgartirish bo‘yicha qo‘llaniluvchi chora-tadbirlar.
Davlat budjeti – davlat daromadlari va xarajatlari hamda ularni moliyaviy ta’minlash manbalarining tartiblashtirilgan rejasi.
Budjet taqchilligi – davlat budjeti xarajatlarining daromadlardan ortiqchaligi.
Davlat ichki qarzi – davlatning mamlakat ichida qimmatli qog‘ozlarini chiqarish, turli nobudjet fondlaridan olgan qarzi.
Davlat krediti – davlat qarz oluvchi yoki kreditor sifatida maydonga tushadigan barcha moliyaviy-iqtisodiy munosabatlar yig‘indisi.
Davlat tashqi qarzi – xorijiy davlatlardan, ulardagi jismoniy va yuridik shaxslardan, shuningdek, xalqaro moliyaviy tashkilotlardan olingan qarz.
Soliqlar – jamiyatda vujudga keltirilgan sof daromadning bir qismini budjetga jalb qilish shakli.
Soliq stavkasi – soliq summasining soliq olinadigan summaga nisbatining foizdagi ifodasi.
Laffer egri chizig‘i – davlat budjeti daromadlari va soliq stavkasi o‘rtasidagi bog‘liqlikning tasvirlanishi.
Takrorlash uchun savol va topshiriqlar Moliyaning iqtisodiy mazmunini tushuntiring va uning iqtisodiy vazifalarini bayon qiling.
Jamiyat va davlat moliya tizimlari asosiy bo‘g‘inlarining tavsifini bering. Moliya tizimida davlat budjetining o‘rni qanday?
Davlat budjeti milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlashda qanday rol o‘ynaydi? Bunda qanday usullardan foydalaniladi?
Budjet taqchilligi nima? Ijobiy va salbiy budjet taqchilligini tushuntiring.
Soliqlarning iqtisodiy mohiyatini tushuntiring va uning turlarini, asosiy vazifalarini ko‘rsating.
Moliyaviy siyosat va fiskal siyosatning umumiy va farqli jihatlarini tavsiflang.
Davlatning ichki va tashqi qarzlari manbalarini izohlab bering.
Soliq yuki nima? Uning iqtisodiyotga ta’sirini ko‘rsatib bering.
Laffer egri chizig‘ining mazmuni nimadan iborat?
Keyingi yillarda O‘zbekistonda budjet va soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni gapirib bering.