Xo‘jaliklararo kredit – bir korxona (muassasa) tomonidan ikkinchisiga beriluvchi kredit. U korxonalarning kapital qurilish, qishloq xo‘jalik sohalaridagi
munosabatlariga, shuningdek, ichki xo‘jalik hisobi bo‘g‘inlari bilan munosabatlariga xizmat qiladi.
Tijorat krediti – korxonalar, birlashmalar va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bir-biriga beradigan krediti.Tijorat krediti, avvalo, to‘lovni kechiktirish yo‘li bilan tovar shaklida beriladi.
Iste’mol krediti – xususiy shaxslarga, birinchi navbatda, uzoq muddat foydalanadigan iste’mol tovarlari (mebel, avtomobil, televizor va boshqalar) sotib olish uchun ma’lum muddatga beriladigan kredit.U chakana savdo
magazinlari orqali tovarlarning haqini kechiktirib to‘lash bilan sotish shaklida yoki iste’mol maqsadlarida bank ssudalari berish shaklida amalga oshiriladi. Iste’mol kreditidan foydalanganlik uchun ancha yuqori foiz undiriladi.
Ipoteka krediti – ko‘chmas mulklar (er, bino) hisobiga uzoq muddatli ssudalar shaklida beriluvchi kredit. Bunday ssudalar berish vositasi, banklar va korxonalar tomonidan chiqariladigan ipoteka obligatsiyalari hisoblanadi.
Davlat krediti – davlat pul mablag‘lari qarzdori, aholi va xususiy biznes esa kreditorlari bo‘lib chiqadigan kredit munosabatlarining o‘ziga xos shakli. Davlat krediti mablag‘lari manbai bo‘lib, davlat qarz obligatsiyalari xizmat qiladi. Davlat kreditning bunday shaklida, avvalo, davlat budjeti kamomadini qoplash uchun foydalanadi.
Xalqaro kredit – ssuda kapitalining xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi harakatini namoyon etuvchi shakli. Xalqaro kredit tovar yoki pul (valyuta) shaklida beriladi. Kreditor va qarz oluvchilar banklar, xususiy firmalar, davlat, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hisoblanadi.
So‘nggi vaqtlarda kreditlashning lizing, faktoring, forfeyting, trast kabi shakllari keng rivojlanib bormoqda.
Lizing – bu kreditning pulsiz shakli bo‘lib, odatda ishlab chiqarish vositalari va boshqa moddiy boyliklarni keyinchalik foydalanuvchilar tomonidan muntazam ravishda haq to‘lab borib, sotib olish sharti bilan uzoq muddatli ijaraga berishdan iborat. Lizing bo‘yicha bitimlar 1 yildan to 10 yilga qadar tuzilishi mumkin. Odatda ishlab chiqarish vositalarini ularning egalari bevosita emas, balki maxsus lizing kompaniyalari orqali ijaraga beradilar.