Seminar mashg‘uloti-II. Xitoy manbalarida Markaziy Osiyo geografiyasi, Syuan Szan sayohati
Budda rohibi Syuan Szyan Xitoydan Hindistonga safar qilishi asnosida yirik karvon sohibi ham bo‘lgan, shuningdek oddiy hassaga suyangan holda sodda ziyoratchi sifatida ham manzildan-manzilga ko‘chishiga to‘g‘ri kelgan. Safar asnosida ko‘plab xavf-xatarlarga duch kelgan, talay sarguzashtlarni boshdan kechirgan, bir necha bor o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan, lekin hatto o‘ta og‘ir lahzalarda ham hushyorlikni qo‘ldan bermagan, yosh butparast sifatida barcha voqealarga faylasufona munosabatda bo‘lgan. Safar davomida barcha mashaqqatlarga tishini- tishiga qo‘yib chidagan, har qancha og‘ir bo‘lmasin, ortga qaytishni xayoliga ham keltirmagan. Shu taxlit minglab farsah masofani bosib o‘tgan. Ayni shu bois Tan sulolasiga mansub xitoy imperatori Tai Tsun sarguzashttalab Syuan Szyanni “saltanat javohiri” deb atagan. Ovrupoda Marko Polo qanchalik mashhur bo‘lsa, Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab yettinchi asrda safar qilgan xitoylik yosh sayyohning ismi sharifi Sharqda shunchalik mashhur bo‘lgan.
Syuan Szyanning “Buyuk Tan sulolasining Xitoydagi hukmronligi davrida G‘arbiy o‘lkalar bo‘ylab sayohat bitiklari” imperator Tai Tsunga bag‘ishlangan. Bu asar dini islom lashkarlari Osiyoni zabt etishi arafasida yozilgan asosiy tarixiy solnoma sifatida qadrlanadi. Unda Buyuk Ipak yo‘lining o‘ziga xosliklari, g‘aroyib tarixiy davr qalamga olingan. O‘sha davrlarda jahongashta sayyohlar ezgulik elchisi, o‘ziga xos tadqiqiqotchi, falsafiy va diniy ta’limotlarning targ‘ibotchisi vazifasini bajargan.
Syuan Szyan Xitoyning Xunan viloyatida 602 yili, ta’lim olish va bilimdonlik an’anaviy tusga ega konfutsiyparast oilada tavallud topgan. Yetti akasining biri budda rohibi bo‘lib, uning ta’siri ostida Szyan sakkiz yoshidan budda bitiklarini o‘rganishga kirishadi.
O‘n ikki yoshidayoq barcha talablarni ado etib, rohib maqomiga erishadi. Ustoziga yagona maqsadi Budda dinining yog‘dusini butun olam bo‘ylab yoyishdan iborat ekanini bayon etish barobarida yoshi bir necha baravar katta nomzodlardan qanchasini ortda qoldirib, erkaklar ibodatxonasi tinglovchiligiga qabul qilinadi.
Syuan Szyan butparastlik ta’limoti, Yirik Doira yohud Maxayana diniy aqidalarini bir necha yil qunt bilan o‘zlashtiradi. “Bodhisatva” donishmandligi – axloqiy barkamollik sirlarini o‘rganadi. Mazkur falsafiy yo‘nalish hamdardlik va mehru shafqat bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, har bir ongli mavjudotga najot yo‘lini ko‘rsatib berardi. U 622 yili to‘la-to‘kis rohiblikka qabul qilinadi. Zamondoshlarining xotiralariga ko‘ra, yosh rohib baland bo‘yli, ochiq chehrali, ko‘zlari yonib turadigan, bir so‘z bilan aytganda, farishtali xushro‘y yigit bo‘lgan. Odmi kiyinib, enli belbog‘ bog‘lab yurgani uchun olimona raftorga ega bo‘lgan. Ovozi ham nafis bo‘lib, betakror joziba bilan yo‘g‘rilgan. Hamisha jiddiy bo‘lib, asl budda rohiblari singari qaddini g‘oz tutib yurgan.
Syuan Szyan budda matnlarini o‘zlashtirish asnosida sanskritdan tarjima qilish jarayonida qator noaniqliklarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida mavhumliklar mavjudligini, shuningdek, qo‘lyozmalarning bir necha sahifalari yo‘qligini payqagan. Shu bois yosh rohib Shimoliy Hindistonga, butparastlik ta’limoti yuzaga kelgan va uning asoschisi yashagan muqaddas joylarni ziyorat etishga ahd qilgan. Safar asnosida asl budda ta’limoti bayon qilingan kitoblarni olib kelishni mo‘ljallaydi.
Mazkur ezgu safarga xufyona, ya’ni yarim kechada otlanadi, chunki imperatorga bu g‘oya yoqmaydi. Qahramonimiz shu tariqa 629 yili Sian viloyatini tark etib, Xitoyning g‘arbiy viloyatlari tomon yo‘lga tushadi. Buyuk Ipak yo‘lining karvon so‘qmoqlari bo‘ylab poyonsiz cho‘l-biyobonlardan o‘tar ekan, yo‘l-yo‘lakay ochlik va tashnalikdan jon taslim qilgan odamlaru jonivorlarning ustunxonlariga duch keladi. Ziyoratchi Xitoy saltanati sarhadlarini bildiruvchi beshta soqchilik minorasi yonidan o‘tib, xitoyliklar “Qum ummoni” deb ataydigan Takla-Makon cho‘lini kesib o‘tadi. Biyobon cho‘l garmseli so‘qmoqni zumda g‘oyib etar, shu bois to‘g‘ri yo‘l topib yurish oson emasdi. U bir necha marta qaroqchilar hujumiga uchraydi, o‘zini yo‘lboshlovchi qilib ko‘rsatgan, aslida qotil kimsa qo‘lida jon taslim qilishiga sal qoladi. Ko‘zasi qo‘lidan tushib ketib sinadi-da, cheksiz sahroda bir tomchi suv topolmay tashnalik azobini tortadi. Vafodor oti sayyoh joniga ora kiradi – aqlli jonivor uni chashma qoshiga eltadi.
Xaritaga, nazar tashlaydigan bo‘lsak, sayohatchi Syuan Szyanni na Gobi sahrosi, na Takla-Makon cho‘llari qo‘rqita olganiga guvoh bo‘lamiz. Himolay tog‘larini oshib o‘tish imkoni bo‘lmagan. Hindistonga eltadigan to‘g‘ri yo‘l yo‘q edi. Shu bois osmono‘par tog‘ cho‘qqilarini shimoli-g‘arbdan, Markaziy Osiyo orqali aylanib o‘tish talab etilardi. Shunga qaramay, ayni yo‘nalishda ham bir necha baland tog‘ dovonlaridan oshishga to‘g‘ri keladi.
Ziyoratchi, nihoyat Tangritog‘ etagidagi Xomi o‘lkasiga yetib keladi. Syuan Szyan ro‘parasida oppoq qor bilan qoplangan yuksak tog‘ cho‘qqilari yuksaladi. Yuksak qoyalardan tushgan tog‘ jilg‘alari bilan obod vohadan o‘tadigan Buyuk Ipak yo‘lining Shimoliy shaxobchasi bo‘ylab sayohatchi rohib Turfon shahriga yetib keladi.
Syuan Szyanning tashrifidan xabar topgan Turfon hukmdori mash’ala bilan peshvoz chiqib kutib oladi. Sayohatchi sharafiga katta hurmat-ehtirom bilan ziyofat uyushtiriladi. Bir necha kun hordiq chiqargandan keyin yirik karvon va soqchilar, muhofaza maktubi va boshqa davlatlarning sultonlariga hadyalaru ehsonlar bilan yana yo‘lga tushadi. Syuan Szyan hamrohlari bilan Turfondan chiqib, Qashqar zamini bo‘ylab Tangritog‘ tizmalariga ro‘para bo‘ladi. Ular Xontangri uzra qor bilan qoplangan dovondan oshadi. Mazkur xatarli sayohat chog‘ida Syuan Szyan hamrohlarining qariyb uchdan bir qismidan ayriladi, o‘nlab otlari nobud bo‘ladi.
Son jihatdan ancha g‘ariblashgan karvon Issiqko‘l bo‘yida chodir tikadi. Syuan Szyan mazkur “iliq ko‘l”ning “suvini rangi ko‘kimtir-qora, ta’mi achqimtil va sho‘rroq” ekanini ta’kidlaydi. G‘arbiy Turk hoqonligining xoni Issiqko‘l sohilidagi qarorgohida qishlab, yozni qadimiy Shoshda o‘tkazishi shohidi bo‘ladi.
Syuan Szyan turk xoqoni bilan 630 yil qish fasli oxirlarida To‘qmoqda uchrashadi. Ovdan qaytgan xoqon sayyohni ehtirom bilan qabul qiladi. “Xon sabzarang zarboft to‘n kiygan, boshiga bog‘langan shoyi dastor peshi orqasiga tashlangan. Atrofida ikki yuztacha a’yonlari bo‘lib, ular ham shohona zarboft to‘n kiygan, ularning boshida ham salla bo‘lgan. Xonning o‘ng va so‘l tomonidagi soqchilar mohirona to‘qilgan movut va mo‘yna kiyimda bo‘lib, tuyalar va otlar uzra qo‘llarida nayzalar va tug‘lar ushlagancha salobat bilan o‘tirishgan. Ularning hisobini bir qarashda chamalash mushkul edi”. Syuan Szyan Turk xoqoni bilan ilk uchrashuvini ana shunday bayon etadi.
Rohib Turfon hukmdorining maktubi va sovg‘alarini xonga hadya qiladi. O‘z navbatida ziyofatga taklif qilinadi. “Xon chodiri ko‘zni qamashtiradigan zarrin matolar bilan bezatilgan. Barcha a’yonlar uzun bo‘yralardan joy olishgan. Ularning egnidagi shoyi kiyimlar ham ko‘zni qamashtirgan. Xonning xos soq-chisi orqasidan joy oldi, u ko‘chmanchilar hukmdori bo‘lsa ham atrofida belgilangan tartib hukm surardi”, deya hayrat bilan bayon etadi rohib sayyoh.
Dasturxonga hil-hil pishgan qo‘y va mol go‘shtlari mo‘l-ko‘l tortiladi. Syuan Szyandan bo‘lak barcha bo‘zayu sharoblarni bearmon ichib, musiqa sadolari ostida niholday tebranib, ayshu ishrat qiladi. Go‘sht yemaydigan rohibni guruch non, qaymoq, qimiz, qandu novvot, asal va kishmish bilan siylaydilar. Turk xoqoni bilan suhbat asnosida Syuan Szyan barcha jonzotlarni e’zozlash zarurligiga urg‘u berib, pirovard-natijada, najot keltiradigan diniy ta’limot haqida so‘zlaydi.
Syuan Szyan bu joydan jangchi hamyurti bilan xonning o‘z vassali – Gand-har hukmdoriga muhofaza maktubi bilan yo‘lga chiqadi. G‘arbiy xoqonlik sultoni esa unga ellik toy shoyi va qizg‘ish-qoramtir atlas to‘n hadya qiladi.
G‘arbiy xoqonlik poytaxti Shosh shahrida qisqa muddat hordiq chiqargach, Syuan Szyan safarining eng g‘arbiy nuqtasiga – mashhur Samarqand zamini tomon yuzlanadi.
“Shimoli-g‘arbda kimsasiz cho‘l bo‘ylab yo‘l yurdik. Na oqar suv, na buloq, na o‘t-o‘lan o‘sadigan dashti biyobon bo‘ylab yo‘l topib yurish azob. Faqat har tomonga sochilgan ustunlarni mo‘ljal qilib arang yo‘l yurdik. Yuzlab chaqirimlik kimsasiz masofani ming azobda bosib o‘tdik”. Syuan Szyan qadimiy Mirzacho‘l bo‘ylab safarini shunday ta’riflaydi.
Jahongashta rohibni qadimiy Samarqand nozu ne’matlar, ulkan qozonlarda qaynayotgan sho‘rvalarning xushbo‘y hidi bilan qarshi oladi. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand shahri bozorlaridan, Syuan Szyanning aytishicha, “ko‘plab mamlakatlardan keltirilgan ashyolarni topsa bo‘ladi, samarqandlik hunarmandlar mahorati esa boshqa mamlakatlardagi kasbdoshlaridan ortiq bo‘lsa ortig‘u aslo kam emas”. Hindistondan kelgan boy karvon Xitoydan kelgan karvon bilan shu shahri azimda uchrashadi.
Syuan Szyan markazi Samarqand bo‘lgan Shimoliy Sharqdagi Chu daryosi vohasidan Janubiy Sharqdagi “Temir darvoza”gacha bepoyon o‘lkani So‘g‘d deb ataydi. Bu davrda so‘g‘d savdogarlari Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab qizg‘in savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. O‘rta Yer dengizi havzasidagi mamlakatlarga, Vizantiyaga, Markaziy Osiyo va Hindistonga Xitoydan shoyi, birinj buyumlar, atir-upa kabi bezak ashyolari, guruch, bo‘yoq ayni shu yo‘l orqali olib o‘tilgan. Bu mamlakatlardan Xitoyga shisha buyumlar, quruq mevalar, sarxil sabzavot va mevalar, paxta, zotli otlar, xilma-xil antiqa ashyolar tashilgan. So‘g‘ddan bo‘rdoqi qo‘chqorlar, ovchi tozilar, qimmatbaho feruza va tog‘ billuri olib borib sotilgan.
Jahongashta rohib Samarqand shahrini, hosildor zaminini, mevali bog‘-rog‘lariyu gulzorlarini hayrat bilan tasvirlaydi. Samanqandliklar mahoratli tujjorlar ekanini ta’kidlaydi. Suvi xushta’m, havosi mo‘‘tadil ekaniga urg‘u beradi. Aholisining mehnatsevarligiyu mardona ekani e’tiborini tortadi. Samarqand hukmdoriga yon-atrofdagi o‘lkalar beklari itoat qilishlarini yozadi.
Budda rohibi bilan suhbatlardan ilhomlangan Samarqand hukmdori 631 yili Xitoyga elchilar jo‘natadi va tez orada ikki mamlakat o‘rtasida diplomatiya va savdo munosabatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Sayyoh Samarqanddan janubga – Shahrisabz sari buriladi. Keyin esa Hisor tog‘lari bo‘ylab “Temir darvoza” nomini olgan dovondan oshib, Darband yaqinidagi daradan chiqadi.
Syuan Szyan Amudaryo bo‘yidagi qadimiy Termiz shahrida ham, albatta, to‘xtab o‘tadi. Mazkur shahardagi butparastlar jamoasi, butxonalaru ibodatxonalar unga manzur bo‘ladi. “G‘arbiy o‘lkalar bo‘ylab sayohat bitiklari”ni o‘rgangan zamonaviy tadqiqotchilar Surxondaryoda qator arxeologik kashfiyotlar qilgan. Ular butparastlik Markaziy Osiyoga Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab kirib kelganini tasdiqlaydi. Jumladan, Ko‘hna Termiz yaqinidagi Qoratepa va Fayoztepada topilgan butxonalar Syuan Szyanning “Bitiklari”da qayd etilgan. Budda, Bodhisatva, Kushon davlati ravnaq topgan davrlarda yashagan shahzodalaru saroy a’yonlarining haykallari jahon madaniyati xazinasini boyitdi. Dalvarzintepa shahristonida 36 kilogrammli oltin xazinasining topilishi ilmiy doiralarida kutilmagan favqulodda voqea bo‘ldi. Dalvarzintepadagi qazilma ishlari o‘zbek va yapon olimlari tomonidan davom ettirilmoqda.
O‘z davrida Iskandar Maqduniyning qarorgohi bo‘lgan Balx shahri ham budda rohibida katta taassurot qoldiradi. Syuan Szyan mazkur sayohati asnosida budparastlik ta’limotini yoyishda savdo aloqalari katta ahamiyatga molik ekaniga ishonch hosil qiladi. Jahongashta savdogarlar yangi e’tiqod targ‘ibotchilari vazifasini o‘tagan.
Syuan Szyan shundan so‘ng Hindikush tog‘lari orqali Bomiyon tomon otlanadi. Tog‘ dovonidan oshishda qor bo‘ronlari safarni yana ham mashaqqatli etadi. Ziyoratchining o‘zi bu borada shunday yozadi: “Bu tog‘ dovoni juda baland, jarlari esa tubsiz, shu bois yo‘l yurish o‘ta xatarli. Shamol va qor bo‘ronlari tinmaydi, yoz faslida ham juda sovuq. Tubsiz jarliklarni qor uyumlari to‘ldirgani bois to‘g‘ri yo‘l topib yurish mushkul. Yo‘ldan adashtiradigan saroblarni aytmaysizmi. Boz ustiga har qadamda kallakesar qaroqchilarga duch kelish mumkin”.
Syuan Szyan karvoni yo‘l mashaqqatlarini mardona yengib, qaroqchilarning hujumlariga chap bergan holda Bomiyonga – Buyuk Budda vodiysidagi voha-shaharga yetib keladi. Yo‘lovchilar ro‘parasidagi adirliklar poyonida yuksak qoyalar qad rostlaydi. Qoyaga o‘yib ishlangan bir juft ulkan Budda haykali ularni hayratga soladi. Mazkur haykallarning yirik o‘lchamlari keyinchalik Xitoy va Yaponiyada shunday mahobatli haykallar yaratishda andoza vazifasini o‘taydi. Bomiyondagi mazkur ulug‘vor haykallar oradan asrlar o‘tib, diniy aqidaparastlar tomonidan “majusiylik asoratlari” sifatida portlatilishi o‘sha paytda budda rohibining hatto xayoliga ham kelmagan.
Syuan Szyan Bomiyonga tashrif buyurganda shahar hokimi unga peshvoz chiqadi va saroyga shaxsan o‘zi boshlab keladi. Rohiblar keyinchalik uni vodiy bo‘ylab sayohatga olib chiqadilar va Syuan Szyan o‘nlab butxonalarni ziyorat qilib, minglab rohiblar bilan uchrashadi.
Jalolobod Budda to‘g‘risidagi afsonalar bilan bog‘liq shaharlardan biri hisoblanadi. Shahar atrofidagi Soyalar g‘orida Budda shaxsan bo‘lgan va uning soyasi saqlanib qolgan, degan rivoyat ta’sirida Syuan Szyan mazkur g‘orni ziyorat qiladi. G‘or yaqiniga yetib kelishganda tish-tirnog‘igacha qurollangan qaroqchilar uning va hamrohi yo‘lini to‘sadi. Qilich yalang‘ochlagan qaroqchilar hamlasidan o‘zini yo‘qotmagan ziyoratchi: “Budda qadamjosini ziyorat qilishga qat’iy ahd qilganman. Shu bois yirtqichlar yo‘limni to‘sganiga ham parvo qilmayman. Sizlar esa qaroqchi bo‘lsangiz ham biz singari insonlarsiz”, deya ularning ko‘ngliga yo‘l topadi. Ziyoratchining jasoratidan hayratlangan qaroqchilar unga yo‘l beradilar.
Syuan Szyan zim-ziyo g‘orga kiradi. Dastlab hech vaqo ko‘rmaydi. Tiz cho‘kib tavallo qilib ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kib, gunohlari uchun tavba-tazarru qiladi, muqaddas bitiklarni o‘qiydi. Nihoyat, g‘or devorida shu’la paydo bo‘ladi. Bu bilan qanoatlanmagan Syuan Szyan yana tiz cho‘kib, tavalloga beriladi.
Daf’atan g‘or ravshanlashadi va devorda Buddaning soyasi jilva qiladi. Arang ko‘zga tashlanadigan ulug‘vor taxt uzra o‘tirgan Budda egnida qizg‘ish-sariq libos bo‘lib, chehrasidan nur taralardi...
Syuan Szyanning ezgu orzusi ushalib, Hindiston zaminiga qadam qo‘yadi. Budda asarlarini o‘rganib, budparast rohiblaru olimlar bilan suhbatlashib, mamlakatning turli chekkalaridan sanskrit qo‘lyozmalarni qidirib, o‘n yil shu diyorda qoladi. Yuzlab butxonalarda bo‘lib, budda bitiklarini to‘playdi. Hindistonda qolishni undan qattiq iltimos qiladilar. Bunga javoban shunday deydi: “Oftob nima uchun jahon bo‘ylab sayru sayohat qiladi? Soya-ko‘lankalarga izn bermaslik uchun!”
Xitoyga qaytish fursati yetganda, Shimoiy Hindiston hukmdori Xarsh rohibga hamroh qilib o‘nlab jangchilar, to‘plagan haykallaru qo‘lyozmalarni eltish uchun otlar beradi. Ziyoratchiga esa fil sovg‘a qiladi. Bunga qadar oddiy rohibga fil sovg‘a qilinmagan edi. Boz ustiga yo‘l xarajatlari uchun uch ming tilla tanga va o‘n ming kumush tanga tortiq qiladi, shuningdek, boshqa mamlakatlar hukmdorlariga muhofaza maktubi ham yozdirib beradi.
G‘arbga yashirin safarga otlangan Syuan Szyan o‘n olti yil o‘tib, Xitoyga qaytadi. Safardan ko‘plab budparastlik qo‘lyozmalari, nodir hujjatlar, safar qaydlari bilan qaytib keladi. “G‘arbiy o‘lkalar bo‘ylab, sayohat bitiklari”ni yaratish ustida esa bir yildan ortiq vaqt ter to‘kadi. So‘g‘d, Farg‘ona vodiysi, Ukshona, Kesh va Tohariston, Hindiston kabi betimsol o‘lkalarning tasviri, mazkur mamlakatlarning betakror tabiati, el-elatlarning urf-odatlari bayoni, savdo va iqtisodiy munosabatlarning sharhlari, diniy-falsafiy mulohazalar mazkur kitobni bebaho tarixiy-abadiy yodgorlikka aylantirgan. Tarixchilarning baholashlaricha, “yalan-g‘och sanalaru hukmdorlarning shunchaki ismi shariflariga va quruq rasmiy ma’lumotlarga Syuan Szyan afsungar qalami bilan mangu hayot baxsh etgan”.
Jahongashta rohib umrining qolgan qismini budda matnlarini xitoy tiliga tarjima qilishga baxsh etdi. Bu borada bironta xitoylik olim unga tenglasha olmaydi. U 664 yil 5 fevralda vafot etadi. Syuan Szyanning ismi sharifi jasoratli sayyoh, nazokatli diplomat, yirik faylasuf va tilshunos olim, ezgu g‘oyaga sadoqatli diniy namoyanda sifatida bashariyat xotirasiga mangu muhrlangan.
Dostları ilə paylaş: |