Markaziy Osiyo g'arbda Kaspiy dengizi, janub va sharqdan Eron Islom Respublikasi, Afg'oniston va Xitoy Xalq Respublikasi, shimoldan 45-32 shimoliy kenglik1 bilan chegaralovchi ulkan hududda joylashgan bo'lib, jami 1 mln. 984 ming kv.km. ni tashkil etadi.
Bu o'lka qadimiy svilizasiya markazlardan biridir va yirik imperiyalar tarkibida jahon siyosiy hamda iqtisodiy tarixida katta o'rin tutgan. Qadimgi G'arb va Sharq o'rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarida muhim vositachilik vazifasini bajargan.
Markaziy Osiyo haqida geografik, jumladan kartografik tasavvurlar tarixi ham ancha qadimgi, aniqrog'i antik davrdan boshlanadi. O'rta Osiyo to'g'risidagi dastlabki kartografik ma'lumotlar antik davrning svilizasiya markazlari bo'lishi Qadimgi Yunoniston va Qadimgi Rimda yozilgan manbalarda uchraydi. Chunki «antik davr mamlakatlari Sharqning ko'plab mamlakatlari bilan ijtimoiy iqtisodiy va madaniy aloqada bo'lganlar, shu tufayli o'z tarixiy geografik va kartografik tasavvurlarini kengaytirganlar va boyitganlar»2.
Gerodot, Strabon, Klavdiy Ptolomey va boshqa antik davr mualliflarining asarlarida O'rta Osiyoning ilk tarixiy kartorgrafiyasiga oid ma'lumotlarni uchratishimiz mumkin.
Gerodot (mil. avv. 484-425 yillar) o'zining «Tarix» asarida Kaspiy dengizdan sharqda bepoyon kengliklar mavjudligi haqida ma'lumot beradi. U Kaspiy (Girkan) dengizini yopiq havza deb, uning ko'lami haqida shunday fikr yuritadi: «Uzunligini eshkakli kemada 15 kunda, kengligini esa hammasi bo'lib, 8 kunda suzib o'tish mumkin». Araks (Amudaryo) haqida ma'lumot berib, Gerodot: «Araks, aytishlaricha, Isterga qaraganda kattaroq va (boshqa daryolarga ko'ra) kichikroq, Lesbos kattaligidagi ko'plab orollarga ega... Araks Matiyonlar yurtidan oqib keladi. Gindis (Hind) daryosi ham o'sha yerdan oqadi»,- deb qayd etgan. R. E. Lensning fikriga ko'ra, Geradot yozgan Araks daryosi Sirdaryo yoki Tajan daryosi bo'lishi kerak. Ammo ko'plab olimlarning fikriga ko'ra, u Amudaryodir. Geradot Amudaryoning bir o'zani (O'zboy) Kaspiyga quyilgan, deb o'ylagan bo'lsa kerak.
Professor A. Sag'dullayev ham «Araks bu Amudaryo, Matiyon tog'lari, Geradotning tushunishicha, Pomir yoki Hindikush tizimlaridir, chunki tarixchining (Geratodning) aytishicha, Matiyon tog'laridan Hind daryosi ham boshlanadi»,-deb yozadi3. Geradot massagetlarning yerlari haqida fikr yuritib, ular «Kaspiy dengizidan sharqda, quyosh chiqish yo'nalishida joylashgan» deb yozadi4. Uning Baqtriya va Xorazm haqidagi ma'lumotlari ham qiziqarlidir» «Osiyoda bir vodiy bor. Uning hamma tomoni tog' bilan o'ralgan. Tog'ni esa beshta dara kesib o'tadi. Bir vaqtlar bu vodiy xorazmliklarga qarashli bo'lib, xorazmliklar, parfiyaliklar, saranglar va tamaneylarning chegaradosh yerlarida joylashgan».
Yuqoridagi ma'lumotlardan kelib chiqib, J. Tomson, V. Fedchinib, V. Dementyev. O. Andyushenkolar Gerodot ma'lumotiga tayanib, kartalar yaratganlar. J. Tomson Kaspiy dengizining kengligini uzaytirib yuborgan. Bu esa Geradot yozganlariga mos tushmaydi. V. Dementyev, O. Andryushenkolar Araks (Amudaryo)ni birmuncha to'g'riroq chizganlar, lekin uning Kaspiyga qo'yiluvchi irmog'i tasvirlanmagan. Shuningdek, baqtriyaliklar yurti ham aks etmagan. V. Fedchina tiklagan kartada Gerodot tilga olgan «botqoqlik va ko'plab» mavjud hududlar tasvirlangan bo'lsa-da, biroq baqtriyaliklar va masasagetlar yerlari chizilgan. Yana bir yunon olimi Gerodotning tarixiy an'analarini davom ettirgan Ktesiy (mil. avv. IV asr) O'rta Osiyoda bo'lmagan bo'lsa-da, lekin bu yerlar haqida bir qadar ma'lumotga ega bo'lgan. Uning qayd etishicha, qariyb barcha xalqlar satrapliklarga bo'lingan bo'lib, faqatgina sak qabilalarigina satrapliklarga kirmagan. Ktesiy davrida shaqdagi yirik va ahamiyatli satrapliklardan biri Baqtriya, So'g'diyona, Hind daryosi yo'nalishidagi hududlarni o'z ichiga olgan edi. Baqtriya yerlaridagi kumush konlari haqida gapirib, Ktesiy bu zaminning chuqur yer qatlamlarida ushbu metallning ko'pligini yozadi.
Ktesiyga ko'ra, sharqda yirik Shimoliy dengiz (Kaspiy dengizi) bo'lib, dengiz bo'yida girkanlar va ularning qo'shnisi darbiklar istiqomat qilganlar. Ulardan ham sharqda esa parfiyalik va barokaniyaliklar xoramney va karmoniylar istiqomat qilishgan. Baqtriya «tekisliklari» ga esa g'arbdan faqatgina kichik tog' yo'li orqali o'tish mumkin bo'lgan. Baqtriya yerlari Tanais daryosidan Hind daryosi bo'ylarigacha bo'lgan yerlarni egallagan. Tanais Baqtriya yerlarini Yevropadan Hind esa Hindistondan ajratib turgan. Ktesiy tasavvuriga ko'ra, Tanais Hind daryosiga qarma-qarshi bo'lib, Poit (Qora) dengizga qo'yilgan. Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, Ktesiyning Tanais deganda ikki daryo-Don va Sirdaryo haqidagi ma'lumotlar bir-biriga ziddir. Ktesiy yozganidek, Baqtriya yerlarini Tanais bo'ylarigacha cho'zilganligini e'tiborga oladigan bo'lsak, u holda Tanais daryosi bu Sirdaryo bo'ladi va bu nisbatan to'g'ri tushuncha. Baqtriya satrapligi Ktesiy davrida ham, Aleksandr Makedonskiy zamonida ham Sirdaryogacha bo'lgan hududlarni qamrab olgan edi.
Markaziy Osiyo haqidagi ma'lumotlar keyinroq Aleksandr Makedonskiy yurishlari (mil.avv. 329-327 yillar) davrida to'plandi. Jumladan, antik davrning yirik geograf olimi Strabon (miloddan avvagi 63-milodiy 28 yillar) 17 ta kitobdan iborat «Geografiya» nomli asarini yaratdi. U «Miloddan avvalgi V asrdan milodiy I asrgacha bo'lgan barcha geograf va tarixchilarning asarlaridan tanqidiy foydalandi»5.
«Geografiya» ning XI kitobida Markaziy Osiyoning Parfiya va Girkaniya kabi o'lkalari, Amudaryo, Sirdaryo haqida ma'lumotlar uchraydi. “Geografiya”ning (8 kitobdan iborat) birinchi kitobi, aniqrog'i uning 24- bobi jahon mamlakatlarini tavsiflashga bag'ishlangan va katta ilmiy qiymatga ega. Shunisi muhimki, asarda shaharlar, mamlakatlar va ularning koordinatalari keltirilgan va unga 27 ta xarita ilova qilingan.
Shuningdek, kitobda Markaziy Osiyoda yashovchi sak, sug'd, skif, massaget qabilalari haqida ham ma'lumot bor6. Yaksart (Sirdaryo), Politimet (Zarafshon), Epard (Murg'ob) daryolari haqida yozilgan; Amudaryo Araks va Oks deb atalgan. Uning suvlari esa botqoqliklarga emas «suvlar mamlakati» ga singadi. «Suvlar mamlakati» Shimoliy dengiz deganda, Strabon Orol dengizini tushungan, Amudaryoning bir o'zani Girkan qo'ltig'iga qo'yilgan, deb o'ylagan
Ptolomeyning (milodiy II asr) “Geografiya”sida Girkaniya, Marg'iyona, Baqtriya, Sug'diyona hamda skiflar mamlakatining geografik holati, Baqtriya va Sug'diyonaning mashhur shaharlari, shuningdek o'sha mamlakatlar va ular bilan tutash o'lkalar va ularning aholisi haqida asl va qimmatli ma'lumotlar keltirilgan7.