Yotiq shkaladagi 1 ta bo‘limining qiymati 0,5 mm bo‘lgan mikrometrlar keng tarqalgan. Mikrometrik vint 1 mm ga siljishi uchun tayoqchadagi doiraviy baraban ikki marta aylanishi kerak. Demak, bunday mikrometrik vint qadami 0,5 mm ga teng. Doiraviy barabanning 50 ta bo‘limli shkalasi bor. Mikrometr aniqligi
0,5mm/50 = 1mm/100=0,01mm ga teng.
Biror jismni o‘lchash uchun uni tayanch va qo‘zg’aluvchan tayoqcha orasiga joylashtirib, moslamani tayoqcha jismga me’yorida tekkunigacha burash kerak. Jism tayanchga va tayoqchaga me’yorida tekkanida moslama o‘ziga xos ovoz chiqaradi. Shundan so‘ng moslamani burash to‘xtatiladi.
Mikrometr bilan doiraviy shkalaning yotiq shkaladagi qancha mm dan o‘tganligini aniqlash va bunga doiraviy shkalaning yotiq o‘qiga mos tushgan bo‘limini 0,01 mm ga ko‘paytirishdan chiqqan natijani qo‘shish kerak. Agar doiraviy shkala yotiq shkalaning biror chizig’ichdan keyingi yuqoridagi chiziqdan ham o‘tgan bo‘lsa, u holda natijaga yana 0,5 mm ni ham qo‘shish kerak.
Mikrometr bilan o‘lchashlarga misollar 1. Jismni o‘lchashda barabandagi doiraviy shkala yotiq chizilgan asosiy shkaladagi 10 mm dan o‘tgan, ammo 11 mm ga etmagan bo‘lsin. Yotiq shkala o‘qiga doiraviy shkalaning 18 chizig’i mos tushgan deylik. U holda jismning uzunligi
10 mm+ 0,01mm • 18 = 10,18mm ga teng bo‘ladi (5-rasm).
2. Baraban shkalasi yotiq shkaladagi 29 mm dan keyingi yuqoridagi chiziqdan ham o‘tgan va yotiq shkala o‘qiga baraban shkalasining 25 bo‘limi mos tushsin. Demak, jismning uzunligi
29 mm + 0,5 mm + 0,01mm • 25 = 29,75 mm ga teng.
Amalda mikrometr vintining qadami 1 mm bo‘lgan mikrometrlar ham uchraydi. Bunday mikrometrlardagi doiraviy baraban shkalasiga 100 ta bo‘lim chizilgan. Bu tipdagi mikrometrlar bilan o‘lchash ham yuqoridagiga o‘xshash bajariladi.