M-xolinergik dori vositalar
Xolinoretseptor deb, mediator atsetilxolin bilan reaktsiyaga kirishadigan postsinaptik pardaga aytiladi. Umuman mediator atsetilxolin ta'sir etadigan, qutblangan postsinaptik parda xolinoretseptor nomi bilan yuritiladi. Atsetilxolin ta'sirida postsinaptik pardaning qutbi o`zgarishi natijasida uning ionlar o`tkazuvchanligi oshadi. Atsetilxolin qo`zg`atuvchi samara ko`rsatadigan a'zolarda (silliq mushaklarning qisqarishi, bezlar sekretsiyasining oshishi va boshqalar) natriy ionlari alohida yo`llar bilan hujayra sitoplazmasiga kirib, xolinoretseptorni depolyarizatsiya (qutbining o`zgarishi) qiladi. Kaliy ionlari esa xujayra ichidan tashqari to`qimaga chiqib, pardani giperpolyarizatsiyalaydi. Bu atsetilxolinning a'zolar faoliyatiga tormozlovchi ta'sirini keltirib chiqaradi. Shuni aytib o`tish zarurki, natriy va kaliy ionlarining xujayradagi va uning tashqarisidagi miqdori turlicha. Masalan, natriy ionining kontsentratsiyasi xujayra tashqarisida 150 mmolga, xujayra ichida esa 13 mmolga teng. Kaliyning miqdori, aksincha, xujayrada 140 mmol, tashqarida esa 2, 5 mmol. Shu sababdan membrana tashqi sathiga yig`ilgan natriy ionlari o`ziga anionlarni tortib, parda ichki sathini manfiy qutblantiradi, tashqi sath esa musbatlangan bo`ladi. Demak, atsetilxolin yoki boshqa moddalar ta'sirida postsinaptik pardaning potentsiali buziladi. Oqibatda qutbi buzilgan va buzilmagan parda qismlari o`rtasida mahalliy biotok hosil bo`ladi. Ushbu tok xujayraning butun sathiga tarqaladi, bunda har xil samaralar- kuzatiladi. Keyin esa harakatga kelgan natriy va kaliy ionlari o`z joylariga qaytib keladi. Bu narsa ATFning energiyasi hisobiga (ATFning bir makroergik bog`lanishi 2-3 natriy ionini xujayradan olib chiqadi) «natriy» va «kaliy nasosi» orqali bajariladi. Shuning bilan xolinoretseptorning tinch holati tiklanadi (repolyarizatsiya).
A'zo va xujayralarning plazmatik pardasidagi xolinoretseptorlarda 3 ta soha (markaz yoki qism) tafovut etiladi. Ulardan biri anion sohasi bo`lib, elektrostatik kuch bilan atsetilxolin molekulasidagi musbat qutblangan azot atomini (boshqa birikmalarni ham) tortadi. Ko`pincha bunday soha aktseptor deb yuritiladi. Xolinoretseptorning ikkinchi qismi esa esterofil markazi deb ataladi. U atsetilxolinning kislotali guruxi bilan elektrostatik va vodorod bog`lanishlarinihosil qiladi. Ushbu ikki markaz orasidagi gidrofob sohalarning kimyoviy moddalarga sezuvchanligi har xil bo`lishini hisobga olgan holda ular akademik S. V. Anichkovning taklifi bo`yicha ikki guruhga bo`linadi:
Muskaringa sezgir-M-xolinoretseptorlar
Nikotinga sezgir-N-xolinoretseptorlar
M-xolinoretseptorlar parasimpatik nervning postganglionar tolalari oxiriga yaqin bo`lgan postsinaptik pardada, N-xolinoretseptorlar esa vegetativ nervlar tugunlari-gangliyda, MNTda va boshqa joylarda joylashgan (harakat nervi oxiri, korotid sinus, buyrak usti bezi mag`iz qismida va boshqalar).
A'zolarda joylashgan M-xolinoretseptorlar tuzilishi va kimyoviy moddalarga sezuvchanligi bo`yicha har xil bo`lishi (M1-M2-M3-xolinoretseptorlar) aniqlangan.
Xolinoretseptorlarning mohiyati shundaki, har xil dori preparatlari tanlab ta'sirlab, ularni qo`zg`atishi yoki to`sishi mumkin. Bunday dorilar bilan kasallik tufayli a'zolarning o`zgargan faoliyatini tiklash yoki kasallikni bartaraf etish mumkin. Shuning uchun ham xolinoretseptorlar to`g`risida tushunchaga ega bo`lish bo`lajak provizorlar uchun zarurdir.
Xolinoretseptorlarga tanlab ta'sir ko`rsatadigan barcha dori vositalari (xolinergik vositalar) farmakologik ta'siriga ko`ra 2 xil bo`ladi: xolinomimetik va xolinolitik vositalar. Xolinomimetiklar xolinoretseptorlarni qo`zg`atadi, xolinolitiklar esa xolinomimetiklarga qarshi o`laroq xolinoretseptorlarni to`sib, impuls o`tishini to`xtatadi.
Bu ikki guruh preparatlari ta'sir etish joyiga qarab bo`linadi:
1. M va N-xolinoretseptorlarga ta'sir etuvchilar
a) M, N-xolinomimetiklar (atsetilxolin, karbaxolin),
b) M, N-xolinoblokatorlar (tsiklodol),
2. Antixolinesteraz vositalar (fizostigmin, galantamin, prozerin, piridostigmin bromid, oksazil, xinotilin, distigmin bromid, aminostigmin, amiridin, takrin, armin, dezoksipeganin gidroxlorid, stafaglabrin sulfat).
M-xolinoretseptorlarga ta'sir etuvchilar
a) M-xolinomimetiklar (pilokarpin, atseklidin),
b) M-xolinoblokatorlar (atropin, skopolamin, gomatropin gidrobromid, platifillin, belladonna preparatlari, bangidevona va mingdevona barglari),
v) sintetik xolinolitiklar (spazmolitin, aprofen, arpenal, metatsin, buskopan, xlorazil, siklozil, fubrometan, tropikamid, siklopentolat, ipratropiya bromid, traventol, pirentsepin).
N-xolinoretseptorlarga ta'sir etuvchilar
a) N-xolinomimetiklar (tsititon, lobelin gidroxlorid),
b) N-xolinoblokatorlar:
ganglioblokatorlar (benzogeksoniy, pentamin, dimekolin, imexin, gigroniy, kvateron, kamfoniy, paxikarpin, pirilen, temexin);
kuraresimon moddalar (miorelaksantlar)-depolyarizatsiya qilmaydigan (tubokurarin xlorid, diplatsin, pipekuroniy bromid, vikuroniy bromid, atrokuriy, terkuroniy, kvalidil, melliktin) va depolyarizatsiyalovchilar (ditilin, dioksoniy).
Dostları ilə paylaş: |