I BOB. Buxgalteriya hisobi schyotlari va ularning umumiy tavsifi
1.1. Buxgalteriya hisobi schyotlari, ularning tuzilishi va turkumlanishi
Korxonalarda ko‘p miqdorda xo‘jalik operatsiyalari sodir bo‘lib, xo‘jalik mablag‘lari doimo harakatda bo‘ladi. Korxonaga rahbarlik qilish uchun xo‘jalik mablag‘larining harakati to‘g‘risida umumlashgan ma'lumotlarni olish talab qilinadi. Bunday ma'lumotlarni balans yordamida olish mumkin emas. Shuning uchun bu maqsadda buxgalteriya hisobining schyotlari qo‘llaniladi.
Buxgalteriya hisobi schyotlari - mol-mulkni uning tarkibi, joylashtirilishi va shakllantirish manbalari hamda operatsiyalar bo‘yicha joriy aks ettirish, guruhlash hamda nazorat qilish usulidir.
Schyotlarning har birida hisobga olinayotgan xo‘jalik mablag‘lari yoki ularning manbalarining boshlang‘ich holati hisobga olinadi, keyingi bo‘ladigan joriy o‘zgarishlar o‘z vaqtida aks ettirib boriladi. Natijada schyotlardan ayrim turdagi aktivlar yoki passivlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni istalgan paytda olish mumkin bo‘ladi.
Tashqi ko‘rinishi bo‘yicha schyotlar ikki ustundan iborat bo‘lgan jadval shaklida bo‘ladi. Schyotning nomi jadvalning yuqori qismida yoziladi. Ushbu jadvalning chap qismi "Debet" (D-t), o‘ng qismi "Kredit" (K-T) deb ataladi.
"Debet" va "Kredit" so‘zlari buxgalteriya hisobiga uning rivojlanish davri boshlanishida kiritilgan bo‘lib, bu so‘zlar XII asrlarda sotuvchi va bankir o‘rtasidagi hisob-kitob hamda kredit munosabatlarini aks ettirgan.
"Debet" so‘zi lotincha bo‘lib "u qarzdor", "Credit" so‘zi esa "ishondi" degan ma'noni bildiradi.
Schyotning tashqi ko‘rinishi. Debet "Schyot nomi yoki raqami" Kredit
Schyotlarda mol-mulk va uning manbasining hisobot davri boshi hamda oxiridagi holati aks ettiriladi. Schyotlarga hisobot davrining boshiga ma'lumotlari buxgalteriya balansining aktiv va passiv qismlari moddalaridan olib yoziladi. Ushbu ma'lumotlar qoldiq yoki saldo deb ataladi. Ayrim hollarda ba'zi bir schyotlarda saldo bo‘lmasligi ham mumkin. Debet va kreditda aktiv yoki passsivlarning tarkibidagi o‘zgarishlar aks ettiriladi. Hisobot davri ichida schyotning debet qismida yozilgan summalar debet oborot, kredit qismiga yozilgan summalarni kredit oborot deb ataladi.
Buxgalteriya hisobi schyotlarini turkumlashdan asosiy maqsad amalga oshirilgan xo‘jalik muomalalarini umumlashtirish, olinadigan ma'lumotlarni soddalashtirishdan iboratdir. Shu bilan birga mablag‘lar harakati yuzasidan nazorat ishlarini to‘g‘ri tashkil qilishni ta'minlashdir.