Davolash. Tireotoksikozli buqoqni davolash zamonaviy endokrinolo-giya va jarrohlikning eng dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi, chunki bu kasallik Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun o‘lka patologiyasi hisoblanadi. Aholiga endokrinologik xizmat ko‘rsatish takomillashishiga, ixtisoslashgan muassasalar sonining ortishiga, maktabgacha bo‘lgan yoshdan boshlab buqoq profilaktikasini joriy qilinishiga qaramay, tireotoksik buqoq bilan xastalangan bemorlar sonining barqarorligi va bugungi kunda ularning ko‘payishi qayd qilinyapti. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda tireotoksik buqoqning, tuzalishi qiyin bo‘lgan, asoratlangan turlari kundan-kunga ortib bormoqda, ularni davolash samarasiz o‘tmoqda. Ko‘pchilik olimlarning fikricha, bu holat urbanizatsiya jarayonlari, ekologiyaning buzilishi, stress va emotsional-psixologik sharoitlarga boy hozirgi zamon ijtimoiy-siyosiy hayotning xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liq. Tireotoksik buqoq bo‘yicha operatsiyalar hozirgi vaqtda yurtimizning ko‘pchilik shifoxonalarida, jumladan viloyat shifoxonalarida ham bajarib kelinmoqda.
Bugungi kunda, diffuz toksik buqoqni davolashning uchta asosiy turi mavjud: dori-darmonlar vositasida muolaja (konservativ davolash), tarkibini yod moddasi tashkil etgan preparatlar bilan davolash va xirurgik operatsiya.
Tireotoksik buqoqni davolashda dori-darmonlar vositasida muolaja operatsiyaga tayyorgarlik jaroyoni yoki kasallikning boshlang‘ich bosqichlarida mustaqil davo sifatida qo‘llaniladi. Uning asosiy tamoillari diffuz turdagi tireotoksik buqoqda deyarli ko‘p farqlanmaydi, lekin kasallikning og‘ir-yengilligiga qarab davolash jaroyoniga zaruriy tuzatishlar kiriti-ladi. Dori-darmonlar vositasida qilinadigan muolajaning asosiy maqsadi – yuqorida keltirilgan nerv sistemasi va asabdagi (albatta vegetativ nerv sistemasidagi buzilishlarni inobatga olgan holda), yurak-qon tomirlar sistemasini izdan chiqishini bartaraf etish, modda almashinuvi jaroyonini va bemor organizmidagi yuzaga chiqqan barcha buzilishlarni izga solish, hamda detoksikatsion muolajadan iborat. Buning uchun asabni tinchlanti-ruvchi va neyroplegik preparatlar (rezerpin, elenium, seduksen, amitriptilin va b.) qo‘llaniladi. Taxikardiya kuchli rivojlanganda, arterial qon bosimini pasaytirish hisobiga, miokard giperfunksiyasini pasaytiruvchi beta-blokatorlar qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Albatta, dori-darmonlar vositasida qilinadigan muolaja, tireotok-sikozning yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi turlari bilan kasallangan bemorlarda o‘tkaziladi, kasallikning og‘ir kechadigan hollarida esa, qilinayotgan muolaja operatsiyani asoratsiz o‘tishiga zaruriy tadbir hisoblanadi. Chunki, bu kasallikda operatsiya jaroyoni davomida yoki undan keyin turli asoratlar (tireotoksik kriz va b.) ning kelib chiqishi, bemor ahvolini og‘irlashtirishi va noxush natijaga olib kelishi mumkin.
Tarkibini yod moddasi tashkil qilgan preparatlar bilan davolash:
1. Yod mikrodozalari, lyugol eritmasi, tarkibida yod moddasi bor preparatlar guruhi namoyondalari bo‘lib, ularni lyuminal, valeryanka bilan birga, barqapop taxikardiya va titroq aritmiyada esa digitalis bilan birga tayinlanadi. Yod moddasi - bemorlarni operatsiyaga tayyorlashda g‘oyat ta'sirchan vosita, biroq kasallik kechishida hamisha ham barqaror va uzoq muddatga yaxshilanishni vujudga keltiravermaydi - ko‘pchilik bemorlarda davomli remissiya davridan keyin ahvol yana yomonlashib, hatto davolashdan oldingi holatdan ham battar bo‘lishi mumkin. Yod tugunli tireotoksik buqoqli bemorlarga esa, deyarli ta'sir qilmaydi. Yodning terapevtik aktivligi, birga qo‘shilib kelgan kasallikni hisobga olgan holda, boshqa vositalarni mohirona qo‘shish yo‘li bilan kuchaytirilishi mumkin.
2. Merkazolil - sintetik tireostatik preparat bo‘lib, yod preparatlari bilan birga sutkasiga 40-60 mg dozada tayinlanadi. Remissiya davri boshlangandan keyin 1 kecha-kunduz davomida 5-10 mg quvvatlab turadigan dozasi buyuriladi.
3. Beta-adrenoblokatorlar - arterial qon bosim, qonning bir daqiqada otilib chiqishining pasayishi hisobiga miokard giperfunksiyasini kamay-tiradi, sinus tuguni ritmini sekinlashtiradi.
4. Yurak glikozidlari - strofantin, korglyukon.
5. Tiouratsil - ko‘pchilik bemorlarda asosiy modda almashinuvni pasay-tiradi, tomir urishini siyraklashtiradi, asab va nerv simptomlarini yengillashtiradi, umumiy kayfiyatni yaxshilaydi, ekzoftalm kamayadi. Meyori 14 kungacha 0,2 dan kuniga 3 marta, bemor ahvoli yaxshilanganda 0,1-0,2 dan kuniga 2 martagacha pasaytiriladi. Davolashni qonni muntazam nazorat qilib turgan holda o‘tkazilishi lozim, chunki preparat suyak ko‘migi va jigarga toksik ta'sir ko‘rsatishi mumkin.
6. Detoksikatsion muolaja va diurezni kuchaytirish. Uning mohiyati infuzion (venaga suyuqliklar quyish) muolajasi (oqsilli va oqsilsiz qon o‘rnini bosuvchilar, gemodez va b.) zamirida siydik haydovchi preparatlar (laziks, furasemid, veroshpiron) qo‘llashdan iborat. Hozirgi davrda detoksikatsiyaning birmuncha ta'sirchan ekstrakorporal usullaridan: gemosorbsiya, plazmoferez, limfoferez, limfosorbsiya va boshqalardan foydalaniladi.
7. Organizm quvvatini oshiradigan muolajalar: gemotransfuziya, plaz-ma va oqsilli, oqsilsiz qon o‘rnini bosuvchi preparatlar, konsentratsiyasi yuqori glyukoza eritmalarini quyish. Anabolik preparatlar, tarkibida temir moddasi bo‘lgan preparatlarni, vitaminlar bu muolajaning tarkibiy qismi hisoblanadi.
8. Fizioterapevtik usullar – elektr moslama yordamida uyqu, galvanik yoqa qo‘yish, giperbarik oksigenatsiya (GBO) va b.
9. Har bir bemor uchun individual dozada radioaktiv yod (J131) ishlatish - qalqonsimon bez follikulyar epiteliy xujayralarini halokatga uchratadi va ularning o‘rnini biriktiruvchi to‘qima bilan to‘ldiradi. Biroq, bu preparat katta dozalarda qabul qilingandan so‘ng o‘lim bilan tugaydigan jadal tireotoksik reaksiya rivojlanishi, davo kor qilmaydigan doimiy og‘ir miksedema paydo bo‘lishi mumkinligini e'tiborga olish lozim. Qalqonsimon bezning xavfli o‘smalari rivojlanishi, jinsiy bezlar faoliyatini o‘zgarishi, ekzoftalmning kuchayishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Tabiiyki, tireotoksikozni davolashning mavjud hamma usullarini sanab chiqish qiyin, keyingi davrda ularning soni ko‘payib yangidan-yangi dorilar topilyapti, davo taktikasining ayrim jihatlari qayta ko‘rib chiqilyapti. Tireotoksikozni davolash vositalari orasida gormonal terapiya-ga, karbonat preparatlari, kardanum va boshqalarni qo‘llanilishiga alohida ahamiyat berilmoqda. Shunga qaramasdan, diffuz toksik buqoqni xirurgik davolash hanuzgacha, radikal usul bo‘lib qolayapti. Tireotoksikozning tugun-li yoki aralash turlarida esa, albatta operatsiya usulini qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi, chunki mualliflar ko‘rsatishicha tugunli va aralash buqoq-larning 25% ga yaqinida malignizatsiya bo‘lish ehtimoli bordir.
Tireotoksik buqoqda jarrohlik usullarini qo‘llash texnikasi hozirgi vaqtda birmuncha takomillashgan. Biroq, qalqonsimon bezda qilinadigan operatsiya usullari bilan bog‘liq hamma masalalar uzil-kesil hal etilgan deb bo‘lmaydi, chunki operatsiya vaqtida ham, operatsiyadan keyingi davrda ham og‘ir asoratlar hanuzgacha yuz berib turadi.
Operatsiyaga ko‘rsatmalar va monelik qiladigan hollar. Diffuz toksik buqoqni konservativ davolash jarayonida remissiyalar va bemor ahvolining vaqtincha yaxshilanish davridan aldanish yaramaydi, chunki ular aksariyat muolaja natijasida yuz beradi va undan keyin tezda o‘tib ketadi. Kasallik muddatlari va og‘irligi oshgan sayin, ayniqsa davomli va kam ta'sirchan davolashda operatsiya xavfining kuchayib borishini unutmaslik kerak.
Xirurgik davolashga ko‘rsatmalar: III daraja va undan yuqori kattalik-dagi diffuz buqoq, traxeyaning ezilishi yoki siqilishi holatlari, tugunli va aralash buqoqlar, yod moddasi bo‘lgan preparatlarga allergiya, kasallikka va yurak - qon tomirlar tomonidan bo‘lgan o‘zgarishlarga muolajaning ta'sir-sizligi. Bemorning yoshi (keksa, yosh bola) qalqonsimon bezda operatsiya o‘tkazishga monelik qiladigan hol hisoblanmaydi, biroq bu yoshlarda operatsiya turini tanlashga birmuncha ehtiyotlik bilan yondoshish lozim.
Tireotoksikozning yengil turlarida, qo‘shilib kelgan (yondosh) kasallik o‘ta og‘ir bo‘lgan vaqtda, keksa bemorlarda jigar, buyrak, yurak-qon tomir sistemasining qaytmas o‘zgarishlari bo‘lsa, ruhiy kasallarda, diabetning og‘ir turida - operatsiyadan voz kechish lozim bo‘ladi. Homiladorlikning birinchi oylarida tireotoksikoz klinikasi orta borganda esa, xomilani bartaraf etib, so‘ngra muolaja qilish, u ham naf bermaganda operativ davolash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tireotoksikozning og‘ir turlarida, bemorlarni operatsiyadan oldin tayyorlashni endokrinologiya bo‘limida vrach-endokrinolog, jarroh va anesteziolog bilan hamkorlikda o‘tkazilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |