O‘tkir tromboflebit va flebotromboz
O‘tkir tromboflebit va flebotromboz bir-biridan farq kiladi. Flebotrombozda tromb venaning sog‘lom uchastkasida hosil bo‘ladi, so‘ngra vena devorining yallig‘lanish reaksiyasi ko‘shiladi. Tromboflebitda tromb yallig‘lanib, o‘zgargan vena devorida rivojlanadi.
O‘tkir tromboflebit deganda vena devorining bo‘shlig‘ida tromb hosil bo‘lishi bilan o‘tadigan yallig‘lanish tushuniladi. Kasallik rivojlanishida infeksiya, travmatik shikastlar, xavfli o‘smalarning ahamiyati muhim. Aksariyat tromboflebit varikoz kasallik kechishini og‘irlashtiradi.
Tromb hosil bo‘lishi patogenezida venoz devor strukturasining buzilishi, qon oqimi pasayishi, qon ivish xususiyatining oshishi ahamiyatli. Chuqur va yuzaki venalarning tromboflebiti farq qilinadi.
Yuzaki venalarning o‘tkir tromboflebiti tromb bo‘lgan vena yo‘li bo‘ylab og‘riq, bu og‘riqning harakat va jismoniy ish vaqtida kuchayishi bilan yuzaga chiqadi. yallig‘lanishning hamma belgilari aniqlanadi.
Tromb sohasi ko‘zdan kechirilganda teri qoplamlarining giperemiyasi va shishi qayd qilinadi, paypaslab ko‘rilganda vena yo‘li bo‘ylab shnursimon og‘riqli zichlashma aniqlanadi, odatda u atrof to‘qimalardan aniq chegaralanib turadi. Yallig‘li infiltrat atrofdagi to‘qimalarga va teriga kamroq tarqaladi. Oyoqning zararlangan bo‘limi hajmi o‘zgarmaydi yoki 1-2 sm ga kattalashadi. Mahalliy va umumiy harorat ko‘tariladi. Bemorlarning umumiy holati kam o‘zgaradi, tana harorati subfebril bo‘ladi. Ba'zan tromb yiringli parchalanib, septik holat vujudga keladi.
Kasallik kechishi og‘irlashganda katta teri osti vena sistemasi bo‘yicha yuqoriga ko‘tariladigan tromb rivojlanishi va jarayon yuzaki son-son venasi orqali yuqoriga ko‘tarilganda, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi xavfi vujudga keladi (1-3%).
Davolash. Agar jarayon boldir chegaralaridan tashqariga chiqmasa, bemorlarni ambulatoriya sharoitida konservativ davolasa bo‘ladi. Jarayon songa tarqalganda bemorlar shifoxonaga yotqiziladi. Medikamentoz davolash kompleksiga bevosita va bilvosita antikoagulyantlar, qon hossalarini, mikrosirkulyasiyani yaxshilaydigan preparatlar (aspirin, trental, venoruton, indometasin, traksivazin, flebodia), yallig‘lanishga qarshi (reopirin, nimesil, dikloberl), desensibilizasiya qiladigan (dimedrol, suprastin, tavegil va b.) dorilar kiradi. Surtmali bog‘lamlar (geparin, traksivazin, lioton surtmalari) mag‘alliy qo‘llaniladi. Oyoqni elastik bintlar bilan bintlanadi, yurish tartibga solinadi.
Jaroyon songa tarqalganda o‘rinda yotish, oyoqni Beller shinasida baland vaziyatda qo‘yish lozim bo‘ladi. Son venasining yuqoriga ko‘tariladigan trombozining oldini olish uchun Troyanov – Trendelenburg (krossektomiya) usulida shoshilinch operasiya qilinishi kerak. Agar bemorning ahvoli yo‘l qo‘ysa, tromblangan yuzaki venalarni teri uchastkalari va infiltratlangan teri osti kletchatkasi bilan kesiladi (Madelung operasiyasi).
Oyoq chuqur venalarining o‘tkir tromboflebitlari va trombozlari tomirlar o‘tkir okklyuziyasining eng ko‘p joylashadigan sohasidir. Ular suyak singandan, operasiyadan keyin, yurak-tomir patologiyasi bo‘lgan bemorlarda, qandli diabeti bilan kasallangan keksalarda va onkologik bemorlarda rivojlanishi mumkin. Venalar trombozi ular o‘smalardan, kattalashgan bachadon bilan bosilganda, mushak taranglashtirilganda yuz berishi mumkin. Chap yonbosh venasi trombozida uning ung yonbosh arteriyasi bilan ezilishi ahamiyatga ega.
Klinikasi trombning joylashgan joyiga ko‘ra turli-tuman bo‘ladi. Agar jarayon boldirning hamma venalarida joylashmagan bo‘lsa, klinikasi o‘zgargan bo‘ladi. Boldir mushaklarida xarakat qilganda kuchayadigan og‘riq, boldirning pastki uchdan bir qismida shish, harorat ko‘tarilishi qayd qilinadi. Oyoq panjasi bukilganda boldirda og‘riq paydo bo‘ladi (Xomans simptomi). Boldirning o‘rta uchdan bir kismi Riva - Rochchi apparati manjetkasi bilan kompressiya qilinganda xuddi shunday og‘riq paydo bo‘ladi (Lavenberg simptomi).
Boldirning har uchala chuqur venalari zararlanganda keskin og‘riq, boldirda taranglashish sezgisi va shish, aksariyat teri sianozi paydo bo‘ladi, tana harorati ko‘tariladi.
Son venasi zararlanganda sonda shish paydo bo‘ladi. Tromblangan vena yo‘li bo‘ylab paypaslash og‘riq beradi.
Son va taqim venalarining birgalikdagi trombozida boldir va son sohasida shish, og‘riq, xarakat cheklanganligi paydo bo‘ladi.
Jarayonning son venasidan proksimal yuqoriroqqa tarqalishi zararlangan oyoq hajmining ortishi, og‘riq kuchayishi, teri qoplamlari sianozi bilan o‘tadi.
Ileofemoral trombozda dastlabki kunlar mobaynida oyoqda oyoq panjasidan to chov burmasigacha, ba'zan esa dumba sohasigacha tarqaladigan sianoz va shish orta boradi. Kasallikning 2-3-kuniga kelib shish qattiq bo‘lib qoladi, sezuvchanligi pasayadi. Psevdoembolik yoki og‘riqli oq flegmaziya (bu arteriyalar spazmi bilan birga kechadi), hamda ko‘k flegmaziya (yuzaki venalar tromboflebiti bilan birga kechadi) farq qilinadi.
Oq flegmaziyada oyoqda to‘satdan pulsasiya qiladigan og‘riq, uning muzday bo‘lishi va uvishishi, sezuvchanligi kamayishi, tarang tortishi kuzatiladi. Teri qoplamlari rangpar bo‘ladi. Ko‘k flegmaziyada oyoqda shish va sianoz anchagina bo‘ladi, u oyoqni baland vaziyatda qo‘yilganda ham kamaymaydi. Periferik tomirlar pulsasiyasi yo‘qoladi. Flegmaziyaning ikkala turi ba'zan venoz gangrena rivojlanishiga olib keladi.
Oyoq venalari o‘tkir trombozining diagnostikasi kasallikning klinik manzarasi ma'lumotlariga, ultratovush dopplerografiyasi, ultratovush angioskanerlash va flebografiyaga asoslanadi, bunda to‘lish nuqsoni borligi yoki magistral venalar “amputasiyasi”, distal venalar kengayishi aniqlanadi.
Davolash kompleks olib borilishi kerak. Operasiya o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi yoki venoz gangrena xavfi bo‘lganda hayotiy ko‘rsatmalar bo‘yicha qilinadi. Tromboz joylashuvi va uning tarqalishiga ko‘ra quyidagi operasiyalar bajariladi:
1) son venasini distal bog‘lash (boldir venalarining alohida trombo-zida);
2) son-taqim segmentidan tromboektomiya yoki son venasini boglash (son-taqim segmentining birlamchi chegaralangan trombozida);
3) yonbosh venadan tromboektomiya, aloxida zararlangan holatda;
4) pastki kovak vena plikasiyasi, uning bo‘shlig‘ida tor kanallar hosil qilish.
5) endovaskulyar jarrohlikni rivojlanishi bilan yonbosh venalarida va pastki kavak venasi trombozida, ayniqsa bu venalar flotasiyalanuvchi trombozida o‘pka arteriyasi tromboemboliyasini oldini olish maqsadida pastki kavak venalariga kavafiltr (zontiksimon, qum soatiga o‘xshash va b.) o‘rnatish samarali foyda beradi va kam invazivli muolaja hisoblanadi.
Dori-darmonlar bilan davolash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) bevosita va bilvosita ta'siri bo‘lgan antikoagulyantlarni (geparin, fraksiparin, kleksan, fragmin) qon ivish vaqti va protrombin indeksini nazorat qilgan holda qo‘llash;
2) kasallikning boshida o‘rindan turmay oyoq holatini baland qilib yotish;
3) surtmali bog‘lamlarni mahalliy qo‘llanish (geparinli, troksivazin, lioton surtmalari);
4) trombolitik preparatlarni qo‘llash (fibrinolizin, streptokinaza, urokinaza);
5) dezagregasion ta'siri bor preparatlar (trental, kurantil, reopoliglyukin);
6) yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiradigan preparatlar (aspirin, nimesil, reopirin, dikloberl);
7) fleboprotektorlar (troksivazin, detraleks, venoruton, flebodia).
7) antibakterial davolash;
8) simptomatik davolash.
Dostları ilə paylaş: |