§ 3. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sahnalashtirish faoliyatining maqsadi va vazifalari.
O’zbekiston Respublikasida kechayotgan keng ko’lamli ijtimoiy-ma’naviy islohotlar, fan-texnika va ishlab chiqarish keskin rivojlanib borayotganligi – jamiyat talablariga javob bera oluvchi shaxsni tarbiyalash masalasini kun tartibiga ko’ndalang qo’ymoqda. Darhaqiqat, kelajak poydevori bo’lgan, har jihatdan mas’uliyatli, ma’naviy yetuk, axloqan pok, bir so’z bilan aytganda jamiyat taraqqiyoti uchun munosib hissa qo’sha oladigan yoshlarni tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limning boshlangich qismi hisoblanadi. Maktabgacha ta’lim tizimi uygun rivojlangan shaxsni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega, chunki maktabgacha yoshdagi bolaga singdirilgan bilim va qadriyatlar uning kelgusidagi butun hayotini belgilab beradi. Shu o’rinda Prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning so’zlarini aytib o’tish joiz. “Biz qaysi sohani olmaylik zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan biron-bir o’zgarishga, farovon hayotga erisholmaymiz. Bunday kadrlarni, millatimizning soglom genofondini tayyorlash, avvalo maktabgacha ta’lim tizimidan boshlanadi”. Shuni hisobga olgan holda o’tgan davrda O’zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim-tizimini rivojlantirish va samarali faoliyat ko’rsatishiga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, O’zbekiston Respublikasi prezidentining qarorlari va farmonlari qabul qilindi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga beriladigan ta’lim-tarbiya ishlarini sifatli olib borish, bolalar ijodiga rahbarlik qilish, uni to’gri tashkil qilish uchun malakali pedagog kadrlarni tayyorlash ehtiyoji tug’ildi. Bu OTMda “Maktabgacha ta’lim” yo’nalishlarini ochilishiga sabab bo’ldi. “Bolalarni sahnalashtirish va ijodiy faoliyatga o’rgatish” fani dasturga kiritildi.
“Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’grisida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-sentabrdagi qarorida milliy-madaniy, tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o’qishga qiziqishni uyg’otuvchi o’quv metodik, didaktik materiallar va badiiy adabiyotlarni tayyorlash hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatiga joriy etish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari belgilab berildi6.