TUPROQ ERITMASI VA TUPROQDAGI OKSIDLANISH VA QAYTARILISH JARAYONLARI.
TUPROQ ERITMASINING VUJUDGA KELISHI. Tuproqning suyuq
fazasi yoki tuproq eritmasi - tuproqning eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Tuproqqa kelib tushadigan yomg‘ir suvlari tarkibida doim ma‘lum miqdorda erigan moddalar, atmosfera gazlari (O2 , CO2, N2, NH3 va boshqalar) shuningdek havo changlaridagi turli birikmalar saqlangan bo‘ladi. Tuproqning qattiq fazasi bilan o‘zaro ta‘sirda bo‘lgan bu suvlar, tuproq tarkibidagi moddalarni eritadi. Shuning uchun ham tuproq namligining kimyoviy tarkibi juda murakkab va o‘zgaruvchandir.
Demak, tuproq eritmasi o‘zining tarkibida erigan tuzlar, organik-mineral, organik birikmalar va turli gazlar saqlovchi hamda eng nozik kolloid zollari aralashgan tuproq suvi hisoblanadi. V.I.Vernadskiy tuproq eritmasini tabiiy suvlarning eng muhim kategoriyasi jumlasiga kiritib, "hayotning asosiy substrati", "biosfera mexanizmining muhim elementi" deb ta‘kidlaydi. Tuproq eritmasi tuproq paydo bo‘lish jarayonlarida va unumdorligida nihoyatda katta ahamiyatga ega. Tuproq eritmasi tuproqdagi mineral va organik moddalarning o‘zgarish (parchalanish va sintezlanish) jarayonlarida qatnashadi, uning ta‘sirida tuproq profilida turli moddalarning to‘planishi yuzaga keladi. O‘simliklar va mikroorganizmlar oziqlanishining asosiy manbai hisoblanadi. Shuning uchun ham tuproq eritmasining tarkibi, xossalari va dinamikasini o‘rganish muhim vazifalardan biridir. Kimyoviy va mustahkam birikkan suvlar (gigroskopik va qisman maksimal gigroskopik suv) tuproq suvining moddalarni eritmaydigan qismini tashkil etadi. Shuning uchun ham bu namlik turlari tuproq eritmasi jumlasiga kirmaydi. Shuningdek, gravitasion suvlar ham tuproq profilidagi kovakliklardan tezgina oqib, singib o‘tib ketganligi sababli tuproqlarga xos bo‘lgan eritmaga o‘tishga ulgurmaydi. Shunday qilib, tuproq eritmasi kapillyar suvlar, bo‘sh va nisbatan mustahkam birikkan tuproq suvlarining barcha kategoriyalarini o‘z ichiga oladi.
Dostları ilə paylaş: |