Tuproqning fizik-mexanik xossalari Tuproqning fizik-mexanik xossalari qatoriga uning donadorligi, g‘ovakliligi, o‘zida nam va suvni tutish xususiyati, kapillyarliligi, namligi, suv o‘tkazuvchanligi kabilar kiradi va ular tuproqning boshqa xossalarini belgilab beradi. Bu xususiyatlar esa turli xildagi ob’yektlar, chunonchi turar-joy binolari, davolash-profilaktika muassasalari, maktabgacha va maktab muassasalari, korxonalarni qurish uchun er-joy tanlash, aholi yashash joylarini chiqindilardan tozalash va obodonlashtirish ishlarida ahamiyatga egadir.
Yirik donador tuproq yuqori g‘ovakli bo‘ladi, shuning uchun bunday tuproqda aeratsiya jarayoni juda yaxshi ketadi, natijada bunday tuproq muhiti tez quriydi, tuproqqa tushgan organik va anorganik iflosliklarning o‘z-o‘zidan tozalanish jarayoni jadallikda boradi. Kichik zarrachali tuproqda esa yuqoridagilarning aksi bo‘lib, bunday tuproq muhiti o‘zida namni ko‘p va uzoq muddatlarda ushlaydi, o‘zidan suvni kam va juda sekin o‘tkazadi, yuqori kapillyarlilikka ega, shuning uchun gigienik nuqtai-nazardan bunday tuproq nomuvofiq hisoblanadi. Bunday tuproqli joylarga turar-joy va jamoat hamda ma’muriy binolar qurilgan bo‘lsa, binolarning erto‘lalari va birinchi qavatdagi xonalar doim zax va namligi yuqori bo‘ladi, natijada xonalarning mikroiqlim sharoitlari gigiyenik talablarga javob bermaydi, yashash sharoitlari keskin yomonlashadi. Bunday tuproqli sharoitda o‘z-o‘zidan tozalanish jarayoni juda yomon va sekinlik bilan boradi.
10.2. Tuproqning epidemiologik ahamiyati. Tuproqning o‘z-o‘zidan tozalanishi. Tuproq muhitida doimo turli xildagi mikroorganizmlarning bo‘lishi tabiiy bir holdir. Ifloslanmagan tuproq tarkibida asosan saprofit mikroorganizmlar bo‘lib, ular organik va anorganik birikmalarning parchalanishida ishtirok etadi. Biroq tuproq muhiti insonlarning chiqindilari - najas, peshob, xo‘jalikda hosil bo‘ladigan qattiq va suyuq chiqindilar, uy hayvonlarning axlatlari kabilar bilan ifloslanishi mumkin. Natijada bunday tuproq tarkibida patogen mikroorganizmlar paydo bo‘ladi, inson organizmi uchun xavf-xatar tug‘dirishi mumkin.
Qoida bo‘yicha patogen mikroorganizmlar tuproqning yuza qismida hayot kechiradi (1-10 sm). Bunday kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar tuproq muhitida ancha uzoq muddatlargacha hayot kechirishi va o‘zining virulentligini saqlab qolishi mumkin. Tuproq tarkibida bo‘ladigan patogen mikroblar suv bilan yuvilib, suv havzalarini ifloslaydi, ifloslangan tuproqli sharoitda etishtirilgan sabzovot va mevalararni ifloslaydi va natijada odam organizmiga tushib, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Tuproq muhiti turli kasalliklarning tarqalishida insonlarning u bilan bevosita aloqasi yoki bilvosita aloqalarning tutgan o‘rni ham kattadir. Bundan tashqari, tuproq muhiti turli gelmentlar va ularning tuxumlari bilan ifloslanishi mumkin, shu bilan bir qatorda ayrim turdagi gelmentlar o‘zlarining yashash va rivojlanish bosqichlarini tuproq muhitida o‘tkazadi. Gelment tuxumlari tuproq tarkibida juda uzoq muddatlargacha saqlanishi va o‘rtacha 14 oygacha o‘zlarining invazion xususiyatlarini saqlashlari mumkin. Bunday sharoitda shu tuproqda etishtirilgan sabzavot va mevalar yuvilmay iste’mol qilinganda, yoki shunday ifloslangan tuproqli joylarda bolalarning o‘ynashi orqali ular odam organizmiga o‘tadi, natijada gelmentoz kasalliklarini ko‘payishiga sababchi bo‘ladi.
Ifloslangan tuproq muhiti infeksiyalar va invaziyalarning uzatilishida muhim omil bo‘lib qoladi. Tuproqning kimyoviy moddalar bilan ifloslanishi geokimyoviy epidemiyalarning kelib chiqishini belgilab berishi ham mumkin. SHuning uchun aholi yashash joylarini turli xildagi chiqindilar va iflosliklardan muntazam tozalab turilishiga ehtiyoj tug‘iladi va tuproq muhitining ifloslanishining oldini olishga doir tadbirlarning ishlab chiqilishini talab etadi (SanQ va M №0272-09 “O‘zbekiston sharoitida tuproqni ifloslanishdan muhofaza qilish sxemalarini gigienik asoslashni tuzish bo‘yicha Sanitariya qoida va me’yorlari” ).