11-AMALIY MASHG\'ULOT. TUPROQNING BEGONA O‘TLAR URUG‘I BILAN IFLOSLANGANLIGINI HISOBGA OLISH
Ishni bajarish tartibi. Begona o‘tlar urug‘i bilan ifloslanganlikni aniqlash uchunda qaysi uslubdan foydalanishdan qat’iy nazar ish asosan 3 bosqichda amalga oshiriladi:
-tuproq namunasini olish;
-olingan namunani suvda yuvib, uning tarkibidagi har xil fraksiyalarni chiqarib tashlash;
-namuna fraksiyasidan begona o‘tlar urug‘ini ajratish.
Tahlil qilinadigan dalaning diagonali bo‘ylab 6-8 nuqtasidan teng oraliqda tuproq namunasi Shevelev yoki Kalent’yev burg‘usi bilan olinadi. Asosan, Kalentev burg‘usi ishlatiladi. Bu burg‘u 20 sm chuqurlikdan namuna olishga imkon beradi.
Tekshiriladigan tuproq namunasi 4 sm oralatib olinadi (1-4, 4-8, 8-12, 12-16, 16-20 sm). Lekin tekshirish ishlarini birmuncha yengillashtirish maqsadida tuproqning 0-10, 10-20 sm va hokazo qatlamlaridan namunalar olinadi.
Mazkur burg‘udan ko‘pincha haydalma qatlam chuqurligi 20-22 sm bo‘lgan lalmikor dehqonchilik sharoitida foydalanish mumkin. Haydash chuqurligi 25-30 sm bo‘lgan sug‘oriladigan dehqonchilik sharoitida bu maqsad uchun chuqurroq kovlaydigan, bo‘laklarga bo‘lingan oddiy tuproq burg‘usidan foydalanish mumkin.
Agar burg‘u bo‘lmasa, tuproq namunasi qatlamlar bo‘ylab, haydalma qatlam chuqurligida tuproq kesmasidan olinadi. Bunda namuna olinayotgan maydon o‘lchanadi.
Daladan olingan namuna ochiq havoda quritiladi. So‘ngra u 0,25 mm teshikli elaklarda yuviladi. Elakda ushlanib qolgan urug‘lar va tuproqning yirik zarrachalari rux xloridning (ZnCl2) 70%li to‘yingan og‘ir eritmasiga, potashning 55%li eritmasiga yoki osh tuzi eritmasiga solinadi. Bunda urug‘lar yuqoriga ko‘tarilib, tuproq agregatlari uning tagiga cho‘kadi. Ajratib olingan urug‘lar quritiladi, taxtacha ustiga yoyib, tur tarkibiga qarab ajratiladi. So‘ngra turi bo‘yicha soni hisoblab chiqiladi hamda begona o‘tlar kolleksiyasi bilan solishtirib aniqlanadi.
Begona o‘tlarning urug‘i xilma-xil bo‘lib, mazkur usulni 0,25 mm dan mayda urug‘lar, masalan, kungaboqar shumg‘iyasi (Orobanche cumana) urug‘ini aniqlashda qo‘llab bo‘lmaydi. Shuning uchun dalalar 0,25 mm dan mayda urug‘lar bilan ifloslanganligini aniqlash uchun maxsus tahlil qilinadi.
Buning uchun tuproq namunasi birdaniga og‘ir eritmaga solinadi va qolgan ishlar yuqoridagi singari bajariladi.
Tuproq namunalari qatlamlar bo‘yicha tahlil qilinib, begona o‘tlarning tur tarkibi aniqlangach, har bir tur urug‘ining soni hisoblab chiqilgandan keyin namunadagi urug‘ning umumiy soni va massasi 1 m2 ga nisbatan aniqlanadi.
1 m2 dagi begona o‘tlar urug‘ining soni quyidagicha hisoblanadi.
Quyidagi ifoda bilan burg‘u ichki yuzasining kesimi aniqlanadi:
𝑊 = 𝜋 ∗ 𝑟2 bu yerda,
W - burg‘u ichki yuzasining kesimi, sm2
r - burg‘uning ichki radiusi, sm;
π - doimiy son, 3,14.
Yoki tuproq qirqimi quyidagi ifoda bilan aniqlanadi:
𝑊 = 𝑎 ∗ 𝑣
bu yerda, W - qirqim maydoni, sm2
a - qirqim kengligi, sm;
v - qirqim uzunligi, sm.
Agar burg‘u 30 sm chuqurlikka kiritilgan bo‘lsa, u holda 1-30 sm chuqurlikdagi va 1 m2 maydondagi urug‘lar sonini hisoblash uchun o‘tkazish koeffitsiyenti (K) topiladi. U burg‘u yuzasi yoki undagi urug‘lar zahirasi bo‘lgan tuproq qirqimi (W) ga nisbatan olingan 1 m2 (S= 10000 sm 2 ) maydonga teng. Bunda o‘tkazish koeffitsiyenti 𝐾 = 𝑆 𝑊 bo‘ladi.
O‘tkazish koeffitsiyentini tuproq namunasidagi begona o‘tlarning umumiy soniga ko‘paytirib, haydalma qatlamda 1 m2 maydonga to‘g‘ri keladigan urug‘lar soni topiladi. Buni gektar hisobiga aylantirish uchun ko‘rsatilgan kattalik 10000 ga Kòpaytiraladi.