Turkistonda sovet hokimiyatining o’rnatilishi


Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi, uning shovinistik siyosati



Yüklə 195 Kb.
səhifə3/9
tarix02.06.2023
ölçüsü195 Kb.
#123100
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Turkistonda sovet hokimiyatining o’rnatilishi

1.2Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi, uning shovinistik siyosati.
Muvaqqat hukumatning mamlakatni jahon urushidan olib chiqa olmaganligidan, agrar va milliy masalalarni hal etolmayotganligidan bolsheviklar ustamonlik bilan foydalandilar. Bolsheviklar ilgari surgan “Butun hokimiyat Sovetlarga!”, “Yer dehqonlarga”, “Xalqlarga tinchlik” shiorlari ularning hokimiyatga kelishlarida ayniqsa asqotdi. Rossiya poytaxti Petrogradda 1917-yil 24-25-oktabrda davlat to’ntarilishi sodir bo’ldi. Uni Lenin boshchiligida bolsheviklar partiyasi zo’rlik bilan amalga oshirdi. 1917-yil 25-oktabrda bolsheviklar tomonidan Petrogradda Butunrossiya Sovetlarining II qurultoyi chaqirilib, unda Lenin boshliq Sovet hukumati - Xalq Komissarlari Soveti tuzildi. Sulx va Yer to’g’risida dekretlar qabul qilindi. Sovet hukumati nafaqat Markazda, balki shu bilan birga sobiq Chor Rossiyasi tasarrufidagi barcha hududlarda ham o’z hokimiyatini o’rnatish harakatida bo’ldilar.
Turkistonda sovet hokimiyatining o’matilishi. Bolsheviklar Markazda siyosiy hokimiyatni qo’lga kiritgach, Turkistonda ham sovet hokimiyatini qaror toptirishga intildilar. Turkistonda sho’rolar hokimiyatini o’rnatish g’oyatda murakkab jarayonda kechdi. Buning boisi, avvalo, oktabr g’oyalarining mahalliy tub joy aholining dili va shuuriga botmaganligidadir. Negaki, bu zamin aholisi bolsheviklar partiyasi dasturida nazarda tutilgan sotsialistik o’zgarishlar orqali hamma narsani umumlashtirish va milliylashtirishni yoqtirmasdi. Mahalliy xalq o’zining tarixan tarkib topgan, asrlar davomida shakllangan o’ziga xos turmush tarzini, yashash sharoitini, xo’jalik yuritish, idora qilish tartib-qoidalarini bir lahzada tubdan o’zgartirishni xohlamasdi. Bu narsa uning ongi, tafakkuriga, milliy o’zligi va ma’naviy qiyofasiga mos kelmasdi. Ayniqsa bolsheviklarning ateistik ruhdagi mafkurasi, uning hujumkor yo’nalishi islom qadriyatlari doimo e’zozlanib kelingan bu yurt odamlarining ruhiyati va dunyo qarashi bilan singisha olmasdi. Bir so’z bilan aytganda, mahalliy tub yerli aholi tabiiy ravishda oktabr g’oyalarini qabul qilmadi va unga moyillik ko’rsatmadi. Biroq begona maslak va g’oyalar bolsheviklar partiyasi va uning Turkistondagi yalovbardorlari tomonidan kuch va zo’rlik bilan o’lka xalqlariga majburan tiqishtirildi.
Toshkentda faoliyat ko’rsatayotgan, asosiy tarkibi yevropalik aholi vakillaridan iborat harbiy qismlar, ishchi otryadlari mahalliy bolshevistik tashkilotlar boshchiligida qurolli qo’zg’olon yo’li bilan sovet hokimiyatini qaror toptirishga kirishdilar. Bolshevik V.S.Lyapin boshchiligida inqilobiy qo’mita tuzildi va qo’zg’olon boshlandi. 1917-yil 27-oktabr oqshomida Toshkentda boshlangan qo’zg’olon natijasida 1-noyabrga kelib Muvaqqat hukumatning Turkiston Qo’mitasi ag’darildi. General Korovichenko va Muvaqqat hukumatning Turkiston Qo’mitasi a’zolari qamoqqa olindi. Toshkentda Sovet hokimiyati o’rnatildi. Turkiston o’lkasida sovet hokimiyatini o’rnatish jarayoni qonli, fojiali voqealar bilan bog’liq holda kechdi. Jumladan, Farg’ona viloyatida sovet hokimiyatini o’rnatish jarayonida, Marg’ilonda 7 ming, Andijonda 6 ming, Namanganda 2 ming begunoh kishilar qirg’in qilindi. Samarqand, Kattaqo’rg’on, Yangi Buxoro, Termiz va boshqa shaharlarda ham sovet hokimiyati o’rnatildi2.
Turkistonda sovet hokimiyati organlarini tuzish vaqtida ham bolshevik yo’lboshchilarning ulug’davlatchilik va shovinistik siyosati to’la kuch bilan namoyon bo’ldi. 1917-yil 15-22-noyabr kunlari Toshkentda Turkiston ishchi, askar va dehqon deputatlari sovetlarining Ш O’lka qurultoyi hokimiyat masalasini o’zboshimchalik va biryoqlamalik bilan hal etdi. Unda bolshevik Kolesov boshchiligida Turkiston Xalq Komissarlari Soveti tuziladi. Uning tarkibiga 7 bolshevik va 8 ta so’l eser vakillar kiritildi. Uning tarkibiga butun o’lka aholisining 95 foyizini tashkil etuvchi yerli millat aholisidan esa birorta ham vakil kiritilmadi.
Vaholanki, oktabr o’zgarishi rahnamosi Lenin imzo chekkan “Rossiya xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi”, “Ezilgan va ekspluatatsiya qilinuvchi xalq huquqlari Deklaratsiyasi”, “Rossiya va Sharq musulmonlariga” xitobnomasi hamda boshqa hujjatlarda millatlarning ozodligi, erki, huquqlari rasman e’tirof etilgan edi. Amalda esa ulug’ davlatchilik siyosati yuritildi.
Sovetlar mahalliy aholining asriy orzularini ruyobga chiqarishni emas, balki aksincha uni har sohada kamsitish, milliy va diniy qadriyatlarini tahqirlash yo’lidan bordilar. Sovet hokimiyatining mahalliy aholining xususiy mulklarini tortib olish, hamma narsani Sovetlar manfaatlari yo’lida umumlashtirish yo’lida amalga oshirgan g’ayritabiiy faoliyati pirovard oqibatda o’lka halqlarining keskin norozilik harakatlarining kuchaya borishiga sabab bo’ldi.
Turkiston muxtoriyati. Sovet hokimiyati Turkiston jilovini qo’lga olib, o’zining avval e’lon qilgan balandparvoz va’dalaridan voz kechib, o’lka xalqlariga qarata olib borgan ikkiyuzlamachilik va munofiqlik siyosatiga javoban yurtning millatparvar rahnamolari faol harakatga keldilar. 1917-yil 26-noyabrida Qo’qonda o’lka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi chaqirildi. Unda Turkiston o’lkasining 5 viloyatidan 200 nafardan ziyodroq vakillar ishtirok etdi. Qurultoy ishida “Sho’roi Islom”, “Sho’roi Ulamo”, Musulmon harbiylari Sho’rosi, o’lka yahudiylar jamiyati namoyandalari ham qatnashdilar. Qurultoyda Turkiston Muxtoriyati tuzildi. Bu xususda qabul qilingan qarorda Shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o’z huquqlarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etadi”. Shundan so’ng qurultoy “Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik aholi huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qiladi”.
Qurultoyning yana bir katta xizmati, bu uning tomonidan Turkiston Milliy majlisi (parlamenti) tuzilganligi bo’ldi. Unga “Sho’roi Ulamo” tashkiloti rahbari Sherali Lapin rais etib saylandi.
Milliy Majlis tarkibiga Muvaqqat Kengash a’zolaridan tashqari o’sha davrning atoqli arboblari: T. Norbo’tabekov, S. Sharifxo’jayev, Nosirxonto’ra Komolxonto’ra o’g’li, M. Behbudiy, Alixonto’ra Shokirxonto’ra o’g’li, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov singari yurt peshvolari ham saylangan edilar.
Shunday qilib, o’lkaning mo’’tabar millatparvar zotlaridan iborat milliy hokimiyat tashkil etilib, uning zimmasiga ulug’vor vazifalar yuklandi. Eng muhimi, Turkiston xalqining erki, mustaqilligini asta-sekin tiklash - bu xalqchil hukumatning bosh vazifasi edi. Shu boisdan ham o’lkaning millionlab fuqarolari Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganligini katta qoniqish ruhi bilan qarshi oldilar. 1917-yil-dekabr oyi boshlarida Toshkent, Namangan, Jalolobod, Qo’qon, Samarqand shaharlari aholisi mitinglar, namoyishlar uyushtirib, muxtoriyatni qizg’in qo’llab-quvvatlab chiqdilar.
Biroq o’lkada o’rnashib olgan va asosiy boshqaruv jilovini qo’lda ushlab turgan Turkiston sovet hukumati va uning joylardagi hokimiyat mahkamalari Turkiston muxtoriyati va uning tarafdorlarini yo’q qilish yo’lini butun Choralar bilan o’tkazib bordi.
1917-yil 13-dekabrida Toshkentda muxtoriyatni yoqlab o’tkazilgan katta mitingni zo’rlik bilan tarqatib yuborilishi, bugina emas, unda sovet kuchlari otgan miltiq va pulemyotlar sadosi ostida ko’plab qurbonlar berilishi (eski shaharlik 16 kishi otib o’ldirilgan edi) - bu Turkiston muxtoriyatiga nisbatan uyushtirilgan dastlabki suiqasd edi.
1917-yil 25-dekabr kuni Qo’qonda o’lka musulmon ishchi, askar va dehqonlarining I favqulodda qurultoyi ish boshladi. Unda 200 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Qurultoy muxtoriyatni har tomonlama quvvatlash, unga moddiy va ma’naviy madad ko’rsatish shiori ostida o’tdi. Unda Turkiston Muvaqqat Kengashi tarkibini musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari qurultoyi vakillari hisobiga to’ldirish to’g’risida qaror qilindi. Qurultoy o’zining so’nggi ish kuni - 27-dekabrda Petrogradga, Xalq Komissarlari Soveti Raisi V.I. Lenin nomiga telegramma yo’lladi. Unda Turkiston muxtoriyatini e’tirof etish, Toshkent Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni Turkiston muxtoriyati Muvaqqat Kengashiga topshirish to’g’risida farmoyish berish so’ralgan edi.
Lenin va uning safdoshlari esa ochiq va yashirin tarzda Toshkentda faoliyat yuritayotgan Turkistondagi sovet hukumati oldiga milliy muxtoriyatni tugatishni vazifa qilib qo’yganligi hech kimga sir emas. Turkistondagi sovet hokimiyati o’lka muxtoriyati faoliyatini cheklash, uni butunlay barham toptirishga qaratilgan xoinona yo’l tutdi. Bu manfur maqsadni amalga oshirish uchun sovetlar hokimiyati tasanufida bo’lgan hamma vositalar ishga solindi. 1918-yil 19-26-yanvarda bo’lib o’tgan Turkiston o’lka sovetlarining IV syezdi Turkiston muxtoriyati hukumatini, uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb hisobladi va ularning boshliqlarini qamoqqa olishga qaror qildi.
Buning ustiga Turkiston muxtoriyati o’zini o’zi yetarli darajada himoya qila olish imkoniyatiga ega bo’lolmadi. Muxtoriyatchilar orasida ko’pgina muhim xayotiy masalalarda birlik, hamjihatlik, jipslik mavjud emasdi. Unga moddiy, ma’naviy hamda harbiy, moliyaviy madad ko’rsata oladigan real kuchlar va imkoniyatlar yo’q edi. 1918-yil 18-fevralda «Ulamo» jamiyati tashabbusi bilan Muxtoriyatda to’ntarish sodir etildi. Mustafo Cho’qayev boshchiligidagi hukumat ag’darildi. Hukumat boshqaruvi Qo’qon shahar militsiyasi boshlig’i Kichik Ergashga o’tadi.
Turkiston sovet hukumati 1918-yil 14-fevralida Farg’ona viloyati hududida favqulodda harbiy holat joriy etdi. Uning Qo’qondagi mahalliy hokimiyati - ishchi va askar deputatlari soveti 17-fevralda muxtoriyat vakillarini taslim bo’lishga da’vat qildi. Ayni vaqtda Toshkentdan Perefilev boshchiligida qurollangan ko’p sonli qizil qo’shin olib kelindi va ular darhol ishga solindi. Qo’qondagi ashaddiy millatchi arman dashnoqlari ham bu bosqinga jalb qilindi. (Dashnoq - 1890-yilda Tiflisda tashkil etilgan «Dashnaktsutyun» («Ittifoq») arman milliy partiyasi a’zosi. Dashnoqlarning bir qismi 1915-yilgi turk-arman qrig’inida qo’chib Turkistonga kelgan edilar.). Ayniqsa 19-21-fevral kunlari Qo’qon xalqi ustiga balo-kazo yog’ildi. Shahar o’t ichida yondi. Shu tariqa, Turkiston Muxtoriyati mag’lubiyatga uchradi.


Yüklə 195 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin