Turkistonda sovet hokimiyatining o’rnatilishi


Xorazm va Buxoroda demokratik harakatlar. Xiva xonligi va Buxoro amirligining ag’darilishi



Yüklə 195 Kb.
səhifə5/9
tarix02.06.2023
ölçüsü195 Kb.
#123100
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Turkistonda sovet hokimiyatining o’rnatilishi

Xorazm va Buxoroda demokratik harakatlar. Xiva xonligi va Buxoro amirligining ag’darilishi. Rossiyada 1917-yilda yuz bergan fevral inqilobiy o’zgarishi Chorizmning yarim mustamlaka o’lkalari hisoblangan Xiva xonligi va Buxoro amirligida ham aks-sado bermay qolmadi. Avvalo, bu tobe davlatlarning Rossiya ta’siridan xalos bo’lishga intilishi ko’zga tashlansa, ikkinchi tomondan, mahalliy xalqning demokratik erkinliklar va huquqlarga ega bo’lish sari harakatlari faollashdi.
Jumladan, Xorazmda Yosh xivaliklar harakati xonlikdagi siyosiy vaziyatni o’zgartirish va bir qator demokratik o’zgarishlarni yuzaga chiqarishga otlandilar. Yosh xivaliklar yetakchilari ishlab chiqqan manifestda konstitutsion monarxiya tuzish, xonning vakolatlarini cheklash, iqtisodiyot, ta’lim va madaniy xayot jabhalarini isloh qilish talablari ilgari surilgandi. Xivada ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskin tus olayotganidan cho’chigan Isfandiyorxon (1910-1918) 1917-yil 5-aprel kuni manifestni imzolashga majbur bo’ldi. Manifest talablariga ko’ra xonlikda konstitutsion monarxiya tuzumi o’rnatildi. Ayni paytda tarkibi 30-50 kishidan iborat ruhoniylar va savdo-sanoat ahli vakillaridan saylangan Majlis va Nozirlar Kengashi tuziladi. Ular xalq vakilligi boshqaruvi organlari sifatida xon hokimiyati vakolatlarini ma’lum darajada chekladi. Manifestga muvofiq yosh xivaliklarning taniqli rahbari Bobooxun Salimov Majlis raisi, Matmurodov esa Nozirlar Kengashi raisi etib saylandilar. Xon xazinasi va uni tasarruf qilish ustidan nazorat o’rnatildi. Xon temir yo’llar qurish, pochta-telegraf o’rnatish, yangi jadid maktablari ochish to’g’risida va’dalar berdi. Biroq Xiva xoni va uning atrofidagi mutaassib kuchlar bu demokratik o’zgarishlarni yo’qqa chiqarish, eski tartiblarni qayta tiklash payida bo’ldilar.
1917-yil-iyuniga kelib Isfandiyorxon Rossiya Muvaqqat hukumatining Xivadagi vakili, general Mirbadalov yordamiga tayanib, Matmurodov boshliq Yosh xivaliklar rahbarlarini qamoqqa oladi. Bu partiyaning faoliyati qonundan tashqari deb e’lon qilinadi. Yosh xivaliklarning ko’plari qo’lga olinib jazolanadi. Qolganlari xonlik hududini tark etadilar.
Xiva xonligining tugatilishi. 1917-yil kuzida Rossiyada ro’y byergan oktabr o’zgarishi, Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi davomida Xivada ham demokratik harakat yangi bosqichga qadam qo’yadi. Demokratik kuchlar, aholining kambag’al tabaqalari faol harakatga kela bordilar. Qo’ng’irot, Ko’hna Urganch, Xojayli, Taxta, Porsu bekliklarida mahalliy aholi qat’iy harakatlarga chiqdi. Buning ustiga mamlakatni boshqara olmay qolgan xonning 1918-yil yanvarida turkmanlar sardori Junaidxonni Xivaga chaqirishi va uni bosh qo’mondon etib tayinlanishi ham vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Junaidxon tez orada Isfandiyorxonni qatl ettirib, o’rniga uning tog’asi, irodasiz Said Abdullani nomiga xon qilib ko’tarib, amalda yakka hukmdor bo’lib oldi. Junaidxonning harbiy diktaturasi zulmidan og’ir aziyat chekkan ko’plab aholi qo’shni Turkistonga qochib o’ta boshladi. Ularning ko’plari Sovetlar tayyorlagan qizil qo’shinlar safini to’ldirib bordi. Bularniig hammasi Sovetlarga qo’l keldi. Shu zaylda ularga qarashli Amudaryo bo’limida (Turtko’lda) N. A. Shaydakov va N. M. Shcherbakov boshchiligida Shimoliy va janubiy harbiy dastalar tuzilib, xonlik tuzumini ag’darishga shay qilib qo’yildi. Darhaqiqat, Turkiston sovet rahnamolari yo’l-yo’riqlari asosida harakatga kelgan qizil qo’shinlar va shuningdek, o’zbek va turkman aholisidan tashkil topgan qo’zg’olon dastalari 1919-yil dekabri oxirlaridan Junaidxon rejimiga qarshi harbiy yurish boshlaydilar. Bu kuchlar Junaidga ketma-ket zarbalar berib, birin-ketin xonlik hududlarini qo’lga kiritib bordilar. 1920-yil 2-fevralda Xiva egallandi.
Junaidxon qolgan-qutgan qo’shini bilan Qoraqum sahrosiga chekinadi3. Qo’g’irchoq xon Said Abdullo taxtdan voz kechadi. Shu tariqa, sovetlar kuchi bilan Xiva xonligi ag’darildi va 5 kishidan iborat Inqilobiy qo’mita tuzildi. Uning tarkibiga Yosh xivaliklar va turkman urug’-qabilalaridan vakillar kiritildi. Inqilobiy qo’mita raisi etib Yosh xivaliklar rahbari D.Sultonmurodov saylandi. Tez orda Yosh xivaliklar ishlab chiqqan manifest e’lon qilinadi.
1920-yilning 27-30-aprel kunlari Xivada bo’lib o’tgan xalq vakillari Butunxorazm qurultoyi xonlik tugatilganligi va yangidan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilganligini e’lon qildi. Qurultoy XXSRning muvaqqat Konstitutsiyasini qabul qildi. Qurultoy shuningdek 15 kishidan iborat hukumat - Xalq Nozirlar Kengashini sayladi. Yosh xivaliklar rahbarlaridan Polvonniyoz Yusupov uning birinchi raisi bo’ldi. Tez orada (iyunda) Rossiya bolshevik rahbarlari ko’magida Xorazm Kompartiyasi tashkil etilib, uning hukmronlik mavqei hayotda tayin etib borildi. Sovet Rossiyasi ayni paytda yangi tug’ilgan Xorazm Xalq Sovet Respublikasini o’z ta’sir doirasiga olish maqsadida 1920-yil 13-sentabrda XXSR bilan ittifoq shartnomasini tuzadi. Bu shartnoma bilan birga ikkala respublika o’rtasida imzolangan xarbiy-siyosiy va iqtisodiy kelishuvlar asosida Xorazm Xalq Sovet Respublikasiga sovet Rossiyasi tomonidan tegishli harbiy, iqtisodiy va madaniy yordam ko’rsatish ko’zda tutilgan edi. Biroq “katta og’a”ning bunday yordami zamirida Xorazm Xalq Sovet Respublikasining ichki ishlariga aralashish, uning siyosatini o’z manfaatlariga bo’ysundirish maqsadlari yotardi. Faqatgina 1921-yil davomida Xorazm Xalq Sovet Respublikasida uch-marta (mart,-sentabr,-noyabrda) hukumat o’zgarishi yasalib, Moskvaga ma’qul kelmagan uning tarkibi o’zgartirildi. O’z xalqining milliy manfaatlarini ko’zlab siyosat yuritgan Polvonniyoz Yusupov, M. Ibniyaminov, O. Muhammadrahimov bosh bo’lgan hukumat tarkiblari bekor qilindi, ularning rahbarlari asossiz qoralandi, so’ngra turli jazolarga giriftor etildi.
1923-yil oktabrida bo’lib o’tgan IV Butunxorazm Sovetlari Qurultoyi Xorazm Xalq Sovet Respublikasini Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi deb e’lon qildi va respublikaning yangi konstitutspyasini qabul qildi. Unda Xorazmda Sovetlar rahbarligida amalga oshirilgan jiddiy o’zgarishlar orqasida bu respublika endilikda o’z taraqqiyotining yangi, sotsialistik bosqichiga kirganligi alohida ta’kidlandi. Konstitutsiya yerga bo’lgan xususiy mulkchilikni bekor qildi, barcha erlar umumxalq mulki deb e’lon etildi. Vaqf mulklari maorif nozirligi ixtiyoriga olindi. Xorazm xalqlarining xohish-irodasiga zid tarzda amalga oshirilgan bu xil tadbirlar va eng asosiysi, respublikani boshqarish jilovini tobora Sovetlar hukmronligi qo’l ostiga o’tib borishi, pirovardida voha aholisining umumiy noroziligining kuchayib borishiga sabab bo’ldi.
Buxoro amirligining ag’darilishi. Buxoro amirligida ham ijtimoiy-siyosiy vaziyat Xiva xonligidagiga o’xshash tarzda kechdi. Amirlik ham Rossiyaga tobe, vassal davlat edi. Ichki siyosatda mustaqil bo’lgan amirning mutlaq hokimiyati hukm surib, bundan oddiy xalq ommasi behad zulm tortib kelardi. XX asr boshlarida bu yerda ham amirlik tuzumiga qarshi demokratik harakatlar yuzaga kela bordi. Mamlakatning ilg’or, taraqiyparvar ziyoli yoshlaridan tashkil topgan Yosh buxoroliklar tashkiloti bu harakatlarga yetakchilik qildilar. O’z saflarida Abduvohid Burhonov, Fayzulla Xo’jayev, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Muhitdin Mansurov, Po’latxo’ja Usmonxo’jayev kabi yurt fidoyilarini birlashtirgan Yosh buxoroliklar harakati keng xalq manfaatlari foydasiga muhim siyosiy o’zgarishlarni ro’yobga chiqarishga intilganlar. Ular ishlab chiqqan islohotlar loyihasida mamlakatda konstitutsion monarxiya tuzumi o’rnatish, ijtimoiy-siyosiy erkinliklar joriy qilish, maorif ishini yaxshilash masalalariga alohida urg’u berilgandi.
Keng xalq ommasi tazyiqi va Yosh buxoroliklar islohiy talablari asosida amir 1917-yil 7-aprelida ba’zi yon berishlarga borib manifest chiqarishga majbur bo’ladi. Manifestda soliqlarni tartibga solish, turli ijtimoiy tabaqalar vakillaridan iborat Majlis qilish, maorif, tibbiyot, sud tizimlarini yaxshilash, ma’muriy boshqarish ishlarini takomillashtirish kabi qator va’dalar berildi.
Biroq amirlikning mutaassib, hukmron doiralari tish-tirnoqlari bilan bunga qarshilik ko’rsatdilar. Ular islohot tarafdorlariga nisbatan ochiqdan-ochiq shahar ko’chalarida qirg’in uyushtirdilar. Ko’plab islohotchilar Buxoroni tark etishga majbur bo’ldilar. Bu gal amir tarafdorlarining qo’li baland keldi.
Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi Buxoro amirligi uchun ham jiddiy siyosiy vaziyatni vujudga keltirdi. Negaki, sotsialistik inqilob g’oyasini boshqalarga yoyishga intilgan bolsheviklar chegaradosh Buxoroni o’z mo’ljaliga olgandilar. Xususan 1918-yil martida “Kolesov voqeasi” nomi bilan tarixga kirgan qonli voqea bunga aniq misol bo’la oladi. Turkiston sovet respublikasi hukumati raisi F. I. Kolesov Buxoroga ochiq tazyiq o’tkazib, 1918-yil 2-martida Kogon temir yo’li yoqalab qizil qo’shinlar interventsiyasini uyushtirdi. Bunga javoban Buxoro amiri xalqni g’azovotga Chorlab, o’z qo’shinlari va g’azabga kelgan aholini urushga safarbar etdi. Oqibatida Kolesov xuruji sharmandalarcha mag’lub bo’ldi. Bu esa amir va uning arkoni davlatiga barcha demokratik kuchlardan qonli o’ch olishi uchun bahona bo’ldi. Ayniqsa Yosh buxoroliklar ayovsiz qirg’in qilindi. Bolsheviklarinipg bu avantyurasi Yosh buxoroliklar uchun g’oyatda qimmatga tushdi. F.Xo’jayevning guvohlik berishicha, bu qirg’inda Yosh buxoroliklar, ularning tarafdorlaridan 1,5 ming kishi qurbon bo’ladi.
Biroq shunga qaramay sovet mutasaddilari Buxoroda sun’iy inqilob tayyorlash, buning uchun Turkistondan panoh topgan ko’p sonli buxorolik muhojirlarni ishga solish, ulardan ko’plab inqilobchi kuchlar etishtirish va ularni tashkillashtirish harakatida bo’ldilar. 1918-yil-sentabrida Toshkentda Buxoro muhojirlari tomonidan Buxoro kompartiyasi va uning Markaziy Qo’mitasi tuziladi (uning raisi A. Yoqubov, o’rinbosari M. Qulmuhammedov). 1920-yil yanvarida Toshkentda F. Xo’jayev boshchiligida “Yosh buxorolik inqilobchilar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi” tashkil etiladi va Turkkomissiya, RSFSR hukumati tomonidan e’tirof etiladi.
Yosh buxoroliklar partiyasi ishlab chiqqan dasturda tez vaqt ichida despotik tuzumni tugatish, mamlakatda demokratik respublika tuzish va keng xalq ommasining tub manfaatlarini ko’zlab ko’plab ijtimoiy-demokratik o’zgarishlarni amalga oshirish vazifalari bayon etilgan edi.
Yosh buxoroliklar tashabbusi bilan 1920-yil-iyundan Toshkentda chiqa boshlagan «Uchqun» gazetasida ham ilg’or demokratik g’oyalar ilgari surildi. Buxoro xalqi amirning hokimi mutlaq tuzumini ag’darib tashlash uchun faol kurashga da’vat etib borildi.
Amir Olimxon 1920-yil 2-sentabrda Buxoroni tark etishga majbur bo’ldi. Poytaxt sovet qo’shinlari tomonidan egallangach, hokimiyat Muvaqqat Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasi qo’liga o’tdi4. 1920-yil 14-sentabrda BKP MQ va Muvaqqat Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasining birlashgan majlisi bo’ldi. Majlisda A.Muhitdinov boshchiligida qonun chiqaruvchi oliy organ - Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasi va Fayzulla Xo’jayev raisligida Xalq Nozirlar Kengashi (hukumat) tuzildi. O’sha yilning 6-8-oktabr kunlarida I Butunbuxoro qurultoyi bo’lib o’tdi. Unda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil etilganligi e’lon qilindi.
A.Fitrat, M.Aminov, Otaxo’jayev, Yoqubzoda va boshqalar Moskva vakillarining talabi bilan respublika hukumati tarkibidan chetlatildi. Buxoro XSRning 1921-yil sentabrida qabul qilingan Konstitutsiyasi ham RSFSR Konstituttsiyasi andozasida tuzilgan edi. Hukmron Markaz tashabbusi bilan 1923-yil martida O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashining tuziliish va uning tarkibiga Buxoro XSRning ham jalb qilinishi bu uning iqtisodiy mustaqilligining asta-sekin qo’ldan boy berib borilishiga sabab bo’ldi. Moskva tazyiqi ostida bu hududda sotsialistik o’zgarishlar izchil amalga oshirilib borildi. 1924-yil 18-20-sentabrda bo’lib o’tgan V Butunbuxoro qurultoyi BXSRni Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi deb e’lon qildi. Nihoyat, 1924-yilda o’tkazilgan milliy-davlat chegaralanishi natijasida uning hududlari O’zbekiston va Turkmaniston Sovet sotsialistik respublikalari tarkibiga qo’shib yuborildi, Buxoro davlat sifatida tugatildi.



Yüklə 195 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin