2.2. O’zbekiston SSRning tuzilishi. Bolsheviklar partiyasi bosh bo’lgan sovet hokimiyati Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar kuchlar harakatini daf etishga muvaffaq bo’lgach, endilikda bu hududda uzoqqa mo’ljallangan o’z makkorona rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Shu maqsadni ko’zlab u XX asrning 20-yillari boshlaridan bu zaminda mustamlakachilarga xos «orani buz, hokimlik qil» qabilidagi o’z milliy siyosatini hayotga izchil tadbiq etish yo’lini tutdi. Aslida sovetlarning milliy siyosati Chorizmning ko’p zamonlar bu yurtda yuritib kelgan shovinistik, ulug’ davlatchilik siyosatidan mohiyat e’tibori bilan farq qilmasdi. Faqat uning shakli-shamoyili o’zgargan edi, xolos. Gap shundaki, Chorizm hukmronligi davrida chekka o’lkalar xalqlari ochiq-oshkora tarzda kamsitilar, ularning insoniy qadr-qimmati, or-nomusi, asliy milliy qadriyatlari tahqirlanar edi. Sovet mutasaddilari esa o’zlarining niqoblangan soxta ishlari, yolg’on-yashiq va’dalari bilan mazlum millat kishilarini o’z hukmlariga bo’ysundirishga intildilar. Turkiston xalqlari o’z milliy davlatchiligini tiklash va rivojlantirishga intildi. 1920-yil yanvarida bo’lib o’tgan Turkiston Kompartiyasining V o’lka konferensiyasida Turkiston ASSR MIQ raisi T. Risqulov so’zga chiqib «Yagona Turkiston g’oyasi»ni ilgari suradi, asosan turkiy xalqlardan iborat Turkiston ASSRni Turk Respublikasi, Turkiston Kompartiyasini Turk kompartiyasi, deb o’zgartirishni taklif qiladi. Bu takliflar konferensiyada, shuningdek, o’lka ijtimoiy-siyosiy hayotida, RKP(b) Markazqo’mi, uning Siyosiy byurosi, sovet hokimiyati doiralarida turli bahslarga sabab bo’ladi. T. Risqulov takliflari millatchilik, og’machilik ruhidagi qarashlar deb baholandi. Bu ittifoqqa asos solgan barcha dasturilamal hujjatlar va g’oyalar qanchalik jimjimador ohanglarda bitilmasin va ular tenglik, barobarlik, birodarlik tushunchalarini aks ettirmasin, biroq amalda u hukumron Markaz uchun butun-butun xalqlarning taqdir-qismati, inon-ixtiyorini tamomila o’z tasarrufiga bo’ysundirishga xizmat qilgan tuzoq rolini o’tab keldi. Ma’lumki, O’rta Osiyo hududida qadim-qadimdan tili, dini, tarixi, madaniyati, an’analari bir-biriga juda yaqin va mushtarak qardosh va qondosh xalqlar yashab kelganlar. Bu yerda istiqomat qilgan o’zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qozoqlar, qirg’izlar, qoraqalpoqlarning xo’jalik hayoti, turmush tarzi, udumlari ham o’xshash bo’lib, shu muqaddas ona zaminni o’zlarining asl Vatanlari deb bilganlar. Biroq, afsuslar bo’lsinki, pixini yorgan Sovet hokimiyati arboblari tarixan bir yagona hududda yashab kelgan birodar xalqlarni bir-biridan ajratib tashlash, ularning birlashib, yagona davlat tuzishlariga izn bermaslik uchun butun Choralarni ishga soldilar. Bundan kuzatilgan bosh maqsad - o’lka xalqlarining birlashuviga, o’z istiqlolini va istiqbolini birgalikda bunyod etishiga yo’l qo’ymaslik va shu asosda Markazning bu yerdagi hukmronligiga, sotsialistik qayta qurish jarayonining avj olishiga keng-maydon yaratish edi. Shu maqsadda Turkistonni milliy o’ziga xoslik, til birligi asosida bo’lib tashlash g’oyasi ilgari surildi. Markaz irodasini bajarishga da’vat etilgan Turkiston ishlari bo’yicha maxsus komissiya - Turkkomissiya zimmasiga o’lkada milliy davlat chegaralanishini o’tkazish va shu asosda bu hududda bir qator sovet milliy va muxtor respublikalarini tashkil qilish vazifasi yuklangan edi. Markaz mo’ljallayotgan milliy siyosat mazmuni, mohiyatidan xabardor bo’lgan Turkistonning ilg’or ziyolilari, uzoqni ko’ra bilgan donishmand arboblari o’lka birligi, yaxlitligini, uning qardosh xalqlari jipsligini zo’r berib himoya qilishga urindilar. Biroq o’lka jilovini qo’lda mahkam tutgan bolshevik mutassadilar ularning haqqoniy fikrlarini hisobga olmadilar. Bugina emas, yagona va mustaqil Turkiston g’oyasi uchun kurashgan vatanparvar kuchlar, milliy ziyolilar millatchilikda, turkparastlikda va sovet hokimiyatiga qarshilikda ayblandilar. Shunday qilib, O’rta Osiyoni milliy-hududiy jihatdan alohida respublikalarga bo’lib tashlash masalasi bir necha bor Markazda, Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalarida, ularning Kompartiyalari plenumlarida, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi organ - RKP(b) MQ O’rta Osiyo Byurosi Plenumida muhokama etilib, mahalliy xalqqa kuchli bosim o’tkazib borildi. Shu bilan birgalikda 1922-1923-yillarda yerli millatlarning bir qator rahbar xodimlari sovet hokimiyatining Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalarida olib borilayotgan milliy siyosatiga ochiqdan-ochiq norozilik bildira boshladilar. Ammo ularning fikr-qarashlari noto’g’ri topilib, o’zlari faol siyosiy hayotdan chetlatib borildi. RKP(b) MQ, uning O’rta Osiyo Byurosi Turkiston, Buxoro va Xorazm Kompartiyalari faoliyatiga tazyiq o’tkazib, milliy-hududiy chegaralash o’tkazish siyosatini ma’qullab, qaror qabul qilishlariga erishib bordi. Milliy-hududiy chegaralanish masalasi 1924-yil 5-aprelda RKP(b) MQ Siyosiy Byurosida, 11-mayda RKP(b) MQ O’rta Osiyo Byurosida ko’rib chiqildi. Unda O’rta Osiyo respublikalarida milliy chegaralanish loyihasini tayyorlovchi maxsus komissiya tuzildi. Loyiha RKP(b) O’rta Osiyo Byurosining 1924-yil 2-iyundagi yig’ilishida muhokama etilib, asosan ma’qullandi. Bundan norozi bo’lgan mahalliy aholi vakillari, xususan Xorazm respublikasining bir guruh mas’ul xodimlari, chunonchi, XKP MQ kotibi Odinayev, ichki ishlar noziri Abdusalomov, Turkiston va Buxoro vakillari: S.Xo’janov, S.Asfandiyorov va boshqalalar yagona Turkistonni bo’lib tashlash maqsadga muvofiq emas, deb e’tiroz bildirdilar. Shuningdek, 1924-yil 8-mayda RKP(b) Markaziy Qo’mitasiga «Xorazmda milliy masalani hal etish to’g’risida xat» kelib tushdi. Bu xatda ham Xorazm respublikasini bo’lib yuborish maqsadga muvofiq emas, deyilgan edi. Ha, o’lka xalqlari milliy chegaralanish siyosatiga qat’iyan qarshi edilar, biroq mahalliy xalqlarning talab va takliflari inobatga olinmadi. Aksincha, 1924-yil 12-iyulda RKP(b) MQ Siyosiy Byurosi «O’rta Osiyo respublikalarida milliy chegaralanish to’g’risida»gi masalaga yana qaytib, uni o’tkazish to’g’risida qaror qabul qiladi. 1924-yil 25-sentabrda RKP(b) MQ Siyosiy Byurosi, 9 va 11-oktabrda RKP(b) Markaziy Qo’mitasi bu masalani ko’rib chiqib, milliy chegaralanishni rasmiylashtirishni maqsadga muvofiq deb topadi. Bu qaror 14-oktabrda SSSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasi tomonidan ham ma’qullanadi. Shu tariqa, Sovet hukumati, RKP(b) MQ va uning joylardagi mahalliy tashkilotlarining 1920-1924-yillar davomida O’rta Osiyoda olib borgan, xalqqa katta va’dalar berishni ko’zda tutgan «lenincha milliy siyosat»ni hayotga tadbiq etish bobidagi amaliy ishlari yakun topdi. Nihoyat, 1924-yilning 27-oktabrida bo’lib o’tgan SSSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasi II-sessiyasida O’rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishi o’tkazish tadbirlari to’la ma’qullandi5. Shunday qilib, hukmron Markaz sa’y-harakatlari orqasida O’rta Osiyoning siyosiy geografiyasi sun’iy ravishda o’zgartirildi. O’rta Osiyo hududidagi Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o’rnida oltita milliy davlat birlashmalari tashkil etildi: -O’zbekiston SSR -Turkmaniston SSR -O’zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR -Qirg’izlar yashagan hududlar RSFSR tarkibida Qoraqirg’iz (Qirg’iziston) muxtor viloyati -Qozoqlar yashaydigan tumanlari RSFSR tarkibida Qozog’iston ASSR -Qoraqalpoqlar yashaydigan hududlar Qozog’iston ASSR tarkibida Qoraqalpoq muxtor viloyati. Natijada yagona Turkiston xalqlari bir-biridan sun’iy ravishda uzoqlashtirildi. Bu hol sovetlarga o’lkada o’z hokimiyatini mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar yaratib berdi.