Turkiy tillar oilasi, uning genealogik guruhlari haqida.
Turkiy tillar – oltoy oilasiga kiruvchi hamda genetik va tipologik belgilari bilan umumlashadigan qarindosh tillar hisoblanadi. Turkiy tillarni genealogik jihatdan tasniflash bo`yicha I.N.Berdin, N.I.Ilminskiy, V.V.Radlov, N.A.Aristov, N.F. Katanov, F.Ye.Korsh, A.N.Samaylovich kabi olimlar izlanishlar olib borishgan. Shulardan A.N.Samaylovichning tasnifi keng tarqalgan bo`lib, turkiy tillarning barchasi 6 asosiy guruhga ajratiladi:
1. R-guruh, bulg`or yoki chuvash:
1) taxar; 2) ura; 3) pul; 4) tao`//tu; 5) sari; 6) qalan//yo`lna; bu guruhga zamonaviy chuvash va qadimgi bulg`or tillari kiradi.
2. D-guruh, uyg`urcha yoki shimoliy-sharqiy:
1) toquz; 2) adaq//azaq; 3) pol; 4) tag`; 5) sarig`; 6)qalg`an; bu guruhga 3 kichik guruhlar kiradi:
a) b-guruhi: O`rxun–Enasoy yodgorliklari qadimgi tili, qadimgi uyg`ur va zamonaviy karagas, salar va tuva tillari;
b) z-guruh: sariq uyg`urlar, ilor va xakaslar tili;
v) t-guruh: yoqut tili.
3. Tao` - guruh, qipchoq yoki shimoli - g`arbiy:
1) tog`uz; 2) ayaq; 3) bol//bul; 4) tao`; 5) sari; 6) qalg`an. Bunga:
a) mo`g`ullargacha: oltoy tili, qirg`iz, qumiq, qorachoy-bolqor, qaraim, tatar, boshqird;
b) mo`g`ullardan so`ng: qozoqcha va no`g`aycha kiradi.
4. Tag`liq – guruh, chig`atoy yoki janubiy – sharqiy:
1) toquz; 2) ayaq; 3) bol; 4) tag`; 5) sariq; 6) qalg`an. Bunga qadim chig`atoy, Xitoy Turkistoni aholisi tili, o`zbek tili va qora tatarlar tili kiradi.
5. Tag`li – guruh, qipchoq – turkman:
1) doquz; 2) ayaq; 3) bol; 4)tag`; 5) sari; 6) qalg`an. Bularga xorazm o`zbeklarining shevasi ham kiradi.
6.Ol- guruh, turkmancha yoki janubiy – g`arbiy:
1) doquz; 2) ayaq; 3) ol; 4) dag`; 5) sari; 6) qalan. Turkman, ozarbayjon va turk tili, gagauzlar tili ham kiradi.
Turkiy tillar oilasiga 30 ga yaqin til kiradi. Bu tillarda so`zlashuvchi xalqlar Osiyo, Yevropa, Amerika va Avstraliyada istiqomat qiladilar. Bu tillarda so`zlashuvchilarning aksariyati Osiyo qit’asida yashaydi.
Turkiy tillar oilasiga quyidagi tillar kiradi: turk, ozarbayjon, turkman, gagauz, qrim-tatar, qorag`ay, balqor, qo`miq, no`g`oy, tatar, bashqird, oltoy, shor, xakas, tuva, yoqut, qirg`iz, o`zbek, qaraqalpoq, chuvash, uyg`ur, qozoq.
Turkiy tillar quyidagilardan iborat:
Bulg`or tillari guruhi: hozirgi chuvash tili va qadimgi bulg`or va xazar tillari.
O`g`uz tillari guruhi:
a) turkman tili – Turkmaniston;
b) turkman tili – Shimoliy Kavkaz va Stavropol o`lkasida yashovchi turkmanlarning tili;
v) o`g`uz – bulg`or tillariga gagauz va balqon turklari tillari kiradi;
g) ozarbayjon va turk tillari.
Qipchoq tillari guruhi:
a) qaray tili. Bu tilda Litva, Ukrainaning janubida va Qrimda istiqomat qiluvchi qaray elati so`zlashadi;
b) qo`miq tilida Dog`iston Avtonom respublikasida istiqomat qiluvchi qo`miqlar so`zlashadi;
v) qorag`oy – balqar tilida Kavkazda yashovchi qorag`oy va balqor elatlari so`zlashadi;
g) qrim - tatar tilida qrim, belarus, litva tatarlari so`zlashadilar;
d) tatar tili, boshqird tili;
j) no`g`oy tili;
z) qoraqalpoq tili;
i) qozoq tili.
O`zbek va uyg`ur tillari guruhi. O`zbek tili o`zbek xalqining milliy adabiy tili bo`lib, bir-biridan fonetik, morfologik va leksik xususiyatlari bilan farqlanib turadigan shevalardan tashkil topgan. Uyg`ur tili O`rta Osiyo, Qozog`iston va Xitoy Xalq respublikasining Sinsyan – Uyg`ur respublikasida yashovchi uyg`ur xalqining tilidir.
O`g`iz tillari guruhi:
a) Tuva tili. Tuva va Mongoliya Xalq respublikasi territoriyasida yashovchi tuva xalqining tilidir;
b) tofalar (yoki karagas) tili Krasnoyarsk o`lkasida yashovchi elat tili.
Yoqut tili. Yoqutistonda yashovchi yoqutlarning tilidir.
Xakas tillari guruhi: xakas tili, shor tili, cho`lim tili (cho`lim tatarlari tili),
oltoy tilining shimoliy shevalari.
Turkiy tillar – agglyutinativ tillar guruhiga kiradi. Turkiy tillardagi affikslar bir ma’nolidir – so`z tarkibida ishtirok etayotgan har bir qo`shimcha faqat bir ma’noni anglatgan holda birin – ketin yopishib ketaveradi. Masalan, o`zbek tilida o`qituvchilarga so`zida o`qi - o`zak, t-orttirma nisbat qoshimchasi, uv-harakat nomi qo`shimchasi, chi-shaxs oti yasovchi affiks, lar-ko`plik, ga-jo`nalish ma’nosoni ifodalaydi; vengr tilida haz-uy, hazfa-uyda, hazak-uylar, hazakba-uylarda. Ko`rinadiki, turkiy tillardagi qo`shimchalar o`zakka mexanik ravishda qo`shilaveradi, lekin o`zak bilan birikib, singib ketmaydi, o`zakdan ajralib turadi. Shuningdek, turkiy tillarda prefiks yo`q (fors-tojik tillaridan kirib kelgan ayrim old qo`shimchalardan tashqari), ya’ni qo`shimchalarining ketma- ket qo`shilishi natijasida so`zning kengayishi faqat bir tomonga, ya’ni o`ng tomonga yo`nalgan bo`ladi: maktablarga. Turkiy tillardagi ko`makchilar otdan yoki ot vazifasidagi so`zdan keyin kelib, uni boshqa so`zga – boshqaruvchiga bog`laydi va ular orasidagi sintaktik munosabatni ifodalaydi. Masalan, Baxtim uchun kurashaman. Ukam bilan bordim. Turkiy tillarda grammatik rod (jins) kategoriyasi yo`q. Shunga ko`ra, gapda so`zlarning o`zaro sintaktik aloqaga kirishuvi o`zgacha: turkiy tillarda, jumladan, o`zbek tilida, sifat, son, olmosh, sifatdoshlar ot bilan bitishuv munosabatiga kirishadi. Hind – Yevropa tillarida kesimning morfologik belgilari faqat fe’lga qo`shilsa, turkiy tillarda kesim vazifasida kelgan har bir so`z turkumiga qo`shilishi mumkin. Qiyoslang: Это здание - институт; Bu bino institutdir. Men – onaman. Ko`ylagimni tiktirdim. Turkiy tillarning qiyosiy – tipologik xususiyatlari N.A.Baskakovning “Введение в изучение тюрских языков” (М., 1962) nomli kitobida atroflicha sharhlangan. Jumladan, so`zning morfologik tarkibi xususida shunday hodisalarni aniqlaydi: o`zaklar birlamchi yoki tub bo`ladi (umumturkiy o`zaklar): al-olmoq, kel, min, ot (o`t), tas/tash (tosh), kyoz (ko`z) yoki yasama, ya’ni o`zak va unumsiz (o`lik) qo`shimchalar orqali, masalan: qoraqalpoqcha: jurek (yurak), qizil (qiz+il), azira (boqmoq-az+ir+a), qora kabilardir. Tas/tash (tosh), qal (qop), ic/ish (ish), at (ot ), qol (qo`l) va hokazolar predmetlarning nomini atab, ot so`z turkumiga kiradi hamda birlikdagi, bosh kelishikdagi so`zlar qatorini hosil qiladi3.
Aq, sari, qara, biyik, (baland) o`zaklari statik belgini ifodalab, sifat so`z turkumini tashkil qiladi. Endi (endi), burun, en (eng) kabilar, deydi olim, belgining belgisini ifodalab, ravish kategoriyasiga kiradi. Bir, eki (ikki), uch/ush (uch) tort ,(to`rt) kabilar sonlardir. O`ay! Iq! Maa! undov va taqlidlar, uchin/ushin, deyin (-gacha) kabilar ko`makchilar, -g`u (-ku), -ma/me (-mi) (so`roq yuklamasi) – yuklamalar hamda hem, biraq boglovchilar hisoblanadi. Turkiy tillarda fe’llar ham o`ziga xos tabiatga ega, ya’ni ular yasalish xususiyatiga ega: tashla, angla, bilim, qapshiq (qopchiq- qop va kichraytirish shakli –chiq/-shiq.) Turkiy tillarda fonetik struktura- o`zak morfemalardagi 3 tovushli tarkib bilan ajralib turadi. Har bir o`zak –undosh + unli+ undosh tartibidagi yopiq bo`gindan iborat (cgc). Ikki tovushli, bir tovushli o`zaklar turkiy tillarda kam uchraydigan istisnolikdir, ular aslida 3 tovushli tarkibning tarixan, fonetik jihatdan qisqargan ko`rinishidir. 3 tovushdan ko`p so`zlar boshqa tillardan o`zlashgan hisoblanadi.
Turkiy tillarga xos bo`lgan gap qurilishi [WPm] qolipi asosida voqelanadi. Предикатив bog`lanish [Pm] (predikate-kesim, m – shaxs/son, zamon, mayl, modallik) orqali yuzaga chiqadi. So`z birikmasi –gap kengaytiruvchilari yoki so`z kengaytiruvchilaridan iborat bo`lishi mumkin. Mana shu sintaktik xususiyat barcha turkiy tillar uchun xos bo`lib, bu oilani boshqa tillardan, ulardagi grammatik xususiyatlardan keskin farqlab turadi (chunonchi, Hind-yevropa tillarida gap birgina kesimning o`zidangina emas, balki ega va kesimning qat’iy ishtiroki va tartibi (egadan keyin albatta kesim keladi ) asosida tuziladi).