Oylar kunni yutar ekan yamlamay
Menchi buni goho anglab, anglamay,
Ora-sira ko’zga tushib qolaman,
Cho’ntagingda qolib ketgan tangaday
Shoir Abdurashit Urboyev yaqin o’tmish mavzusini yoritishga ko’proq urinadi. Uning «Qurbonjon dodxohning vasiyati» nomli she’ri bunga misol bo’la oladi. Ma’lumki, Qurbonjon dodxoh Turkistonda rus bosqiniga qarshi kurashgan jasur, qahramon kishi edi. U ayol bo’lishiga qaramasdan, katta qo’shin to’plab ruslarning O’rta Osiyoga kelishiga qarshi jang qildi. Abdurashit Urboyevning bu she’rida Qurbonjonning el-yurtiga, umuman, turkiy xalqlarga qarata o’lim oldidagi murojaati aks ettirilgan. Bu murojaatda har qanday holatda ham Vatanni, millatni himoya qilishga da’vat etilgan. El ichida ko’plab sotqinlar ham chiqqan, ular o’zga yurtdan kelgan bosqinchilarni non va tuz bilan kutib olgan. Bu ishni ular tor manfaatlar doirasidan kelib chiqib qiladi. Dushmanlarning marhamatiga sazavor bo’lish, ular tuzgan yangi davlatdan biror mansabni egallash ilinjida millatni sotadiganlar ham xalq ichida anchagina uchraydi.
Agar yurti birlashsa, u katta kuch bo’ladi, uni yengadigan, unga bardosh beradigan dushman yo’q deyiladi ushbu she’rda. Lekin hozirgi dunyoda omon qolish uchun birlashish bilan birga, xushyor, farosatli bo’lish ham talab qilinadi. Aks holda xalq boshida qora bulut aylanib, «porloq kelajak» emas, balkim qandaydir boshqa kelajak kutadi deydi shoir.
Xushyor bo’ling, zamon boshqa, shart boshqa,
Iloj yo’qdir ot tizginin tortmasga.
Bizlar uchun mezon bo’lsin farosat,
Ishonmanglar, «Men do’st degan har kasga…»
Jigarlarim, elu-yurtim, farzandim,
Yaqin qoldi u dunyoga safarim.
So’zlarimni uqib oling, azizlar,
Vasiyatim, mening so’nggi gaplarim
Ko’rmay qolsam agar osmon yulduzni,
Ichmay qolsam xushbo’y, totli qimizni,
Shoshiling boz xabar bering O’ng, So’lga,
O’limim ham birlashtirsin qirg’izni…
Haqiqatdan ham, bu she’rda shoir vatandoshlarini xushyor bo’lishga, birlashishga, farosatli bo’lishga undayapti. Bu faqat qirg’iz xalqigagina emas, balki bosqinchilardan jabr ko’rgan barcha ellar uchun ham ogohlantirishday jaranglab turibdi.
Ko’pgina qirg’iz shoirlarining she’rlarida o’z yurtining shonli o’tmishi bilan, tarixda o’tgan mashhur kishilari bilan faxrlanish tuyg’usi sezilib turganining guvohi bo’lamiz. Masalan, Nodirbek Alimbekovning «Yoshlari bor» nomli she’rida qirg’iz xalqining o’tmishi bilan faxrlanish tuyg’usi quyidagicha ifodalangan.
Qirg’izning Talasi bor, Manasi bor,
Aytmatovday, Akayevday qanoti bor.
Uchishga shaylangan shu qanotni
Sindirishdan toymagan odati bor.
Bu satrlarda faxrlanish tuyg’usi bilan birga, bitta achchiq haqiqat ham aytilyapti. Bir-birini ko’rolmaslik, baxillik, birovining muvaffaqiyatidan ikkinchisi iztirobga tushish odati barcha turkiy xalqlar ichida, oz bo’lsa-da uchraydi. Shoir ana shu salbiy xislatni armon bilan ta’kidlayapti. Lekin she’rning so’nggi misrasi «Ortida-chi, zo’r umidli yoshlari bor» degan misralar bilan tugallanib, bu esa o’quvchida kelajakka umid bilan qarashni ta’minlaydi.
N. Alimbekov boshqa xalqlarni hyech ham kam ko’rmaydi, aksincha, ularning ayrim fazilatlaridan qirg’izlar o’rganishi kerak degan to’g’ri g’oyani olg’a suradi. Uning «Tungonilar» she’rida tungan xalqining nihoyatda mehnatkash xalq ekanligi ta’kidlanib, qirg’izlar ulardan o’rnak olish kerak deydi.
Tungonilar ketmon chopib, ter to’kib,
Rizqin izlab ona yerga yopishar.
Tanballikka ko’nib qolgan qirg’izlar
Toqqa qarab uyqusirab yotishar…
Shoirning «Yahudiylar haqida» nomli she’rida ham, bu mehnatkash xalqning tejamli, aqlli, bir-biri bilan inoq ekanligi boshqa xalqlarga ham ibrat bo’lish kerak deydi.
«Bizga o’xshash odam ekan ular ham
Qo’l-oyog’i, qoshi, boshi bor».
Ana shunday ajabtovur latifa,
Yangilishmasam, juhudlarga dahldor.
Zamonaviy qirg’iz she’riyatida yana bir ko’zga tashlanib turgan xususiyat, bu do’stlik mavzusidir. Bu do’stlik eng birinchi navbatda Turkistonda yashab turgan xalqlar o’rtasida mustahkam bo’lish kerak, degan g’oyalar targ’ib qilinmoqda. Haqiqatdan ham qadimda yagona bo’lgan Turkiston uchta xonlikka bo’linib ketganligi uchun qariyb 150 yil ruslarga qaram bo’lib qoldi. Ruslar esa Turkistonni boshqarish ason bo’lsin deb beshga bo’lib yubordi. Ana shu beshta davlat bugungi kunda tarixiy taraqqiyot tufayli mustaqillikka erishdi. Bu bizning ota-bobolarimiz orzu qilib kelgan haqiqiy istiqlol edi. Hozirgi ming xil nayranglar o’ynab turgan dunyoda, uni yana yo’qotib qo’yish hyech gap emas. Shuning uchun Turkistonning barcha xalqi yagona musht bo’lib birlashish kerak. Ana shunday bo’lsa, davlat qudratli bo’ladi. Xuddi shunday g’oyalar ko’plab zamonaviy qirg’iz shoirlarining she’rlarida yangramoqda. Bunga misol sifatida Yadgar Solayevning «Besh panja» nomli she’rini ko’rsatishimiz mumkin:
Besh panja bor, beshov birday teng emas,
Beshov agar biriksami, sen emas,
Odamzodga sodiq xizmat qilguday,
Qudrati bor, yarim-yorti el emas!
Qirg’iz, qozoq, o’zbek, tojik, turkmanni
Qirgan paytda, ajdodlarim hurkkanmi?..
Besh panjaday ahil bo’lsak, biriksak,
Ko’rar edik haddi sig’ib, turtkanni!..
Qardoshlikning qadrin avval bilaylik,
Hamkor bo’lib, doim o’ynab-kulaylik.
To’yda suyanch, aza chog’i tobutkash
Birlashaylik, mushtum bo’lib yuraylik.
Ana shunday qadim Turkiston xalqlarining birlashishiga da’vat boshqa turkiy xalqlar adabiyotida ham keng yoritilmoqda. Turkistonni yagona Vatan deb tushunish, uning qudrati uchun kurashish faqat ijodkorlarning emas, balki shu yerda yashovchi barcha xalqlarning muqaddas burchi bo’lib hisoblanishi kerak.
Xullas, qirg’iz adabiyoti zamon bilan hamohang tarzda taraqqiy etmoqda. Mustaqillik davrida o’zbek va qirg’iz adabiy aloqalariga yangicha yondashish bo’layapdi. Mashhur yozuvchi Ch.Aytmatovning bevosita tashabbusi bilan “Issiq ko’l forumi” singari uyushmalar tuzildi. Bu uyushmalarning asosiy shiori tinchlik, xalqlar o’rtasidagi do’stlikni mustahkamlash va adolatni tiklashdan iboratdir.
Adabiyotlar
1. Istoriya kirgizskoy literaturы. M., 1970.
2. Ch.Aytmatov, M.Shoxanov. “Cho’qqida qolgan ovchining ohi-zori”. T., 1998.
3. A.To’qimboyev. Tong oldida. She’riy roman. T., 1985.
4. «Manas» eposi. 1-kitob, T., 1964 y.
5. S.Eraliyev. Tog’lar farzandiman. She’rlar. Toshkent, 1978.
Dostları ilə paylaş: |