NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTI TUSHUNCHASI – nodavlat notijorat tashkiloti - jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni o‘z qatnashchilari o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir. Nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, boshqa demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma‘rifiy maqsadlarga erishish, ma‘naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish, xayriya faoliyatini amalga oshirish uchun hamda boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarda tuziladi.
OVOZ BERISH– saylov jarayonining muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, aktiv saylov huquqiga ega bo‘lgan fuqaroning saylovda deputatlikka yoki saylab qo‘yiladigan boshqa lavozimga nomzodga o‘z ovozini berishga qaratilgan xatti-harakati.
OKRUG SAYLOV KOMISSIYASI – saylov okrugida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga rahbarlik qiluvchi, okrugdagi uchastka saylov komissiyalariga uslubiy ko‘maklashuvchi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladigan, davlat hokimiyati vakolatiga ega bo‘lgan maxsus kollegial organ.
OMBUDSMAN –O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo‘lib, unga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta‘minlash vakolatlari berilgan.
OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI –ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri bo‘lib, u demokratiyani chuqurlashtirish va aholining siyosiy faolligini oshirishda, fuqarolarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotdagi voqelikka nisbatan dahldorlik xissini shakllantirishda, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati, shuningdek jamiyatda yuz berayotgan barcha o‘zgarishlar, bo‘layotgan jarayonlar xususida keng jamoatchilikka etkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunchilikka muvofiq ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo‘lgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va elektron tarzda (tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar, umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb–saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositasi sifatida e‘tirof etiladi.