2. Er solig‘i hisobi va soliq hisoboti. Yuridik shaxslardan olinadigan er solig‘i to‘lovchilari, soliq solish ob’ekti, bazasi
hamda soliq stavkasini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari, soliq davrini hisoblab
chiqarish va to‘lash tartibini Soliq kodeksining (SK) 49-bobi bilan tartibga solinadi.
Er uchastkalaridan foydalanganlik uchun byudjetga to‘lovlar er solig‘i yoki er
uchun ijara haqi tariqasida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijaraga berilgan er
uchastkalari uchun to‘lanadigan ijara haqi er solig‘iga tenglashtiriladi. Er uchastkalarini
ijaraga olgan yuridik shaxslarga yuridik shaxslardan olinadigan er solig‘i stavkalari,
yuridik shaxslardan olinadigan er solig‘ini to‘lovchilar uchun belgilangan imtiyozlar,
soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisob-kitoblarini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi
tatbiq etiladi.
Yuridik shaxslar mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara
huquqi asosida foydalaniladigan er uchastkalari uchun er solig‘i to‘laydilar.
Soliq to‘lovchilar -Mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki
ijara huquqi asosida er uchastkalariga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, shu jumladan
O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari er solig‘ini to‘lovchilaridir.
Ko‘chmas mulk ijaraga berilgan taqdirda, ijaraga beruvchi er solig‘ini to‘lovchi
bo‘ladi.
Er uchastkasidan bir nechta yuridik shaxs birgalikda foydalangan taqdirda, har bir
yuridik shaxs er uchastkasining foydalanilayotgan maydonidagi o‘z ulushi uchun er
solig‘ini to‘lovchidir.
Soliq solish ob’ekti -Mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki
ijara huquqi asosida yuridik shaxslarda bo‘lgan er uchastkalari soliq solish ob’ektidir.
Quyidagilarga soliq solish ob’ekti sifatida qaralmaydi:
aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi erlari. Aholi punktlarining umumiy
foydalanishdagi erlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sug‘orish tarmog‘i, sohil bo‘yi erlari
va boshqa shu kabi erlar;
aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun
foydalaniladigan erlar (daraxtzorlar, bog‘lar, sayilgohlar, xiyobonlar, shuningdek ariq
tarmoqlari egallagan erlar);
kommunal-maishiy erlar (qabristonlar, chiqindilarni zararsizlantirish va ularni
utilizatsiya qilish joylari va boshqa shu kabi joylar);
zaxira erlar.