Uch fazali ikki qatlamli to‘lqinsimon chulg‘amlar. Katta quvvatli ko‘p qutbli o‘zgaruvchan tok mashinalarida, xususan, gidrogeneratorlarda magnit oqimning kattaligi va g‘altaklar sonining ko‘pligi tufayli stator chulg‘amining zaruriy kuchlanishi g‘altakdagi o‘ramlar soni wg’ = 1 bo‘lganda erishiladi. Bu holda ikki qatlamli chulg‘am har qaysi pazda faqat ikki o‘tkazgich yoki katta kesimli sterjenlarning pazdan tashqari qismlarini maxsus payvandlash yo‘li bilan hosil qilinadigan o‘ramlardan iborat bo‘ladi. Bunday chulg‘amni sterjenli chulg‘am deyiladi.
Sterjenli to‘lqinsimon chulg‘amlar asosan katta quvvatli gidrogeneratorlarning stator chulg‘ami uchun hamda o‘rta va katta quvvatli faza rotorli asinxron motorlarning rotor chulg‘ami uchun qo‘llaniladi, chunki bu holda g‘altak guruhlarini o‘zaro ulashlarning kamayishi hisobiga misni tejashga va chulg‘amni tayyorlash uchun mehnat sarfining kamayishiga erishiladi. Bu iqtisod ayniqsa ko‘p qutbli o‘zgaruvchan tok mashinalarida, masalan, gidrogeneratorlarda anchagina bo‘ladi.
10.2-m i s o l. Quyidagi berilganlar bo‘yicha to‘lqinsimon chulg‘amni o‘rganish talab etiladi: Z =24, m = 3, 2p = 4, q = 2, y1 =5, y2 =7, = 5/6. O‘zgaruvchan tok to‘lqinsimon chulg‘amda pazlar soniga teng bo‘lgan g‘altaklarning umumiy soni uchga bo‘linishi talab qilinadi. Bunday chulg‘amni hosil qilish uchun natijaviy qadam qo‘llaniladi.
ynat = Z / p = 6 q (10.6)
Chulg‘am to‘lqinining har xil qutblar ostidan ketma-ket o‘tishida magnit maydonda siljish bo‘lmaydi, lekin to‘lqin boshlang‘ich o‘tkazgichga aylanib (qaytib) kelganda, natijaviy qadam unga nisbatan bitta sterjenga (orqaga yoki oldinga) sun’iy siljish qilinadi va bundan keyin ynat qadam bilan yangi o‘tish boshlanadi. Uch fazali ikki qatlamli sterjenli to‘lqinsimon chulg‘am sxemasi (10.8-rasmdagi sirtmoqsimon chulg‘amga oid berilganlar bo‘yicha) 10.11-rasmda tasvirlangan. Faza oraliqlari bo‘yicha pazlarning taqsimlanishi va g‘altak tomonlari (o‘tkazgichlari) EYuK lari yulduzi ikki qatlamli sirtmoqsimonniki bilan bir xil bo‘ladi. Sxemani ko‘rib chiqish o‘ng‘ay bo‘lishi uchun chulg‘am sxemasining chizmasi 10.8-rasmdagiga nisbatan boshqa joydan qirqilgan holda tasvirlangan.
10.11-rasmdagi sxemada «A» fazaning boshlanishi № 2 o‘ramdan, ya’ni 2-pazning ustki qatlamidan boshlangan. Bu o‘ramni hosil qilish uchun pazlar sonida hisoblanadigan to‘la qadam y = = Z/(2p) = 24/ 4 = 6 dan bittaga qisqartirilgan ( = y/ =5/6= 0,833; y1 = y = 6 0,833 = 5), ya’ni 2 + y1 = 2 + 5 qadamdagi №2 o‘ramning oxiri (7-pazning pastki qatlami)dan to‘la qadamga nisbatan bittaga uzaytirilgan y2 = 7 qadam bilan №14 o‘ramga o‘tiladi va bu o‘ramning oxiri (19-pazning pastki qatlami)da yakor (stator) to‘la («p» ta, ya’ni juft qutblar soniga teng bo‘lgan p = 2 o‘ram aylanib chiqiladi.
Yakorni ikkinchi o‘tishda №14 o‘ramning oxirini №1 o‘ram boshiga ulash bilan boshlanadi. Bu ulanish boshqa ulanishlarga (masalan, №2 va №14 g‘altaklar orasidagi ulanish 7 ta tish bo‘linmasiga teng) nisbatan qisqa. Yakorni ikkinchi aylanishda yana p = 2 ta (№1 va №13) g‘altak o‘tiladi va bu aylanishni 18-pazning pastki tomoni (10.11-rasmda 1(o))dan chiqish bilan tugaydi (bunda indeks «(o)» – oxiri degan ma’noni beradi). Berilgan misolda q = 2 bo‘lgani uchun shu bilan yakor atrofini aylanib o‘tishning birinchi sikli tugaydi. Bitta qutbga va har bitta fazaga to‘g‘ri keladigan pazlar soni q = 3, 4 va undan ko‘p bo‘lganda bu sikl 3, 4 va boshqa o‘tishlar (aylanib chiqishlar)ni o‘z ichiga olib, bunga chulg‘amning «pq» o‘ram (ya’ni g‘altak)lari kiradi (berilgan misolda 22=4 o‘ram), ya’ni fazaning barcha 2pq g‘altaklarining yarmi kiradi.
10.11-rasmda «A» fazani aylanib o‘tishning ikkinchi sikli (2(b) ning oxiri) №19 g‘altakning pastki tomoni (ya’ni №24 pazning pastki tomoni)dan boshlangan, bunda (berilgan holda) fazaning barcha o‘ramlari 1(o)2(b) ulagich orqali ketma-ket ulangan. Aylanib o‘tishning ikkinchi sikli teskari yo‘nalishda amalga oshiriladi, shu bilan birga q = 2 aylanib o‘tishda 20, 8, 19, 7 pazlardagi g‘altaklarni qamrab oladi va fazaning oxiri «X» bilan tugaydi. «B» va «C» fazalardagi ulanishlar ham shunga o‘xshash bajariladi. O‘zgaruvchan tok mashinasining qutblar sonidan qat’iy nazar chulg‘am har qaysi fazadagi aylanib o‘tishlar sikllarini ulaydigan uchta ulagichdan iborat bo‘ladi. Shunday qilib, to‘lqinsimon chulg‘amning har bitta fazasi har qaysida «pq» g‘altak bo‘lgan ikkita qismdan tashkil topgan. Bu qismlarni parallel ulasa ham bo‘ladi. Bu holda to‘lqinsimon chulg‘am o‘ng‘ay bajariladigan a = 2 parallel shoxobchalarga ega bo‘lishi mumkin.Ta’kidlash lozimki, qisqartirilgan qadamli to‘lqinsimon chulg‘amlar sirtmoqsimon chulg‘amlardagi singari mashinaning elektromagnit xossalarini yaxshilaydi, lekin chulg‘amning birinchi qisman qadami y1 bittaga qisqartirilib, ikkinchi qisman qadami y2 esa bittaga uzaytirilgani tufayli chulg‘amning pazlardan tashqari qismining umumiy uzunligi o‘zgarmaydi va, demak, mis tejalmaydi.
Ikki qatlamli sterjenli to‘lqinsimon chulg‘amlar o‘rta va katta quvvatli faza rotorli asinxron motorlarning rotor chulg‘amini bajarishda ham keng qo‘llaniladi. Bu holda chulg‘am to‘la qadam (y = ) bilan bajarilib, uning A, B, C boshlari va X, Y, Z oxirlari, rotor massasini muvozanatlash maqsadida, aylana bo‘yicha bir tekis taqsimlanadi.