Murakkab to‘lqinsimon chulg‘am. Murakkab to‘lqinsimon chulg‘am bir yakorning pazlariga joylashtirilgan bir nechta oddiy to‘lqinsimon chulg‘amlardan iborat bo‘ladi. Har qaysi to‘lqinsimon chulg‘amda ikkita parallel shoxobcha bo‘lganligidan, murakkab chulg‘amdagi parallel shoxobchalar soni:
2a = 2m, (26.22)
bu yerda m – murakkab chulg‘amni hosil qilgan oddiy to‘lqinsimon chulg‘amning parallel shoxobchalari soni (mashina qutblari soniga bog‘liq emas). Murakkab chulg‘amni hosil qiluvchi oddiy to‘lqinsimon chulg‘amlar cho‘tkalar yordamida o‘zaro parallel ulanadi. Ayni bir onda cho‘tka bilan qoplanadigan plastinalar soni parallel juft shoxobchalar soni (a) dan katta bo‘lishi kerak. Murakkab to‘lqinsimon chulg‘amda natijaviy qadam va kollektor bo‘yicha qadam o‘zaro teng bo‘lib quyidagi formuladan aniqlanadi:
y = yk = (K m)/p = (K a)/p. (26.23)
Murakkab to‘lqinsimon chulg‘amning qolgan (y1 va y2) qadamlarini hisoblash formulalari oddiy to‘lqinsimon chulg‘amlardagidek bo‘ladi.
26.6§. O‘zgarmas tok mashinalari yakor chulg‘amlarining turlarini taqqoslash va ularni tanlash Chulg‘am turlari quyidagi mulohazalarga ko‘ra tanlanadi: 1) cho‘tkalar ostidan kuchli uchqun chiqmasligi uchun yakor parallel shoxobchalaridagi tok kattaligi 350 A dan oshmasligi kerak; 2) kollektor plastinalari soni haddan tashqari ko‘p bo‘lmasligi, plastinalarning qalinligi mexanik mustahkamlik sharti bo‘yicha kamida 3,5 mm bo‘lishi kerak; 3) kollektor plastinalarining eng kam sonini tanlashda, ikki qo‘shni plastinalar orasidagi kuchlanish ko‘pi bilan 30 V dan oshmasligi kerak. Chulg‘am turini tanlashda parallel shoxobchalari eng kam bo‘lgan oddiy to‘lqinsimon chulg‘amlar (a =1) ma’qul ko‘riladi, buning ustiga unda tenglashtiruvchi ulanishlar bo‘lishi talab etilmaydi.
Yakordagi faol tomonlar soni bir xil bo‘lganida generatorning EYuK to‘lqinsimon chulg‘am qo‘llanilganda sirtmoqsimon chulg‘amdagidan katta bo‘ladi. Masalan, to‘lqinsimon va sirtmoqsimon chulg‘amlar uchun quyidagilar Ze= 24 va 2p = 4 berilgan bo‘lsin. U holda to‘lqinsimon chulg‘am qo‘llanilganda har qaysi parallel shoxobchaga 12 seksiya, sirtmoqsimon chulg‘am qo‘llanilganda faqat 6 ta seksiya ulangan bo‘ladi. To‘lqinsimon chulg‘am bo‘lgan holdagi EYuK sirtmoqsimon chulg‘am bo‘lgan holdagidan 2 marta katta bo‘ladi.
Har qaysi parallel shoxobchadagi tokni kamaytirish uchun hamda oddiy sirtmoqsimon chulg‘amda qo‘shni plastinalar orasidagi kuchlanish yo‘l qo‘yilganidan yuqori bo‘lgan hollarda parallel shoxobchalar sonini oshirish uchun murakkab sirtmoqsimon chulg‘amlar ishlatiladi. Ko‘pincha ikki marta tutashgan sirtmoqsimon chulg‘amdan foydalaniladi. Katta quvvatli O‘T mashinalarida va og‘ir ish sharoitli rejimlarda ba’zan aralash chulg‘amlar qo‘llaniladi. Sirtmoqsimon chulg‘amga qaraganda bu chulg‘amning asosiy afzalligi – tenglashtiruvchi ulanishlarga hojat yo‘qligidir. Tenglashtiruvchi ulanishlarni joylash qiyin bo‘lgan katta tezlikli O‘T mashinalarida bu juda muhimdir. Foydalanish nuqtai nazaridan aralash chulg‘amlarning eng katta kamchiligi – ularni ta’mirlash qiyinligidir.
Toki katta va kuchlanishi past bo‘lganda yp = 1 qiymat ishlatiladi. UN =220 V, PN >(3050) kW bo‘lganda seksiyalardagi o‘ramlar soni hamma vaqt ws = 1 bo‘lishi kerak.
Nazorat savollari
1. O‘zgarmas tok generatorining ishlash prinsipini so‘zlab bering? 2. O‘TM chulg‘amlarini hisoblash qanday amalga oshiriladi? 3. Chulg‘amlarning simmetriya shartlari nimalardan iborat? 4. Chulg‘am turi qanday tanlanadi?