yashirin ikkalamchi iqtisodiyot – yakka tartibdagi va kooperativ
faoliyatning nazoratdan yashiringan, ya’ni qonun tomonidan taqiqlangan yoki
belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan turi.
3. Yalpi ichki mahsulotni hisoblash usullari Milliy mahsulotni hisoblashda milliy hisoblar tizimidan foydalaniladi.
Milliy hisoblar tizimi (MHT) – bu barcha asosiy iqtisodiy jarayonlarni, takror ishlab chiqarish sharoitlari, jarayonlari va natijalarini tavsiflovchi o‘zaro bog‘liq makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, tasniflar va guruhlar tizimi. MHT BMT tomonidan e’lon qilingan «Milliy hisoblar va yordamchi jadvallar
tizimi» nomli hujjat asosida xalqaro statistikada standart tizim sifatida 1953 yildan
boshlab qo‘llanila boshladi. Hozirgi davrda dunyoning 100 dan oshiq
mamlakatlarida, shu jumladan O‘zbekistonda mazkur tizim keng qo‘llaniladi.
Milliy hisoblar tizimi asosini yig‘ma balanslar tashkil qiladi. Bunga daromad va
xarajatlar balansi misol bo‘lishi mumkin. Daromadlar xo‘jalik birliklari va aholi
umumiy daromadlari (ish haqi, foyda, daromadlarning boshqa turlari, amortizatsiya)
summasini aks ettiradi. Xarajatlar to‘rtta guruhdan iborat bo‘ladi: iste’mol,
investitsiyalar, davlat xaridi, sof eksport. Milliy hisoblar makroiqtisodiyotning
me’yordagi – muvozanatli holatga erishish darajasini aniqlashga yordam beradi.
Ushbu milliy hisoblar tizimi asosida YAIM uch xil usul bilan hisoblanishi
mumkin:
Birinchi usul – bu YAIMni hisoblashga qo‘shilgan qiymatlar bo‘yicha yondashuv. Bunda milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlari bo‘yicha yaratilgan
qo‘shilgan qiymatlar qo‘shib chiqiladi (YAIM tarmoq va ishlab chiqarishlar
bo‘yicha). Bu usul bilan hisoblangan YAIM alohida tarmoqlarning shu mahsulotini
yaratishdagi o‘rnini va hissasini aniqlash imkonini beradi.