21-modda. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning texnik reglamentlarni ishlab chiqish uchun qo‘llanilishi Texnik reglamentlarni ishlab chiqishda mahsulotlar va xizmatlarning xavfsizlik mezonlarini belgilovchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi milliy va xalqaro normativ hujjatlardan foydalaniladi.
Texnik reglamentlarda daliliy baza sifatida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning matnlari to‘liq yoki qisman keltiriladi.
22-modda. Texnik reglamentlarga rioya etish Texnik reglamentlarga rioya etish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
Texnik reglamentlar amalga kiritilgach, standartlashtirish bo‘yicha ularda ko‘rsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan tegishli normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yo‘qotadi hamda belgilangan tartibda qo‘llanilishda ixtiyoriylik kasb etadi.
23-modda. Texnik reglamentlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Texnik reglamentlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlarining va davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar 24-modda. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlarni moliyalashtirish Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlarni moliyalashtirish respublika budjeti va yuridik shaxslarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagilar moliyalashtiriladi:
umumiy texnik reglamentlarni ishlab chiqish;
umumiy va maxsus texnik reglamentlarni ekspertizadan o‘tkazish;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar davlat fondini yuritish;
texnik reglamentlarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha xalqaro tashkilotlardagi a’zoligi bilan bog‘liq xarajatlar.