22.09.1994. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi
45 -modda. Majburiy jamoat ishlari Majburiy jamoat ishlari mahkumni haq to‘lanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga
majburiy tarzda jalb qilishdan iboratdir. Mahkum ishlayotgan yoki o‘qiyotgan bo‘lsa, majburiy
jamoat ishlari ishdan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtda o‘taladi.
Mahkumlar majburiy jamoat ishlarini o‘tashi mumkin bo‘lgan joylar (obyektlar) va majburiy
jamoat ishlarining turi mazkur jazoning ijrosini nazorat qiluvchi organlar tomonidan belgilanadi.
Majburiy jamoat ishlari bir yuz yigirma soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha bo‘lgan muddatga
tayinlanadi va olti oy davomida kuniga to‘rt soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda, mahkumga bog‘liq
bo‘lmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda esa, bir yilgacha bo‘lgan muhlatda kuniga to‘rt soatdan
ko‘p bo‘lmagan vaqtda o‘taladi.
Oldingi tahrirga qarang. Majburiy jamoat ishlari pensiya yoshiga yetgan shaxslarga, o‘n olti yoshga to‘lmagan
shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi
guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, harbiy xizmatchilarga, chet el fuqarolariga va O‘zbekiston
Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
(45 -moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son) Mahkum jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan taqdirda, sud majburiy jamoat ishlarining
o‘talmagan muddatini majburiy jamoat ishlarining to‘rt soatini ozodlikni cheklashning yoki
ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblab, ozodlikni cheklash yoki
ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlanilgan
vaqt jazoning o‘talgan muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-maydagi 346-sonli “Ma’muriy jamoat ishlari tariqasidagi jazoning ijrosini tashkil etish tartibi haqidagi nizomni hamda Majburiy jamoat ishlari turlarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori . (45 -modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi O‘RQ-421-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)