Eksperimentning borishi. Mustaqil o‘zgaruvchini manipulyasiya qilish bilan birga tobe o‘zgaruvchini o‘lchash/baholashga imkon beruvchi topshiriqlar qo‘yiladi. Jarayon aniq ta’riflanadi, muntazam izchillikda qo‘llaniladi va batafsil yoritiladi. U har biri ma’lum axborot beradigan bir necha tajriba-sinovlarni o‘z ichiga oladi. Bir xil turdagi sinov ishlari bir butunga birlashtirilishi mumkin. Ishtirokchilar orasidagi (between the subjects) jarayonda har bir ishtirokchi bitta guruhga biriktiriladi va har bir guruh bir xil sharoitda sinaladi. SHunday jarayonda nazorat guruhi ham bo‘lib, u guruh manipulyasiya qilinmaydi. Ishtirokchilar ichidagi (within the subjects) jarayonda har bir ishtirokchi turli sharoitlarda bir necha marta sinaladi. Mazkur ikki jarayon birlashtirilishi mumkin. Turli ishtirokchilardan tashkil topgan ikki guruh bir xil sharoitga qo‘yiladi.
Ishtirokchilar ichida o‘zgaruvchilar o‘zgaruvchining har bir darajasida har bir ishtirokchini sinash orqali manipulyasiya qilinadi: har bir ishtirokchi birinchi son so‘z turkumi ishtirokidagi gaplarni va ikkinchi son so‘z turkumi ishtirok etgan gaplarni o‘qiydi (ikkita son so‘z turkumining semantikasidagi farqlar o‘rganilayotganda va ulardan birining semantikasi ikkinchisinikiga qaraganda murakkabroq tuzilishga ega deya gipoteza qo‘yilgan eksperimentda). Ishtirokchilar orasida o‘zgaruvchilar esa har bir darajada turli ishtirokchilarni sinash orqali manipulyasiya qilinadi: ishtirokchilarning yarmi birinchi son so‘z turkumi ishtirokidagi gaplarni o‘qisa, ularning qolgan yarmi ikkinchi son so‘z turkumi ishtirok etgan gaplarni o‘qiydi. Bu ikkala ishtirokchilar turidan qaysi birini tanlash eksperiment loyihasiga bog‘liq. Mazkur sharoitda ishtirokchilar ichida o‘zgaruvchilarni tanlash maqsadga muvofiq. Zero, har bir ishtirokchi o‘rtasidagi farq turli xususiyatlarga ko‘ra farqlanishi mumkin va bunday xususiyatlarning ko‘pchiligi eksperiment diqqat markazida bo‘lmasligi mumkin. Bunda agar shart-sharoitlar o‘rtasida farq topilsa, bu eksperiment gipoteza qilayotgan son so‘z turkumidan birining semantik tuzilishidagi murakkablikning bir sababi bo‘lishi mumkin yoki gipotezaga kiritilmagan boshqa bir o‘zgaruvchi tufayli bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ishtirokchilarning o‘qish tezligidagi farqlar va bu farqlarning ishtirokchilar reaksiya vaqtiga ta’siri boshqa noma’lum bir o‘zgaruvchi tufayli bo‘lishi mumkin.