Yozuvga o‘rgatishda orfografik elementlar. Orfografiya yunoncha so‘z bo‘lib, “to‘g‘ri yozuv” degan ma’noni bildiradi. Orfografiya (imlo) adabiy tilning yozma shakli bilan bog‘liq bo‘lib, to‘g‘ri yozish haqidagi qoidalar yig‘indisidir. Orfografiyani bilmay turib, fikrni adabiy til me’yorlari asosida yozma ifodalab bo‘lmaydi. O‘quvchilarning imloviy savodxonligi haqida g‘amxo‘rlik qilish tilning aniqligi, fikrni to‘g‘ri ifodalash, kishilar bilan o‘zaro xatosiz muomala qilish uchun g‘amxo‘rlik demakdir. Savod o‘rgatish davrida bolalarda grafik malakani shakllantirish bilan birga imloga oid malaka ham shakllantiriladi.
Savod o‘rgatish davrida o‘quvchilar quyidagilarni amaliy tarzda o‘rganadilar:
talaffuzi va yozilishida farq qilmaydigan so‘zlarda tovush bilan harfning mosligini;
so‘zlarni alohida yozishni, ya’ni yozuv vositasida so‘zni ma’no birligi sifatida ajratishni;
v) so‘zning satrga sig‘may qolgan qismini keyingi qatorga bo‘g‘inlab ko‘chirib yozishni (bunda bo‘g‘in hosil qilgan bir unli harfni qatorga ko‘chirib yozib bo‘lmasligini);
g) gap boshida, shuningdek, kishilar ismida, hayvonlarga qo‘yilgan nomlarda bosh harfning ishlatilishini.
Savod o‘rgatish davrida o‘quvchilarda o‘z-o‘zini tekshirishga oid malaka shakllantiriladi: ular yozganlarini namuna bilan solishtiradilar, yo‘l qo‘ygan xatolarini topadilar, ularni izohlashga o‘rganadilar. Shu davrdanoq ko‘chirib yozish, diktant va ijodiy yozuv (insho)lardan foydalaniladi.
Gap va so‘zlarni yozishdan oldingi tayyorgarlik ishlari, muntazam o‘tkazib boriladigan o‘z-o‘zini tekshirish mashqlari, o‘qilgan matnning imlosini kuzatish o‘quvchilarda yuqori savodxonlik garovi bo‘lgan orfografik ziyraklikni asta-sekin shakllantira boradi, ularni yuqori sinflarda o‘rganiladigan imlo qoidalarini puxta o‘zlashtirishga tayyorlaydi.
Yozuvdarslaridao‘quvchilarnutqinio‘stirish. Yozuv darslarida ham o‘quvchilar nutqini o‘stirish, fikrlashga o‘rgatish asosiy vazifalardan hisoblanadi. Yozuvga o‘rgatishning dastlabki kunlaridanoq bolalarning o‘z fikrini yozma ifodalashi muhim ekanligini, u insonlarning aloqaga kirishuvida muhim vositaligini tushunishlariga erishish lozim. Buning uchun o‘quvchilar yozadigan birinchi so‘z ularning jonli nutqidan yoki o‘zlari tuzgan gapdan olinishi kerak. Bu jarayonda ko‘chirib yozish va diktant ijodiy yozuvdan so‘ng o‘tkaziladi. Bu yozma mashq turlarining ongli bajarilishini, o‘quvchilarning bilish faolligini ta’minlaydi. Masalan, bolalar o‘qish darsida “Alifbe” da berilgan rasmga qarab gap yoki hikoya tuzadilar, yozuv darsida esa o‘sha gap yoki hikoyadagi ma’lum bir so‘zni yozadilar. Bu ular uchun ijodiy yozuv - inshodir. Keyinchalik o‘quvchilar alohida so‘z yozishdan kichik-kichik gaplarni yozishga o‘tadilar.
O‘quvchilar gap yoki hikoyani og‘zaki ravishda erkin tuza oladilar, lekin ammo yozish uchun o‘rganilmagan harf bo‘lmagan so‘zni tanlashda qiynaladilar. Bu jarayonda o‘qituvchi yordam berishi va yozuvni kuzatib borishi lozim.
Ijodiy yozuv mashqini doimo izchil ravishda o‘tkazib, asta-sekin murakkablashtirib borish kerak. Bunday mashqlar o‘quvchilarni insho va bayon yozishga tayyorlaydi, o‘z fikrlarini mustaqil ravishda yozma bayon qilishga o‘rgatadi.
Yozuv darslarida yuqoridagi kabi mashqlar o‘quvchilarning yozma nutqini og‘zaki nutqi bilan bog‘liq holda o‘stirishni ta’minlaydi.