Yozuvga o‘rgatishning tashkiliy va gigienik shartlari. Maktabda asosiy yozuv quroli sharikli ruchka bo‘lib, xattaxtaga yozishda bo‘rdan foydalaniladi.
Savod o‘rgatish davrida bolalarni yozuvga o‘rgatish uchun turli vaqtlarda turli xil chiziqli daftarlardan foydalanilgan: dastlab chiziqsiz silliq qog‘oz ishlatilgan bo‘lsa, keyin quyuq yotiq chiziqlar bilan kesilgan uch chiziqli daftardan foydalanilgan:
Bunday daftarda yozuvga o‘rgatilgan boladan boshlang‘ich sinflarni bitirguncha besh xil daftarga yozishni o‘rganish talab etilar edi:
Hozirgi vaqtda yozuvga o‘rgatish uchun ikki chiziqli daftar tavsiya etiladi. Xattaxta ham shunga mos bo‘lishi talab qilinadi; 2-sinfdan, ba’zan birinchi sinfda o‘quv yilining ikkinchi yarmidan boshlab bir chiziqli daftarga yozishga o‘tiladi.
Daftar tutishda bolalarni hoshiya qoldirishga, daftar chiziqlariga rioya qilishga, harflarni bir xil hajmda yozishga, sarlavhani aniq va to‘g‘ri ajratishga, xat boshidan yozishda joy qoldirishni unutmaslikka o‘rgatib borish ularda saranjom-sarishtalikni tarbiyalaydi. Yozuv darsida o‘quvchilar “Yozuv daftari” bilan ishlaydilar. Sinfda o‘rganilgan harfni uyda mashq qilish uchun alohida daftar bo‘lishi kerak.
O‘qituvchi yozish vaqtida 65˚ qiyalikda yozishni, buning uchun daftar parta ustiga 25˚ qiyalikda qo‘yilishini ta’kidlab turadi.
Yozuv daftari bilan ishlash.Savod o‘rgatish jarayonida o‘quvchilar o‘qishga o‘rganish bilan parallel ravishda yozuvdan ham elementar malaka hosil qiladilar. Dasturga muvofiq o‘quvchilar yozuvdan quyidagi malakalarni egallashlari lozim:
Partada to‘g‘ri o‘tirish, daftarni to‘g‘ri qo‘yish, chiziqlarni chamalash, yozayotganda ruchkadan to‘g‘ri foydalanish, hoshiyaga rioya qilish (1-rasm).
Ish daftari yoki alifbe asosida o‘zbek alifbosidagi barcha katta va kichik harflarni yozish, shuningdek, harflarni so‘zda bir-biriga bog‘lab yoza olish: bosma matnni yozma matnga aylantirib yozish.
Tahlil qilingan so‘z va ikki-uch so‘zli gaplarni o‘qituvchi yordamida yozish.
Talaffuzi bilan yozilishida farq qilmaydigan so‘zlarni ko‘chirib yozish va eshitib yozish: yozganlarini matnga qarab, shuningdek, izohlab o‘qish bilan tekshirish.
Og‘zaki tuzilgan hikoyadan olingan gapni yozish.
Analitik-sintetik tovush metodi (tovush-tarkib metodi) tamoyiliga muvofiq, o‘qish va yozuv birligi saqlanadi. Harflarni yozishda o‘qishga o‘rgatishdagi tarkib asos qilib olinadi, ya’ni o‘qish darsida o‘quvchilar harfni o‘zlashtiradilar, matnni o‘qiydilar, yozuv darsida esa shu harfli so‘zni yozadilar.
Yozuvga o‘rgatish, birinchi navbatda, grafik malaka hosil qilishdir. Har bir malaka ham ta’lim berish, ko‘nikmani shakllantirish va shu asosda qator mashqlarni bajarish natijasida hosil qilinadi.
Grafik malaka, birinchidan, qo‘l-harakat malakasidir, bu harakat birinchi qarashda muskul kuchiga asoslanadi. Ikkinchidan, yozuv jarayonida nutqning o‘zlashtirilgan birligi bo‘lgan tovush grafik belgilarga, ya’ni harfga tarjima qilinadi. Bu yozuvga ongli faoliyat tusini beradi. Yozuvning ongliligi, birinchidan, tovush va harfning to‘g‘ri nisbatini, ikkinchidan, bir qancha grafik va imloviy qoidalarga rioya qilishni, uchinchidan, o‘z fikrini, taassurotini, istaklarini ifodalashda yozuv malakasidan foydalanishni talab qiladi.
Yozishdan birdan-bir maqsad fikrni ifodalashda yozuv malakalaridan foydalanish hisoblanadi. Bu maqsadni bolalar tez anglab etsalar, ularda yozma nutq malakasi shunchalik muvaffaqiyatli va to‘g‘ri shakllanadi. Savod o‘rgatish jarayonida bolalar juda sekin yozadilar.
Yozuv malakasi o‘qish malakasi bilan uzviy bog‘liqdir. Bola yomon o‘qisa, yozuvni egallashi ham qiyin bo‘ladi, chunki bo‘g‘inlab o‘qish malakasidan so‘ng, bo‘g‘inlab yozish malakasi shakllanadi.
Yozish va o‘qish uchun bolaning umumiy nutqiy rivojlanishi katta ahamiyatga ega. Keyinroq, bolalarda o‘z fikrini yozma ifodalash malakasi bir oz barqarorlashganda, bu malaka nutqqa, fikrni ifodalash jarayoniga ham ijobiy ta’sir qiladi.
Yozuv daftarida o‘quvchilar “Alifbe”da o‘rganilgan harfni yozma shakllantiradilar. Suhbat uchun daftarning yuqori qismida predmet rasmi yoki biror mazmunli rasm keltirilishi, ayrim predmet nomlarini ifodalovchi so‘z chizmasi katakchalarga ajratib berilishi, gap nusxalarining keltirilishi maqsadga muvofiqdir. Ba’zi o‘rinlarda o‘quvchilar berilgan gap yoki so‘z chizmasini o‘zlari mustaqil tasvirlaydilar.
Predmet rasmi berilgan o‘rinlarda shu predmet nomi so‘z bo‘g‘in-tovush jihatdan tahlil qilinadi, so‘zdagi tovushlar soni suhbat yo‘li bilan aniqlanadi va katakchalarda ranglar bilan belgilanadi.
Mazmunli rasm asosida gap chizmasiga mos gap tuziladi, keyin o‘sha gapning tahlili ustida ish olib boriladi.
Harflarning yozma shakli ularning bosma shakli bilan taqqoslash orqali tanishtiriladi.
Yozuv daftarida turli belgilar qo‘llangan. Ular shu belgi uchragan o‘rinlarda tanishtirib boriladi.
Yozuvga o‘rgatishda o‘quvchilarning ko‘ruv, eshituv, qo‘l harakati sezgilarini ishga solish lozim. Shunda yozuv quruq yozuv bo‘lmay, ongli yozuvga aylanadi.