Umummetodologik fanlar kafedrasi


bo‘lim. Ona tilidan sinfdan tashqari ishlar



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə5/107
tarix27.04.2023
ölçüsü0,53 Mb.
#103558
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   107
MAJMUA ona tili oqitish

bo‘lim. Ona tilidan sinfdan tashqari ishlar. Bu bo‘limda talabalar ona tilidan sinfdan tashqari ishlarning maqsadi, mazmuni, shakllari va vositalari bilan tanishtiriladi. Sinfdan tashqari ishlarda o‘quvchilarning qiziqishlariga tayangan holda ularning tilning muayyan sohalarini chuqurroq anglashlariga erishish, ijodiy faoliaytga yo‘llash nazarda tutiladi.
    1. Ona tili o‘qitish metodikasi fanining metodologik va ilmiy asoslari


Ona tili o‘qitish metodikasining metodologik asosi borliqni bilish nazariyasidir. Bu fanning bosh vazifasi o‘quvchilarning o‘zbek tili lug‘at boyligini to‘liq o‘zlashtirib olishlarini ta’minlashdir.
Ma’lumki, jamiyatda til kishilar o‘rtasidagi aloqaning zaruriy vositasidir. Tilning aloqa vositasi sifatidagi ahamiyati uzluksiz ortib boradi. Til borliqni oqilona, mantiqiy bilish vositasidir. Til birliklari yordamidagina bilish jarayonida umumlashtirish, tushunchani muhokama va xulosa bilan bog‘lash amalga oshadi.
Til va nutq tafakkur bilan uzviy bog‘lanadi. Tilni egallash va nutq o‘stirish bilan o‘quvchining fikrlash qobiliyati ham o‘sib boradi.
Maktabning vazifasi tilni kishilar orasidagi munosabatning rivojlangan nozik quroliga aylantirish hisoblanadi.
Metodik fan sifatida ona tili o‘qitish metodikasi boshlang‘ich ta’lim standarti belgilab bergan vazifalarni amalga oshiradi, ya’ni tafakkur qilish faoliyatlarini kengaytirish, erkin fikrlay olish, o‘z fikrini og‘zaki va yozma ravishda ravon bayon qila olish, jamiyat a’zolari bilan erkin muloqotda bo‘la olish ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga oid metod va usullarni ishlab chiqadi.
Bilish nazariyasiga ko‘ra analitik-sintetik ishlar yordamida til ustida kuzatishdan umumiy xulosa chiqarishga, nazariy ta’rif va qoidaga, shular asosida yana og‘zaki va yozma tarzdagi nutqiy aloqaga, to‘g‘ri yozuv va to‘g‘ri talaffuzga o‘tiladi. O‘quvchilar jonli nutqiy aloqaga to‘g‘ri talaffuz va to‘g‘ri yozuvni elementar nazariy ma’lumotlar asosida amaliy egallash orqali kirishadilar. Ular til materiallarini kuzatish, tahlil qilish orqali elementar nazariy qoidalar chiqaradilar, o‘rgangan va o‘zlashtirilgan nazariy qoidalarni amaliyotga ongli ravishda tatbiq etadilar.
Maktabda ona tili o‘qitish metodikasining bunday yo‘nalishi haqiqatni bilish qonuniyatlariga ham, hozirgi zamon didaktikasi vazifalariga ham mos keladi.
Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari belgilab berildi:

  • ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;

  • ta’limning uzluksizligi va izchilligi;

  • umumiy o‘rta, shuningdek, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limining majburiyligi;

  • o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining yo‘nalishini: akademik listeyda yoki kasb- hunar kollejida o‘qishni tanlashning ixtiyoriyligi;

  • ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;

  • davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;

  • ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;

  • bilimli bo‘lishni va iste’dodni rag‘batlantirish;

  • ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish.

Bu tamoyillar boshlang‘ich ta’limda ona tili o‘qitish metodikasining vazifalarini ham belgilab, aniqlashtirib beradi. Qonunda ta’kidlanganki, boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim va ko‘nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgan.
Ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash Milliy tizimini yaratish asosiy maqsad qilib olingan. Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev: Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz” 3 - degan edilar.
3 Mirziyoyev SH.M. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. Xalq so‘zi // 2016-yil 16-dekabr.
Kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosati insonni intellektual va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan uzluksiz ta’lim tizimi orqali har tomonlama barkamol shaxsni shakllantirishni nazarda tutadi.
Ona tili o‘qitish metodikasi fani ham ta’lim jarayonini tashkil etish shakllarini va usullarini ishlab chiqishda yuqoridagi maqsadlar asosida ish yuritadi.
Umumiy o‘rta ta’limning bir bosqichi bo‘lgan boshlang‘ich ta’lim 1-4- sinflarni o‘z ichiga oladi. Milliy dasturda ta’kidlanganidek, bu bosqichda ta’limning yangicha tizimini va mazmunini shakllantirish uchun quyidagilar zarur:

  • o‘quvchilarning qobiliyatlari va imkoniyatlariga muvofiq ravishda ta’limga tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish;

  • ta’lim berishning ilg‘or pedagogik texnologiyalarini, zamonaviy o‘quv-uslubiy majmualarini yaratish va o‘quv-tarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta’minlash va hok.

Milliy dasturda ta’lim tizimining yaxlit axborot makonini vujudga keltirish bo‘yicha ta’kidlangan ko‘rsatmalar, uzluksiz ta’limni ta’minlash borasidagi islohotlarni amaliyotga tatbiq etish boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Ona tili o‘qitish metodikasi psixologiya va pedagogika ma’lumotlariga ham tayanadi. Metodikaning masalalarini hal etishda pedagogik ilmlar ham yordam beradi. Shuning uchun ham psixologiya va pedagogika fanlari ham metodikaning metodologik asosi hisoblanadi.
Pedagogik psixologiya kishiga ta’lim va tarbiya berishning psixologik qonuniyatlarini o‘rganishni o‘z predmeti deb biladi. U o‘quvchilarda tafakkurning shakllanishini tadqiq qiladi, aqliy faoliyat usullari va ko‘nikmalarini o‘zlashtirish jarayonini boshqarish masalalarini o‘rganadi, o‘qitish jarayoning muvaffaqiyatliligiga, pedagog bilan o‘quvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga va o‘quvchilar jamoasidagi munosabatlariga ta’sir qiluvchi psixologik omillarni, o‘quvchilardagi individual-psixologik farqlarni, aqliy rivojlanishdan orqada qoluvchi bolalar bilan olib boriladigan ta’lim-tarbiya ishlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlaydi. Bu bilan pedagogik psixologiya metodika faniga o‘quv materialini tanlashda, boshlang‘ich sinflarda ona tilining mazmuni va hajmini, o‘quv materialini aniqlashda hamda ularni sinflar bo‘yicha taqsimlashni muayyan izchillikda joylashtirishda yordam beradi, o‘qitishning samarali usul va shakllarini belgilashga, o‘quvchilar analitik-sintetik faoliyatining to‘g‘ri o‘sishiga ko‘maklashadi.
Metodika psixologiya fani ma’lumotlariga tayanib o‘qitishda o‘quvchilarning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olib yondashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ona tili o‘qitish metodikasi psixolingvistika fani bilan ham uzviy bog‘liqdir. Psixolingvistika metodikaga nutq haqida fikrni bayon qilish turlarini belgilovchi omillar, “nutqni qabul qilish signallari” apparati, individual munosabatga va ommaviy aloqaga nutqiy ta’sirning foydasi haqida ma’lumot beradi. Bu ma’lumotlar metodik masalalarni hal qilish uchun, ayniqsa, bog‘lanishli nutqni o‘stirish metodikasi uchun juda muhimdir.
Boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi didaktika bilan, ya’ni ta’limning umumiy nazariyasi bilan ham bog‘lanadi. Metodika didaktika belgilab bergan qonuniyatlar, qoida va tamoyillarga asoslanadi. Didaktika tamoyillariga, ya’ni o‘rganiladigan materialning ilmiyligi va muvofiqligi, til va materialni o‘rgatish va mustahkamlashda ko‘rgazmalilik, onglilik, bilim, ko‘nikma va malakaning puxtaligi, doimiy takrorlash, o‘quvchilar bilish faoliyatining faolligi, mustaqillik, o‘qitishni hayot bilan, bolalarning qiziqishlari bilan bog‘lab olib borishga rioya qilish maktabda o‘qitiladigan barcha predmetlardan, shu jumladan ona tilidan ham, o‘qish jarayonini tashkil qilishda juda zarurdir.
Ona tili metodikasi umumiy pedagogika bilan ham o‘zaro bog‘lanadi. Maktab ta’limidagi har bir o‘quv predmeti, shu jumladan ona tili ham, faqat bilim berish, ko‘nikma va malaka hosil qilish bilangina cheklanmay, bolaning ongini oshirishi va tarbiyalashi ham zarur. Haqiqatdan ham, ona tili o‘qitish jarayonida bolalarning dunyoqarashi shakllanadi, bilish qobiliyatlari o‘sadi, ular aqliy, axloqiy, estetik tomondan rivojlanadi, xarakterida ma’lum ijobiy xususiyatlar yuzaga keladi, mehnat qilishga o‘rganadi va hok.
Pedagogika fani bolalarni har tomonlama rivojlantirish va ularni tarbiyalash masalalarini ilmiy tomondan ishlab beradi. Ona tili o‘qitish metodikasi pedagogika fani yangiliklariga, uning yuqorida qayd etilgan masalalarni ilmiy tomondan ishlab bergan ma’lumotlariga tayanadi.
Ona tili metodikasini umumiy pedagogika bilan bog‘lash ayniqsa boshlang‘ich sinflarda muhimdir. Kichik yoshdagi o‘quvchilarning jamoaviy va shaxsiy o‘quv faoliyatida zarur bo‘lgan ko‘p odat va ko‘nikmalari hali tarbiyalanmagan bo‘ladi. Tashkilotchilik, jamoa ishiga tez kirishish, e’tibor bilan eshitish, o‘qish va yozish, faol va mustaqil ishlash, barcha ishlarni puxta va saranjom bajarish kabi ko‘nikma va odatlar o‘qituvchi va maktab tomonidan amalga oshiriladigan umumpedagogik tadbirlar tizimini tashkil etadi. Tarbiyaning shunga o‘xshash nazariy va amaliy masalalarini pedagogika ishlab beradi. O‘qituvchi pedagogik talablarni amalga oshirsagina, ona tiliga o‘rgatishni ta’lim-tarbiya jihatidan foyda keltiradigan qilib uyushtira oladi.
Ona tili o‘qitish metodikasi o‘zbek tilining ma’lum qismini nazariy egallashni nazarda tutadi, shuning uchun ham fonetika va fonologiya, leksikologiya va frazeologiya, so‘z yasalishi va etimologiya, grammatika morfologiya va sintaksis, stilistika, shuningdek, orfoepiya, grafika, orfografiya kabi fanlar ona tili metodikasining muhim asosi hisoblanadi.

Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   107




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin