Umummetodologik fanlar kafedrasi



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə52/107
tarix27.04.2023
ölçüsü0,53 Mb.
#103558
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   107
MAJMUA ona tili oqitish

3-masalaning bayoni.
Otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi. 3-sinfda „Otlar, ya’ni otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi“ ustida ishlash jarayonida o‘quvchilarda: 1) birlik va ko‘plikda qo‘llangan otlarning ma’nosi va qo‘shimcha orqali farqlash, 2) birlikdagi otdan ko‘plik shaklidagi va, aksincha, ko‘plikdagi otdan birlik sondagi ot hosil qilish, 3) gapda so‘zlarning bog‘lanishini hisobga olgan holda, otlardan nutqda to‘g‘ri foydalana olish ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi taqqoslash usulidan foydalanib tushuntiriladi. Buning uchun bir predmetni va shunday bir necha predmetni bildirgan otlar taqqoslanadi: daftar — daftarlar, qalam — qalamlar, nok — noklar kabi. Suhbat asosida daftar so‘zi nechta (bitta) predmetni va daftarlar so‘zi nechta (ikki va undan ortiq) predmetni biidirishi aniqlanadi. Boshqa so‘zlar bilan ham shunday ishlanadi. Oddiygina xulosa chiqariladi va fikrlar umumlashtiriladi: agar otlar bir predmetni bildirsa, birlikda qo‘llanadi, agar ikki va undan ortiq shaxs yoki narsani bildirsa, ko‘plikda qo‘llanadi. Ko‘plikdagi otni yasash uchun birlikdagi otga -lar qo‘shimchasi qo‘shiladi. Birlikdagi otlar kim? yoki nima? so‘rog‘iga, ko‘plikdagi otlar esa kimlar? yoki nimalar? so‘rog‘iga javob bo‘ladi.
Bu sinf o‘quvchilariga faqat birlikda qo‘llanadigan otlar, birlik shaklida qo lllangan armiya, qo‘shin, xalq kabi otlar ko‘plik ma’nosini biidirishi, bunday otlarga ko‘plik qo‘shimchasi qo‘shilganda anglatadigan ma’nosi maxsus tushuntirilmaydi. Agar o‘quvchilar bu haqda savol bersalar, soddagina shaklda tushuntirish mumkin.
Otlarning egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanishini o‘rgatish. Bu mavzu boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun murakkab hisoblanadi, chunki bu mavzu o‘rganilgunga qadar, o‘quvchilar „shaxs" tushimchasi bilan hali tanishtirilmagan, kishilik olmoshlarini hali o‘rganmagan bo‘ladilar. O‘quvchilarga egalik qo‘shimchasi shaxs, narsa birlik va ko‘plikdagi uch shaxsdan biriga taalluqli ekanini bildirishini tush­untirish qiyin. Shularni hisobga olib, o‘quvchilarni otlarning egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanishini o‘zgatishda o‘qituvchi ishni sarlavhadagi „egalik" so‘zining leksik ma’nosini tushuntirishdan boshlashi maqsadga muvofiq: „egalik" ega bo‘lish, qarashlilik, tegishlilik, oidlik ma’nolarini bildiradi, demak, egalik qo‘shimchasi deganda biror narsaga ega bo‘lishni, shu narsa tegishli, shu narsaning egasi ekanini bildiradigan qo‘shimchalar tushuniladi. Otlar egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanadi. Otga qo‘shilgan egalik qo‘shimchasi shu ot ifodalagan shaxs, narsaning kimgadir qarashli ekanini, shu narsaning egasi ekanini bildiradi. Misollarni kuzataylik: Kecha o‘qigan kitobim juda qiziqarli ekan. Sening kitobing ham qiziqarlimi? Ra’noning kitobi ham qiziqarli edi.
Kitobim, kitobing, kitobi so‘zlari so‘z tarkibiga ko‘ra tahlil qili­nadi va o‘quvchilar kitob — o‘zak, -im, -ing, -i qo‘shimcha ekanini aniqlaydilar. O‘qituvchi kitob va kitobim so‘zlarini taqqoslashni, -im qo‘shimchasining ma’nosi haqida o‘ylab ko‘rishni topshiradi, muammoli vaziyat yaratadi; o‘quvchilar qo‘shimchaning ma’nosi haqida fikr yuritadilar, ammo kitobim so‘zining ma’nosiga (mening kitobim — kitob meniki) tushunsalar ham, fikrlarini shakllantirib aytib berolmaydilar. O‘qituvchi qisqa tushuntiradi:
Tilda uchta shaxs mavjud:
I shaxs - so‘zlovchi
II shaxs - tinglovchi
III shaxs - o‘zga
Hozir men sizga so‘zlayapman, tushuntiryapman, demak, men — so‘zlovchi, hozir siz meni tinglayapsiz, demak, siz (sen) tinglovchi, hozir tinglashga qatnashmayotganlar ham bor, u (ular) — o‘zga hisob­lanadi. Siz otlar birlik va ko‘plik sonda qo‘llanishini bilasiz. Ma’lumki, biror narsa bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxsga tegishli bo‘lishi mumkin. Mana shu ma’nolarni, ya’ni biror shaxs va narsaning birlik yoki ko‘plikdagi uch shaxsdan biriga qarashli ekanini otga qo‘shilgan egalik qo‘shimchalari bildiradi. Masalan, kitobim so‘ziga qo‘shilgan -im qo‘shimchasi kitobning I shaxsga taalluqli ekanini, ya’ni kitobning egasi I shaxs ekanini bildiradi (-ing, -i qo‘shimchalari ham shunday tushuntiriladi). Kitobimiz so‘zidagi -imiz qo‘shimchasi kitob so‘zlovchi shaxsga, shu bilan birga, ko‘p shaxsga (ko‘p so‘zlovchiga) tegishli ekanini bildiradi (-ingiz, -i qo‘shimchalari ham shunday tushunti­riladi). Qisqa xulosa chiqariladi: otlarga qo‘shilgan mana shunday qo‘shimchalar egalik qo‘shimchalari deyiladi. Egalik qo‘shimchalari tegishlilik, egalik ma’nosini bildiradi.
Egalik qo‘shimchalari otlarga ikki variantda qo‘shiladi. Akam va kitobim, akang va kitobing, akasi va kitobi kabi oxiri unli hamda undosh tovush bilan tugagan otlar so‘z tarkibiga ko‘ra tahlil qilinadi, qo‘shimchalar taqqoslanadi, suhbat asosida xulosa chiqariladi: oxiri unli tovush bilan tugagan otlarga -m, -ng, -si, -miz, -ngiz, -si egalik qo‘shimchalari, oxiri undosh tovushlar bilan tugagan otlarga -im, -ing, -i, -imiz, -ingiz, -i egalik qo‘shimchalari qo‘shiladi. Shundan so‘ng o‘quvchilar „Ona tili" darsligidagi qoidani o‘rganadilar, jadvalni tahlil qiladilar.
O‘quvchilarga egalik qo‘shimchalari haqidagi ko‘nikmani shaktlantirish uchun matndan egalik qo‘shimchasi bilan qo‘llangan otni topish, uni tarkibiga ko‘ra tahlil qilib, egalik qo‘shimchasining shaxs-sonini aniqlash, matnda bcrilgan otga tushirib qoldirilgan egalik qo‘shimchasini qo‘shish, narsa qaysi shaxs yoki shaxslarga qarashli ekanini aytish kabi mashqlardan foydalaniladi.
Egalik qo‘shimchasi ustida ishlash bu bilan tugamaydi. Otlarning kelishiklar bilan turlanishini o‘rganish jarayonida egalik qo‘shimchasi bilan qo‘llangan ot qaratqich kelishigida kelgan boshqa ot bilan (kitob-ning muqovasi, Rahimning kitobi), kishilik olmoshlarining kelishiklar bilan turlanishini o‘rganish jarayonida esa egalik qo‘shimchasi bilan kelgan ot qaratqich kelishigidagi kishilik olmoshi bilan bog‘lanib, so‘z birikmasi hosil qilishi haqida bilim beriladi.
Otlarning kelishik qo‘shimchalari bilan qo‘llanishini o‘rgatish.
Kelishiklar sintaktik kategoriya hisoblanadi. Kelishik otlarning gapda boshqa so‘zlar bilan munosabatini ifodalaydi. Demak, kelishiklarni o‘rgatishda o‘quvchilarning gapda so‘zlarning bog‘lanishini bilishlari nazarda tutiladi. Kelishiklar ustida ishlashni o‘quvchilar gapda ma’no va grammatik tomondan bog‘langan so‘zlarni (so‘z birikmalarini) ajratishga o‘rganganlaridan so‘ng boshlanadi. Kelishiklar ustida ishlash gapda so‘zlarning bog‘lanishi ustida ishlash hamdir. Kelishiklarni bil­ish uchun o‘quvchi ot gapda qaysi so‘z bilan bog‘langanini aniq bilishi kerak. Ot gapda boshqa so‘zlar bilan bog‘langanda qo‘shimchalar bilan o‘zgarishi ancha oldindan kuzatib boriladi. Aslida o‘quvchilar 1-sinfdayoq so‘z shakllarining o‘zgarishi bilan amaliy tanishadilar, ammo ular so‘z shakli nimaligini hali bilmaydilar. O‘quvchilar keyingi sinfda shakl yasovchi (so‘z o‘zgartuvchi) qo‘shimchalar bilan tanishadilar, bu qo‘shimchalar gapda so‘zlarni bog‘lash uchun xizmat qilishini tushunadilar.
4-sinfda ot ustida ishlashning asosiy vazifasi fikr bayon qilishda ot­ning kelishik shakllaridan ongli foydalanish va kelishik qo‘shimchalarini to‘g‘ri yozishga o‘rgatish hisoblanadi.
Bu sinfda ot quyidagi izchillikda o‘rganiladi:
1)otlarning kelishiklar bilan turlanishi haqida tushuncha berish;
2)ko‘plikdagi otlarning turlanishini o‘rgatish;
3)har bir kelishikning xususiyatlarini alohida o‘rganish va u bilan bog‘liq holda kelishik qo‘shimchalarining yozilishi haqida ko‘nikma hosil qilish.
Otlarning kelishik qo‘shimchalari bilan o‘zgarishi — turlanish haqida tushuncha berish bilan o‘quvchilarga kelishik qo‘shimchalari gapda so‘zlarni bog‘lash uchun xizmat qilishi, o‘zbek tilidagi olti keli­shik, ularning nomi, so‘roqlari, qo‘shimchalari va joylashish tartibi tushuntiriladi.
O‘quvchilar turlanish bilan kelishiklaming mohiyatidan kelib chiqib gapni tahlil qilish jarayonida tanishtiriladi, gapning asosi (ega va kesim) va so‘z birikmalari ajratiladi. Ular gapda bir otning boshqa har xil so‘zlar bilan shakl yasovchi qo‘shimachalar (ning, -ni, -ga, -da, -dan) yordamida bog‘lanishini kuzatadilar, bu qo‘shimchalar keli­shik qo‘shimchalari ekanini, otlarning kelishik qo‘shimchalari bilan o‘zgarishi turlanish deyilishini bilib oladilar. Bolalarga kelishiklaming joylashish tartibi, so‘roqlari va bosh kelishikdan boshqa kelishiklaming aniq qo‘shimchalari mavjudligi darslikda berilgan jadval yordamida tushuntiriladi. Bosh kelishikdagi ot gapda ega vazifasida, boshqa kelishikdagi otlar esa ikkinchi darajali bo‘lak vazifasida kelishi bilan ham tanishtiriladi.
O‘quvchilar o‘zlashtirgan grammatik bilimlarini imloni o‘zlashtirishda foydalana olishlari uchun ishni bajarishda izchillikka katta ahamiyat beriladi. Bajarilgan ish yozib boriladi: o‘quvchilar avval gapda ot bog‘langan so‘zdan shu otga savol beradilar va savolni qavs ichiga yozadilar; keyin so‘roqqa qarab kelishikni aniqlaydilar. Masalan, o‘qidi (nimani?) — kitobni, tushum kelishigi). Ular buni yaxshi o‘zlashtirganlaridan so‘ng, mashq tez bajariladi, yozish talab etilmaydi.
Ko‘plikdagi otlarning turlanishini o‘rganishda nutqda ko‘plikdagi otlardan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini takomillashtirish maqsadi ko‘zda tutiladi. O‘quvchilar suhbat yordamida bosh kelishikdagi otning so‘rog‘ini va bitta shaxs, narsani bildirishini aytadilar, (nima? kitob, kim?- о ‘quvchi); o‘qituvchi agar shu ot ikki va undan ortiq, shaxs yoki narsani bildirsa, qanday so‘roqqa javob bo‘lishini, qaysi kelishikni bildirishini so‘raydi, ular qiynalmay javob beradilar (nima-lar? — kitoblar, kimlar? — o‘quvchilar).
Xulosa chiqariladi: ko‘plikdagi otlar bosh kelishikda nimalar? yoki kimlar? so‘rog‘iga javob bo‘ladi. O‘quvchilar otlarning kelishiklar bilan turlanishi jadvalidan foydalanib, shu otlarni ko‘plikda turlaydilar va ko‘plik qo‘shimchasi doim kelishik qo‘shimchasidan oldin qo‘shilishini, so‘roqlarini bilib oladilar.
Har bir kelishikni alohida o‘rganishning vazifasi kelishikni o‘r­ganish bilan bog‘liq holda kelishik qo‘shimchalarining yozilishi ha­qidagi malakani shakllantirish va o‘quvchilarning kelishiklar bilan turlangan otlardan ongli foydalanishlariga erishish hisoblanadi.
Kelishiklarni bilib olish maqsadida so‘roqlardan foydalaniladi. Buning uchun o‘quvchilar, birinchidan, so‘roqni otning yakka o‘ziga emas, balki gapda ot ma’no tomondan bog‘langan so‘zdan shu otga berishni o‘rganishlari, ikkinchidan, kelishiklarning so‘roqlarini yaxshi bilishlari zarur. Kelishiklarni o‘zlashtirishda gapning asosini aniqlagach, gapda o‘zaro bog‘langan so‘zlarni (so‘z birikmalarini) belgilash, ot bog‘langan so‘zni topish, so‘roq berib, qaysi kelishik bilan turlanganini, birlik yoki ko‘plikda qo‘llanganini aniqlash izchilligida ishni uyushtirish maqsadga muvofiq (Masalan, Alisher Nodirni muzeyga taklif qild). Gap Alisher haqida aytilgan. (Kim?) Alisher — ega (bosh kelishikda, birlik); Alisher (nima qildi?) — taklif qildi — kesim; taklif qildi (kimni?) — Nodirni (ot, tushum kelishigida, birlik); taklif qildi (nimaga? yoki qayerga?) — muzeyga (ot, jo‘nalish kelishigida, birlik).
Kelishiklaming xususiyatlarini o‘rganishga qulaylik yaratish uchun har bir kelishikni quyidagi umumiy reja asosida o‘rganish maqsadga muvofiq:

  1. Kelishikning grammatik ma’nosi.

  2. So‘roqlari.

  3. Qo‘shimchasi.

  4. Gapdagi vazifasi.

Kelishiklarni shu tarzda o‘rganish ularni o‘zaro taqqoslashni yengillashtiradi va ongli o‘zlashtirishni ta’minlaydi.
Bir kelishik o‘zining muhim belgilari (ma’nosi, so‘rog‘i, qo‘­shimchasi, sintaktik vazifasi) bilan boshqa kelishiklardan farqlanadi. Muayyan bir kelishikdagi otdan ongli foydalanish va kelishik qo‘shimchalarini to‘g‘ri yozish uchun o‘quvchilar kelishiklaming mu­him belgilarini puxta o‘zlashtirishi talab etiladi, shuning uchun ham kelishiklarning muhim belgilarini o‘zlashtirib, bir kelishikni ikkinchisidan farqlash ko‘nikmasini shakllantirishga katta o‘rin beriladi.
Bosh kelishikning xususiyatlarini o‘rganish bilan otning kelishik qo‘shimchasi yo‘q holati bosh kelishik ekani, bosh kelishikdagi ot boshqa so‘zni o‘ziga tobe qilishi, kim?, kimlar?, nima?, nimalar? so‘roqlariga javob bo‘lishi, gapda ega vazifasida kelishi haqida o‘quvchilarda ko‘nikma hosil qilinadi; lug‘atlarda otlar bosh kelishik shaklida berilishi va bosh shakl hisoblanishi, ba’zan egalik qo‘shimchasi olib qo‘llanishi bilan tanishtiriladi.
0‘quvchilar qaratqich va tushum kelishigini farqlashda qiynaladilar, bir qo‘shimcha o‘rniga ikkinchisini ishlatadilar. Bu kelishiklarning xususiyatlarini o‘rganishda bunday qiyinchilikning oldini olish va o‘quvchilarda kelishiklardan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini hosil qilish maqsadi ko‘zda tutiladi. Bu maqsadga erishish uchun bu ikki kelishikning ma’nosi, so‘roqlari, qo‘shimchasi va gapdagi vazifasi taqqoslanadi va suhbat asosida xulosa chiqariladi.
Qaratqich kelishigida turlangan ot: 1) qarashlilik ma’nosini bildirib, gapda boshqa otga bog‘Ianadi, u bog‘langan ot egalik qo‘shimchasi bilan qo‘llanadi (o ‘quvchining daftari, gulning bargi kabi); 2) kim(lar) ning?, nima(lar)ning?, ba’zan qayerning? so‘roqlariga javob bo‘ladi; 3) -ning qo‘shimchasi bilan qo‘llanadi; 4) gapda ikkinchi darajali bo‘lak vazifasida keladi.
Tushum kelishigida turlangan ot: 1) harakatni o‘ziga olgan shaxs, narsa ma’nosini bildiradi, gapda doim fe’lga bog‘lanadi (vazifani bajardim, kitobni o‘qidi kabi); 2) kim(lar)ni?, nima(lar)ni?ba’zan qayerni? So‘roqlariga javob bo‘ladi; 3) -ni qo‘shimchasi bilan qo‘llanadi; 4) gapda ikkinchi darajali bo‘lak vazifasini bajaradi.
O‘quvchilarning bu ikki kelishik qo‘shimchasidan nutqda to‘g‘ri foydalanish va ularni to‘g‘ri yozish haqidagi bilimini takomillashtirish uchun gapda otning qaysi so‘z bilan bog‘langanini aniqlash, so‘roqlar o‘rniga gapning mazmuniga mos so‘zni kelishik bilan turlab qo‘yish, tushirib qoldirilgan kelishik qo‘shimchalaridan mosini qo‘yib ko‘chirish, tanlab ko‘chirish mashqlaridan, saylanma va eslatish diktantlaridan ko‘proq foydalaniladi.
Boshlangich sinflar dasturiga ko‘ra, o‘quvchilarni qaratqich va tushum kelishigida otning belgisiz qo‘llanishi bilan tanishtirish tavsiya etilmaydi. O‘quvchilar jo‘nalish kelishigining xususiyatlari bilan tanishtirilgach, jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasining yozilishi tushuntiriladi:
a) oxiri jarangsiz undosh tovush bilan tugagan so‘zlarga jo‘nalish ke­lishigi qo‘shimchasi -ga qo‘shilganda talaffuzda -ka eshitilishi, ammo aslicha yozilishi sinfga, ishga, Shavkatga kabi so‘zlarni tovush-harf tomonidan tahlil qilish bilan tushuntiriladi;
b) o‘quvchilar „Mehnat yetkazar har tilakka“ kabi gapni o‘qib, tilak so‘zining o‘zgarishini kuzatadilar; gapdagi tilakka bog‘langan so‘zni topadilar va shu so‘zdan otga so‘roq beradilar (yetkazar (nimaga?) tilakka); bu jo‘nalish ke­lishigining so‘rog‘i ekanini aytadilar; tilakka so‘zi so‘z tarkibiga ко‘fa tahlil qilinadi va tilak — o‘zak, -ka qo‘shimcha ekani aniqlanadi; so‘ng u tovush-harf jihatidan tahlil qilinib, o‘zakning oxiri undoshi bilan tugagani, qo‘shimcha ham к undoshi bilan boshlanishi aniqlanadi. Suhbat usuli bilan xulosa chiqariladi: jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi oxiri к undoshi bilan tugagan otlarga -ka shaklida qo‘shiladi. „Baliq qarmoqqa ilindi “ gapidagi qarmoqqa so‘zi ustida ham yuqoridagi kabi ishlanadi.
Xulosani o‘qituvchi rahbarligida o‘quvchilarning o‘zlari chiqaradilar: oxiri q undoshi bilan tugagan otlarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi -qa shaklida qo‘shiladi.
O‘quvchilar o‘rin-payt kelishigining xususiyatlari bilan tanishtirilgach, -da kelishik qo‘shimchasi -ta bo‘lib eshitilsa ham, -da shaklida yozilishi tushuntiriladi. Ba’zi o‘quvchilar o‘rin-payt kelishigi o‘rniga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasini ishlatib, xatoga yo‘l qo‘yadilar. Bunday xatoning oldini olish uchun o‘quvchilar bilan fe’ldan jo‘nalish va o‘rin-payt kelishigida qo‘llangan otga so‘roq berib, so‘z birikmasini topishni ko‘proq mashq qilish va kelishiklaming so‘rog‘i va ma’nosiga qarab farqlashga o‘rgatiladi. Masalan, bordi (qayerga?) — maktabga, bo‘ldi (qayerda?) — maktabda; oldim (kimga?) - ukamga, ko‘rdim (kimda?) — ukamda.
O‘quvchilar chiqish kelishigining xususiyatlari bilan ham reja asosida tanishtirilib, ularga kelishik qo‘shimchasining yozilishi tushuntiriladi.
Kelishiklar haqidagi malakani shakllantirish ustida ishlashning samaraliligini ta’minlaydigan shartlar, birinchidan, maqsadga muvofiq mashq tanlash, mashq materialini asta murakkablashtirib borish bilan o‘quvchilarning mustaqqlligini oshirish, ikkinchidan, imloni grammatik bilimni takomillashtirib borish va o‘quvchilarning nutqini o‘stirish bilan bog‘lab o‘rgatishdir. Shunday qilib, boshlang‘ich sinflarda ot yaxlit holda o‘rganiladi va uni o‘rganish o‘quvchilar shu so‘z turkumining belgilarini, vazifasini o‘zlashtirishiga, shuningdek, ularda kelishik qo‘shimchalarini to‘g‘ri yozish ko‘nikmasini shakllantirishga qaratiladi.



Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   107




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin