Universiteti tabiiy fanlar fakulteti biologiya yo



Yüklə 301,24 Kb.
səhifə1/3
tarix25.03.2017
ölçüsü301,24 Kb.
#12586
  1   2   3




O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
ALIShER NAVOIY NOMIDAGI SAMARQAND DAVLAT

UNIVERSITETI
TABIIY FANLAR FAKULTETI

BIOLOGIYA YO’NALISHI

BOTANIKA VA O’SIMLIKLAR FIZIOLOGIYASI KAFEDRASI

Anvarova Gavhar

PAYARIQ TUMANI DALALARIDA TARQALGAN DORIVOR O’SIMLIKLAR VA ULARDAN FOYDALANISH”

«5420100 - biologiya» ta’lim yo’nalishi bo’yicha bakalavriat darajasini olish uchun
BITIRUV MALAKAVIY ISH
Ilmiy rahbar: dots.Umurzakova Z.I.

«___»_____________ 2013


Bitiruv malakaviy ishi botanika va o’simliklar fiziologiyasi kafedrasi bajarildi. Kafedraning 2013 yil 14 iyundagi majlisida muhokama qilindi va ximoyaga tavsiya etildi (bayonnoma №11).
Kafedra mudiri: dots. Haydarov X.Q.
Bitiruv malakaviy ish YaDAK ning 2013 yil 26 iyunidagi majlisida himoya qilindi va foizga baholandi (bayonnoma №8).

YaDAK raisi _____________________



SAMARQAND – 2013

MUNDARIJA

KIRISH…………………………………………………………………………….3

  1. ADABIYOTLAR TAHLILI………………………………………………...5

    1. Dorivor o’simliklar to’g’risida………………………………………………...5

    2. Dorivor o’simliklarni himoya qilish…………………………………………..6

1.3. Payariq tumani dalalarida tarqalgan dorivor o’simliklardan foydalanish……..8

  1. TADQIQOT SHAROITLARI, OBYEKTI VA USLUBLARI

    1. Tadqiqot sharoitlari…………………………………………………………..25

    2. Tadqiqot obyekti……………………………………………………………..25

    3. Tadqiqot uslublari……………………………………………………………27

  2. TADQIQOT NATIJALARI………………………………………………..28

    1. Payariq tumani dalalarida tarqalgan dorivor o’simliklarni oila, turkum va turlar bo’yicha taqsimlanishi……………………………………………………...28

    2. Payariq tumani dalalarida tarqalgan dorivor o’simliklarni botanik tavsifi……………………………………………………………………………...33

XULOSALAR……………………………………………………………………64

TAVSIYALAR…………………………………………………………………...65

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR………………………………………..66


KIRISH

Mavzuning dolzarbligi: Insoniyat qadimdan kasallikni davolash va uning oldini olishda tabiatning in’omi – o’simlik dunyosidan foydalanib kelgan. Tabiat insonga hamma boyligini bergan. Inson o’zi uchun kerak bo’lgan – havo, suv, oziq – ovqat, kiyim – kechak, turli sohalar uchun zarur bo’lgan ashyolarni tabiatdan oladi.

Inson hayotida o’simlik dunyosining ahamiyati juda katta. Uni o’rab turgan yashil okean yerdagi hayotning manbaidir. Yashil o’simliklar o’z organizmidagi doim ro’y beradigan fotosintez jarayoni tufayli atmosferani kislorod bilan boyitadi va havoni ortiqsa karbonat angidriddan tozalaydi.

O’simliklar havodagi kasallik keltiruvchi bakteriyalarni o’ldiradi va uchib yuruvchi moddalar – fitosidlar bilan to’yintiradi hamda changda tozalovchi filtr vazifasini bajaradi. Iqlim va mikroiqlim holati aksariyat hollarda o’simliklarga bog’liq.

O’simlik dunyosi inson sog’lig’ini saqlovchi asosiy vosita sifatida unga xizmat qilib kelmoqda. Odamlar ovqat uchun o’simlik mevasi, ildizi, bargi, va gullarini yig’ib yurganlarida ba’zilarini og’riqni qoldiruvchi, oqib turgan qonni to’xtatuvchi, yaralarni davolovchi ta’sirlari borligini, ya’ni dorivor ekanligini sezganlar va ulardan keyinchalik shifobaxsh vosita sifatida foydalanganlar. Ularning ko’pchiligini bundan uch yarim ming yil avval Misr shifokorlari qo’llaganlar va shu vaqtgacha bu o’simliklar o’zining dorivorlik ahamiyatini yo’qotmagan.



Tadqiqot maqsadi: Payariq tumani dalalarida tarqalgan dorivor o’simliklarni aniqlash va ularni ishlab chiqarishga tavsiya etish.

Tadqiqot vazifalari:

- Adabiyot tahlilini qilish.

- Payariq tumani dalalarida tarqalgan dorivor o’simliklarni aniqlash.

- Payariq tumani dalalarida tarqalgan dorivor o’simliklarga botanik tavsif va rasmlarni berish.

- Dorivor o’simliklardan foydalanishni aniqlash.

Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati:

Payariq tumani dalalarida tarqalgan dorivor o’simliklar va ulardan foydalanish boyicha ish birinchi marotaba qilindi. Dorivor o’simliklarning 17 oila 25 turkum va 25 turga kirishi aniqladi. Eng ko’p tur Qoqio’tdoshlar (Asteraceae) oilasida (4 tur, 16%), keyingi o’rinda Ituzumdoshlar (Solanaceae) oilasida (3 tur), uchinchi o’rinda Karamdoshlar (Brassicaceae) va Yalpizdoshlar (Lamiaceae) oilalarida (2 turdan). Hamma qolgan turkumlarda 1 turdan mavjud.

Dorivor o’simliklar hayotiy shakli bo’yicha o’tlar bo’lib, buta, chala buta va daraxt shakllari uchramaydi. Biz olib borgan izlanishlardan ma’lum bo’ldiki oila vakillarining 25 turdan iborat bo’lib, hayotiy shakliga ko’ra bir yillik o’tlar (9 tur), ikki yillik o’tlar (1 tur), ko’p yillik o’tlar (15 tur) o’simliklar ekanligi o’rganildi.
Ishning tuzilishi va hajmi:

Malakaviy bitiruv ishi kirish, 3 bob, xulosalar, tavsiyalar, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati 25 ta iborat. Ishning matni kompyuterda yozilgan 67 betni o’z ichiga oladi, unda 2 ta jadval, 17 rasmlar berilgan.



1. ADABIOTLAR TAHLILI

1.1. Dorivor o’simliklar to’g’risida

Tibbiyotda hamda xalq tabobatida turli kasalliklarni davolash, ularning oldini olish va dorivor preparatlar tayyorlashda ishlatiladigan o’simliklar dorivor o’simliklar deb yuritiladi.

Dorivor o’simliklarning ba’zan hamma qismlari (yer ustki va yer ostki organlari), ba’zida esa ayrim organlari – bargi, guli, mevasi, urug’i, po’stlog’i yoki ildizi, ildizpoyasi va tugunaklaridan foydalaniladi. Buning sababini mevali daraxtlar va sabzavot o’simliklar misolida tushintirish qulay. Masalan, olma, o’rik, shaftoli, anor, anjir, tok, nok, olcha, gilos kabi daraxt va butalarning mevalari; kartoshkaning tugunagi; sabzi, sholg’om, turp va lavlagining ildizmevasi; qovun, tarvuz, qovoq, garmdori, baqlajonlarning mevalari; mosh, loviya, guruch (sholi), no’xatlarning urug’i (doni); karam, salatning barglari ovqatga ishlatiladi. Bunga sabab aynan shu aytib o’tilgan organlarda inson va hayvonlar organizmi uchun zarur bo’lgan oziq va boshqa moddalar ko’p to’planadi. [2,3]

Dorivor (yoki shifobaxsh) o’simliklarda ham xuddi shunday kasallikni davolash xususiyatiga ega bo’lgan moddalar ulardan birining ildizi va ildizpoyasida ko’p yig’ilsa, ikkinchisining bargida yoki gulida va boshqa qismlarida to’planadi. Ayni shu shifobaxsh moddalar ko’p to’planadigan o’simlik qismlaridan tibbiyot va tabobatda kasalliklarni davolashda foydalaniladi va ular dorivor o’simliklar mahsulotlari (ba’zan xom ashyosi) deb ataladi. [1]

Dorivor o’simliklar mahsulotida ko’p to’planadigan va kasalliklarni davolash xususiyatiga ega bo’lgan moddalar dorivor o’simliklarning biologik faol moddalari (BMF) deyiladi. [20,21,22]

O’simliklarning biologik faol moddalari kimyoviy tuzilishi, zaharliligi, ya’ni organizmga ta’siri va turg’unligi jihatidan har xil bo’ladi.

Dorivor o’simliklarning mahsuloti sifatida ularning ildizi, ildizpoyasi, bargi, guli, mevasi, urug’i, yer ustki qismi (o’ti), tugunagi, piyozboshi (piyozi) va kurtaklaridan foydalaniladi. Masalan, tibbiyotda gulxayri, andiz, igir, ravoch, shirinmiya, (qizilmiya), valeriana, yetmak (bex) kabilarning ildizi va ildizpoyalaridan, oshpiyoz va sarimsoqning esa piyozidan foydalanilsa, ko’pchilik o’simliklarning yer ustki qismi ishlatiladi. Jumladan, yalpiz, angishvonagul, mingdevona, bangidevona, oqqaldirmoq, zupturum va boshqalarning bargi; moychechak, tirnoqgul, dastarbosh, bo’znoch, marjondaraxt va boshqalarning guli; na’matak, jumurt, maymunjon, chernika, shumurtlarning mevalari; zig’ir, xantal, yeryong’oq, bodom, kuchalalarning urug’i shifobaxsh vosita sifatida qo’llaniladi. [23,24]
1.2. Dorivor o’simliklarni himoya qilish
O’zbekistonning boy florasi foydali, shu jumladan, xalq va ilmiy tabobatda turli xastaliklarni davolashda ishlatiladigan dorivor o’simliklari bilan asrlar osha kishilarni o’ziga jalb etib keladi. Respublikamizda tog’rayhon, kiyiko’ti, ermon (achchiq shuvoq), qizilcha, qator gulli afsonak, oddiy dalachoy, dala qirqbo’g’imi, oddiy bo’yimodaron va Turkiston arslonquyruqlarining yer utski qismlari, katta zupturum va qoraqobuq barglari, na’matak mevasi, bodom urug’i kabi dorivor o’simliklar har yili katta miqdorda yig’ib olinadi. [17,18]

Dorivor o’simliklar zaxirasi qancha ko’p bo’lmasin, agar u har yili tartibsiz ravishda yig’ib olinsa, vaqti kelib bu katta zaxira ham tamom bo’ladi. Oltoyda yovvoyi holda o’sib, chakalakzorlar hosil qiladigan lavzeya va pushti rodiola (tilla ildiz) hamda O’zbekistonning ayrim viloyatlarida o’sadigan gangituvchi bozulbang va Viktor qoraqobug’i kabi o’simliklar “boshiga” ham shunday kun kelib qoldi. Endilikda bu o’simliklar tabiiy o’sish joyidan yig’ilmaydi. Chunki ular “Qizil kitob” ga kiritilgan. Zarur bo’lsa, ularni maxsus dalalar – plantasiyalarda o’stirish lozim. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. [9,11,]

Shifobaxsh giyohlar o’simliklar dunyosining ajralmas bir qismi sifatida o’zbek xalqining milliy boyligi hisoblanadi. Uni bekordan-bekorga poymol va oyoqosti qilish huquqi hech kimga berilmas ekan. Aksincha, bu boylik O’zbekiston Respublikasida qonuni asosida Davlatimiz tomonidan himoya qilinadi. Shu bilan birga, dorivor o’simliklar o’simliklar dunyosining tarkibiy qismi sifatida Respublikamizning ekologik vaziyati va muvozanat holatini saqlashda katta ahamiyatga egadir. [12,13,14]

Dorivor o’simliklar muhofazasi ularni yig’ib olishni rejalashdan, ya’ni dorivor mahsulotni qaysi tumandan va qaysi daladan qancha, qay vaqtda tayyorlash kerakligini aniqlash hamda o’simliklarni yig’uvchilar bilan suhbat o’tkazishdan boshlanadi.

Dorivor giyohlarning tabiiy zaziralarini va ko’p tarqalgan yerlarini tabiatda yo’q bo’lib ketishdan saqlash maqsadida quyidagilarga qat’iy rioya qilish maqsadga muvofiqdir.


  1. Dorivor o’simliklarni yig’ish tegishli idoralar tomonidan tasdiqlangan qat’iy reja bo’yicha hamda shu ishga ruxsati bor idoralar va shaxslar rahbarligida olib borilishi lozim. Ayni shu rejada shifobaxsh giyohlarning ko’p o’sadigan joylaridan mahsulot qaysi yili, qaysi daladan yig’ilishi va qaysi dalaga necha yil dam berilishi ko’rsatilgan bo’lishi kerak.

  2. Bir joydan dorivor o’simlik yig’ilgandan so’ng shu dalaga ko’rsatmada belgilangan muddatdan keyin kelish zarur.

O’simliklarning ayrim qismlari terib (o’rib va kovlab) olingandan so’ng uning tiklana olish xususiyati va muddatini hamda ayrim o’simliklarning qayta tiklanish va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda yig’ib olishning quyidagi muddatlari tavsiya qilinadi. [15,16]

- bir yillik o’t o’simliklarning yer ustki qismini (guli, bargi va poyasi) 2 yilda bir marta, ko’p yillik o’t o’simliklarni esa 4-16 yilda bir marta yig’ish mumkin.

- ko’p yillik o’t o’simliklarning yer ustki qismlarini (ilidz, ildizpoya, tugunak va piyozini (15-20 yilda (ayrimlarini 6-8; 10 yilda) bir marta yig’ish mumkin.

3. Dorivor o’simliklarning tabiiy sharoitda ko’p o’sadigan joylarini saqlab qolish maqsadida ularning faqat dorivor qismlarini kerakli miqdorda yig’ish lozim. Agar o’simlikning bargi, guli, mevasi yoki yer ustki qismini yig’ish kerak bo’lsa, uni ildizi bilan sug’urib olish yaramaydi.

4. Shifobaxsh giyohlarni yig’ish jarayonida ularning atrofidagi boshqa o’simliklarga zarar yetkazmaslik kerak.

5. O’simliklarning yer ostki organlarini qazib olishdan oldin, shu o’simlik tabiiy sharoitda yo’q bo’lib ketmasligi uchun, uning pishib yetilgan mevasini terib olib atrofga sochib yuborish, so’ngra ildiz va ildizpoyasini qazib olish zarur.

6. Tegishli idoralardan maxsus ruxsatnomasi bo’lmagan shaxslarga har qanday o’simlik mahsulotlarini yig’ish qat’iy man etiladi.

Yuqorida aytib o’tilgan ko’rsatmalar faqat yovvoyi holda o’sadigan o’simliklarga tegishli.

Mamlakatimizning o’simliklar dunyosi xalq boyligi hisoblanib, uni barchamiz himoya qilishimiz shart. Bu xayrli ishda avvalo, shu ishga daxldor va javobgar idoralar, muassasalar va shaxslar, jamoa va davlat xo’jaliklari hamda ularning boshliqlari qatnashishlari lozim.
1.3. Payariq tumani dalalarida tarqalgan dorivor o’simliklardan foydalanish

Burchoqdoshlar oilasi - Fabaceae

Oddiy achchiqmiya - Goebelia alopecuroides (L.) Bge

Achchiqmiya turlari tarkibida alkaloidlar bor. Alkaloidlar yig’indisidan paxikarpin, Martin va boshqa alkaloidlar ajratib olingan.

Xalq tibbiyotida achchiqmiya turlarining yanchilgan urug’i ishtaha ochadigan dori sifatida ishlatiladi. [11,14]

Ilmiy tibbiyotda achchiqmiya turlari alkaloidining preparati-paxikarpin yodgidrat gipertoniya, mayda qon tomirlar spazmida, muskul distrofiyalarida hamda tug’ruqni tezlashtiruvchi vosita sifatida qo’llanadi. Bulardan achchiqmiya preparati gush (ekzema) va ba’zi teri kasalliklarining davolashda ham ishlatiladi.


Gazandadoshlar oilasi - Urticaceae

Ikki uyli gazanda - Urtica dioica L.

Gazanda bargi vitaminlarga boy mahsulot hisoblanadi. Uning tarkibida 1600 mg % gacha S, 4,52 - 7,58 mg % K1 va V2 vitaminlari, 14-50 mg % karotinoidlar, pantoten va boshqa kislotalar bor. Vitaminlardan tashqari barg tarkibida flavonoidlar, 5% gacha xlorofill, fenol kislotalar, oshlovchi va boshqa moddalar bor.

Gazanda bargining asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol moddalari vitaminlar, flavonoidlar va boshqa birikmalar kompleksi hisoblanadi.

Amaliyotda gazandaning bargidan foydalaniladi. Chunki uning tarkibida K1, S, V2 vitaminlari, karotin, ko’p miqdorda xlorofill va boshqa moddalar bor.

Ibn Sino o’simlik mevasini nafas qisish kasalligini davolashda, bargini esa qon oqishini to’xtatuvchi va surgi dori sifatida qo’llagan.

Xalq tabobatida o’simlik bargidan tayyorlangan damlama, qaynatma va barg kukuni turli kasalliklarda (nafas qisish, ko’rak og’rig’i, bod) burun, og’izdan (milkdan) va bavosil xastaligida qon ketishini to’xtatishda qo’llaniladi.

O’simlikning qon oqishini to’xtatish ta’siri uning tarkibidagi K1, S vitaminlarga bog’liq. K1 vitamini qon ivish jarayoni uchun zarur bo’lgan omil – protrombinning jigarda hosil bo’lishini tezlashtiradi, S vitamini esa mayda qon tomirlar devorining o’tkazuvchanligi kamaytiradi. Shu sababdan, gazanda bargidan tayyorlangan va olingan preparatlar (damlama, suyuq ekstrakt) tibbiyotda turli sabablar tufayli ichki organlardan (o’pkadan, buyrakdan, bachadondan, oshqozon-ichakdan) qon ketishida keng qo’llaniladi. Bundan tashqari, o’simlik preparatlari ta’sirida bachadan mushaklarining qisqarishi, tonusi oshadi. Bu esa ushbu preparatlarni tug’ruqdan keyingi davrda bachadonning qisqarishi va tonusning sustligi sababli oqishini to’xtatish maqsadida qo’llash o’rinli ekanligini ko’rsatadi. Shu maqsadda o’simlik damlamasini (1:10) 3-5 kun davomida kuniga 3-4 marta ovqatdan oldin 1 osh qoshiqdan ichish tavsiya etiladi.

Gazandaning suyuq ekstrakti kuniga 3 mahal ovqatdan 30 daqiqa oldin 25-30 tomchidan ichiladi.

O’simlik bargi me’da kasalliklarida hamda qon ketishini to’xtatadigan yig’ma-choylar tarkibiga kiradi.


Gulxayridoshlar oilasi - Malvaceae

Dorivor gulxayri - Althea afficinalis L.

Gulxayri turlarining ildizi tarkibida 11 % gacha shilliq moddalar, 37 % kraxmal, 20 % dan ko’proq qandlar, pektin va boshqa moddalar bor.

Ildizning asosiy ta’sir ko’rsatuvchi birikmalari shilliq moddalari hisoblanadi.

Gulxayri turlarining ildizidagi shilliq moddalar yallig’langan shilliq qavatlarni qoplab olib, uni tashqi ta’sirlardan saqlaydi. Shu bilan yallig’lanish tez bartaraf bo’lishi ta’minlanadi. Bundan tashqari, balg’amni suyultirib, uning chiqib ketishini osonlashtiradi, yo’talni kamaytiradi.

Gulxayri qadim zamonlardan xalq tabobatida turli kasalliklarda ishlatilib kelingan. Ibn Sino uning ildizi, bargi va urug’idan tayyorlangan damlama bilan yo’tal, qon tupurish, zotiljam va buyrak kasalliklarini davolagan. Hozirda ham gulxayri ildizidan xalq tabobatida yo’tal, ko’kyo’tal, o’pka shamollashi, nafas qisishi, tamoq yallig’lanishi, ko’rak og’rig’i xastaliklarida yumshatuvchi, og’riq qoldiruvchi sifatida foydalaniladi.

Tibbiyotda gulxayri ildizining fitopreparatlari (damlama, quruq ekstrakt, sharbat) nafas yo’llari yallig’linishida (laringit, faringit, traxeit, bronxit, bronxopnevmoniya, bronxial asta) keng miqyosda ishlatiladi.

O’simlik ildizidan tayyorlangan qaynatma (6 g maydalangan ildiz 200 ml qaynatilib sovitilgan suvda damlanadi) 1/2 – 1/3 stakandan kuniga 3-4 marta ichiladi.

Gulxayri balg’am ko’chiruvchi, yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega bo’lgan qator yig’malar tarkibiga kiradi.

Mukaltin preparati gulxayrining yer ustki qismidan tayyorlangan. U o’z tarkibida polisaxaridlar aralashmasini saqlaydi. Tabletka (0,05 g) holida ishlab chiqariladi. Kuniga ovqatdan oldin 1-2 marta tabletkadan ichiladi.


Ziradoshlar oilasi - Apiaceae

Oddiy (anissimon) arpabodiyon - Pimpinella anisum L.



Arpabodiyon mevasining tarkibida 1,2 – 3,2% (ba’zan 6%gacha) efir moyi, 8 – 28,4% yog’, oqsil va boshqa moddalar bor.

Mevaning asosiy ta’sir etuvchi qismi uning tarkibidagi efir moyi, efir moyining asosiy qismi esa anetol (moy tarkibida 80-90% anetol bo’ladi) hisoblanadi.

Arpabodiyonning efir moyi o’ziga xos yoqimli hidli, shirin mazali, och sariq rangli yoki rangsiz suyuqlikdir.

Arpabodiyon mevasi o’z tarkibida saqlagan efir moyi hisobiga undan tayyorlangan va olingan preparatlar yallig’lanishda qarshi, balg’am ko’chiruvchi, spazmolitik (silliq mushaklarni bo’shashtiruvchi) va qisman mikroblarga qarshi ta’sir ko’rsatish xususiyatiga ega.

Shuning uchun uni turli shakldagi dori vositalari sifatida nafas yo’llarining shamollashida (laringit, traxeit, bronxit, zotiljam va boshqalar) keng miqiyosda ishlatiladi va yaxshi samara beradi.

Ibn sino arpabodiyon mevasini nafas olish qiyinlashganda uni yengillashtirish uchun va terlatuvchi dori sifatida hamda boshqa kasalliklarda ham qo’llashni tavsiya etgan.

Xalq tabobatida o’simlik mevasidan tayyorlangan damlama terlatuvchi, siydik va o’t haydovchi, ishtaxa ochuvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Hozir tibbiyotda arpabodiyonning mevasidan tayyorlangan damlama (mevaning 1 choy qoshig’i 1 stakan qaynab turgan suvga solib damlanadi) 1/4 stakandan kuniga 3-4 marta ovqatdan 30 daqiqa oldin surunkali bronxitlarda, yo’talni yumshatish uchun, balg’am ko’chiruvchi dori sifatida ichiladi.

Bundan tashqari, arpabodiyonning efir moyi qo’shilgan kompleks preparatlar ham mavjud. Ko’krak eleksiri (30-40 tomchidan) va novshadil Ye – arpabodiyon tomchisi (10-15 tomchidan) shular jumlasidandir. Nafas yo’llari shamollaganda ichiladi.

Zupturumdoshlar oilasi - Plantaginaceae

Katta zupturup - Plantago major L.

Zupturum turlarining bargi va urug’i tarkibida shilliq, achchiq, oshlovchi moddalar, flavonoidlar va rinantin glikozidi bo’ladi. Barglari vitaminlarga ham boy. Ular tarkibida S va K vitaminlar, karotin, (faktori) va limon kislotasi bor.

Barglari asosiy ta’sir qiluvchi birikmalari shilliq moddalar, vitaminlar va T-omil, urug’ning shilliq moddalari hisoblanadi.

Burga zupturum urug’i va suv ta’sirida shishadi. Bu jarayon ishqoriy sharoitda tezlashadi. Shu sababdan, o’simlikning urug’i ichilganda ichni yumshatadi va suradi. Uning tarkibidagi shilliq moddalar oshqozon-ichak shilliq pardalarini o’rab olib, ular yallig’lanishiga qarshi ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Shu sababdan, gastritlarda, oshqozon, 12 barmoq ichak yara kasalligida, surunkali kolitda o’simlikdan tayyorlangan qaynatma (10 g urug’i 200 ml suvda) ichiladi.

Ibn Sino katta zupturum bargi bilan qiyin bittadigan va xavfli yara, shishlarni, jigar, buyrak kasalliklarini davolagan.

Tabobatda katta zupturum bargidan tayyorlangan damlama yoki barg shirasi turli kasalliklarni (teri, tamoq, ko’z), shu jumladan, yo’g’on ichak yallig’lanishini (kolitni) davolashda ishlatiladi.

Tibbiyotda zupturum turlarining preparatlari (damlama, nastoyka, barg shirasi va undan tayyorlangan plantoglyusid preparati) me’da-ichak kasalliklarida (gastrit, yara kasalligi, enterokolit) davo uchun ishlatiladi.

Ituzumdoshlar oilasi - Solanaceae

Oddiy bangidevona - Datura stramonium

Bangidevona bargining tarkibida 0,23 – 0,37% alkaloidlar, efir moyi, karotin, oshlovchi va boshqa moddalar bo’ladi. Giossiamin, atropin va skopolamin alkaloidlari mahsulotning asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol moddalari hisoblanadi.

Bangidevonaning barglarida belladonna va mingdevonaga o’xshash alkaloidlar (giossiamin, atropin, skrpolamin) topilgan.

Meksika bangidevonasi mevasidan olingan asosiy preparat skopolaminning gidrobromid tuzi hisoblanadi. Skopolamin o’z farmakologik ta’siriga ko’ra ar atropinga o’xshash, lekin markaziy asab sistemasiga tinchlantiruvchi ta’sir ko’rsatishi bilan undan farqlanadi, periferik ta’siri bo’yicha atropin kabidir. O’simlik bargi spazmalitik dori sifatida qorin sanchiqlarida va mingdevona barglari bilan birga astmaga qarshi qo’llaniladigan sigaret (astmotin) tarkibiga qo’shiladi.

Asosan, skopolamin gidrobromin (0,5 – 1 ml) ampula ko’rinishida ishlab chiqariladi. Aeron tabletkasi tarkibida skopolamin va giossiamin bor. Tabletka (0,0005 g) qusishga qarshi qo’llanadi.
Ituzum - Solanum nigrum L.

Ituzumning pishmagan mevasi va yer ustki qismi tarkibida glikoalkaloidlar, vitaminlar, organik kislotalar, oshlovchi va boshqa moddalar bor.

Xalq tibbiyotida ituzum bargidan, mevasidan tayyorlangan damlama yoki pishgan mevasi bolalardagi gijjalarni tushiradigan dori sifatida hamda tomoq og’rig’i, bo’g’ma kasalliklarini davolashda qo’llaniladi. Gulidan tayyorlangan damlama bod kasalligida hamda siydik haydovchi va balg’am ko’chiruvchi dori sifatida ishlatiladi. Yangi uzib olingan ituzum bargidan bosh og’rig’ini qoldirishda va yaralarni davolashda foydalaniladi. Buning uchun bargni maydalab ezib, boshga (bosh og’riganda) yoki yara ustiga qo’yiladi. Bargning shirasi quloq og’rig’iga, surunkali tumov va burun ichidagi yarani davolash uchun quloq va burunga tomiziladi.

Qora mingdevona - Hyoscamus niger L

Qoramingdevonaning hamma qismida (bargida, 0,045 – 0,1%, poyasida 0,02%, urug’ida 0,06 – 0,1%, ildizida 0,15 – 0,17%) alkaloidlar bor.

Giossiamin, atropin va skopolamin alkaloidlar mahsulot tarkibidagi asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol birikmalardir. Mingdevona bargida turli alkaloidlar (giossiamin, skopolamin, atropin) mavjud. Shuning uchun o’simlik preparatlarining asosiy ta’siri atropinga o’xshaydi. Lekin ularning ishlatilishi chegaralangan. Asosan o’simlik bargining preparati – quruq ekstrakti belladonna preparatlari singari spazmalitik (silliq muskullar qisqarishini yo’qotish) va qorin sanchig’ini bartaraf etish maqsadida ishlatiladi. O’simlik bargidan tayyorlangan moy nevrologiyada, miozitda (mushaklar shamollashida), bod kasalligida badanga surtiladi. “Soliniment” preparati tarkibida ham shu o’simlik moyi bor.

Karamdoshlar oilasi - Brassicaceae

Sarept xantali - Brassica Juncea (L.) Czern.

Xantal turlarining urug’i tarkibida sinigrin glikozidi, mirozin fermenti, 1,17 – 2,89 % efir moyi, 23 - 47 % yog’ va 26 % gacha oqsil moddalari bo’ladi.

Urug’ning asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol moddasi sinigrin glikazidining mirazin ta’sirida parchalanishidan xosil bo’lgan xantal efir moyi hisoblanadi.

Xantal turlarining urug’i, kukuni va undan olingan efir moyi tibbiyotda dorivor vosita sifatida foydalaniladi.

Ibn Sino xantal urug’ini isitma chiqishi bilan kechadigan turli xil shamollash, bod va boshqa kasalliklarga tavsiya etgan. Chunonchi, yanchilgan xantal urug’ini asalga aralashtirib, nafas yo’llarining surunkali kasalliklarida iste’mol qilish buyuriladi.

Tibbiyotda xantal urug’ining dorivor preparatlari (xantal qog’ozi – gorchichnik, urug’ kukuni – yog’i ajratib olingandan so’ng qolgan kunjarasi, xantal efir moyining spirtdagi 2% li eritmasi) nafas yo’llarining shamollashida, yo’talda va boshqa yallig’lanish bilan kechadigan xastaliklarda (bod va boshqalar) davo qilish uchun shamollash natijasida tananing og’rigan joyiga, yo’talganda va ko’krak shamollashida xantal qog’ozi iliq suvda namlab, ko’krak sathiga qo’yiladi yoki xantal efir moyining spirtdagi eritmasi surtiladi.

Agarda xantal qog’ozi – gorchichnik bo’lmasa, uy sharoitida uni tayyorlash mumkin. Buning uchun xantal kukuniga iliq suv qo’shib, quyuq atala tayyorlanadi. 20-30 daqiqa o’tgach, atala qog’oz varag’iga yupqa qilib surtiladi va ustini doka bilan yopib tanaga yopishtirib qo’yiladi.

Oddiy jag’-jag’ - Carsella bursa-pastoris Medic.

Jag’-jag’ yer ustki qismi tarkibida 1200 mg % S va K1 vitaminlari, burso va boshqa kislotalar, gissopin glikozidi, xolin, asetilxolin, inozit, flavonoidlar, oshlovchi va boshqa moddalar bo’ladi.

Jag’-jag’ning asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol moddalari uning tarkibidagi vitaminlar, xolin, asetilxolin, inozit va flavonoidlar kompleksi hisoblanadi.

Tibbiyotda foydalanish uchun jag’-jag’ning yer ustki qismidan Galen preparatlari tayyorlanadi. Jag’-jag’ yer ustki qismi tarkibida K1, S vitaminlari, oshlovchi va boshqa moddalar mavjud.

Xalq tabobatida o’simlikning damlamasi va qaynatmasi turli (o’pka, gipertoniya, buyrak) kasalliklarida qo’llaniladi. Bulardan tashqari, burundan qon ketishida qon oqishini to’xtatish maqsadida ham ishlatiladi.

Laboratoriyada hayvonlarda o’tkazilgan tekshirishlar natijasida jag’-jag’ preparatlarining yuqori darajada qon ivishini tezlashtiruvchi xususiyati borligi aniqlangan. Ayniqsa, qon oqishini to’xtatish uchun zarur bo’lgan fibrin tolalarining kam hosil bo’lishi bilan bog’liq qon oqishida o’simlik ta’siri yaxshi nomoyon bo’ladi. Bundan tashqari, o’simlik preparatlarida (damlama, suyuq ekstrakti) bachadon mushaklarining qisqarishini, ularning tonusi-tarangligini oshirish xususiyati borligi ham aniqlangan.

Ushbu olingan natijalarga asoslangan o’simlik preparatlari (damlama, suyuq ekstrakti) tibbiyotda, asosan, qon oqishini to’xtatuvchi vosita sifatida ichki organlardan (o’pka, me’da-ichak, buyrak va boshqa), ayniqsa tug’ruqdan keyingi anotik qon ketishida va boshqa sabablar bilan qon oqishida qo’llaniladi. Ko’pincha, jag’-jag’ boshqa shunga o’xshash o’simliklar (qirqbo’g’in, bodrezak va boshqa) bilan birga berilganida uning bachadondan, buyrakdan qon ketishini to’xtatishda samarasi yaxshi nomoyon bo’ladi.

O’simlik o’tidan tayyorlangan damlama (1:10) qon oqishini to’xtatish uchun kuniga 4-5 marta ovqatdan keyin bir osh qoshiqdan beriladi.

Jag’-jag’ning suyuq ekstraktini tug’ruqdan keyingi qon ketishida kuniga uch marta 20 tomchidan iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Jag’-jag’ yer ustki qismi qon oqishini to’xtashuvchi yig’ma-choylar tarkibiga kiradi.


Ko’knordoshlar oilasi - Papaveraceae

Qizg’aldoq - Royemeria refracta DC.

O’simlik gullaganda gulbargi yig’iladi. Qizg’aldoq tarkibida alkaloidlar, organik kislotalar, vitamin S, qandlar, oshlovchi, bo’yoq va boshqa birikmalar bor.

Xalq tibbiyotida qizqaldoq gulbargi shirasini oftob urganda ichiladi va shuningdek og’rigan ko’z yuviladi.


Kovardoshlar oilasi - Capparidaceae

Tikanli kovul - Capparis spinosa L.

Kovul yer ustki qismi tarkibida 150mg % gacha S vitamini, flavonoidlar (0,32 % rutin, kversetin va boshqalar), staxidrin, saponinlar va boshqa moddalar, mevasida 36 % gacha qandlar, 1,46 % flavonoidlar, tioglikozidlar, urug’ida 25-36 % yog’ va ildizida-flavonoidlar, 1,2 % alkaloidlar (staxidrinlar va boshqalar), kumarinlar va boshqa moddalr bo’ladi.

Kovulning asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol moddalari uning tarkibidagi yuqorida keltirilgan birikmalar kompleksi bo’lishi mumkin.

Tabobatda kovulning ildizi, mevasidan foydalaniladi. Ularning tarkibida rutin va boshqa birikmalar bor.

Ibn Sino o’simliklardan turli kasalliklarni (bavosil, nafas qisish, me’da-ichak kasalliklari va boshqa) davolashda foydalangan.

Xalq tabobatida o’simlik qaynatmasi bavosil, sariq kasalliklarida va tish og’rig’ida, milkni mustahkamlash maqsadida foydalaniladi.

Kovul ildizidan tayyorlangan preparatlarda (nastoyka, qaynatma) (1:10) qon ivishini tezlashtiradigan, qon ketishini to’xtatadigan xususiyatlar borligini aniqlangan. Shu sababdan o’simlikning Ushbu preparatlari ichki organlardan qon ketishida tavsiya etiladi.


Ra’nodoshlar oilasi - Rosaceae

Beshbarg - Potentilla repens L.

O’simlik tarkibida qandlar, organik kislotalar, vitamin S, oshlovchi va boshqa moddalar bor.

Abu Ali ibn Sino beshbarg ildizpoyasining qaynamasini Tish og’riganda, quymich nervi shamollaganda, o’pka va me’da kasalliklarida ishlatgan. Quritilmagan ildizpoya shirasi bilan jigar kasalligini davolagan. O’simlik bargidan esa isitmalayotgan bemorlarni davolashda foydalangan.


Ro’yandoshlar oilasi - Rubiaceae

Bo’yoqdor ro’yan - Rubia tinctorum L.

Ro’yan turlarining ildizpoya va ildizlari tarkibida 5-6% antrasen unumlari (anizarin, ruberetrin kislota va boshqalar), 15% gacha qandlar, kislotalar, pektin va boshqa moddalar bo’ladi.

Mahsulotning asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol moddalari ular tarkibidagi antrasen unumlari hisoblanadi.

O’simlikning ildizi va ildizpoyasi tarkibida turli biologik faol moddalar (antraxionlar, ularning hosilalari va boshqalar) saqlanadi. Ular ta’sirida o’simlik Galen preparatlari (quruq ekstrakti tabletka holida) buyrak va siydik qopida joylashgan toshlarni (ayniqsa, fosfat tuzlari, kalsiy va magniy oksalatlarini) yumshatadi va ularning siydik bilan chiqishini osonlashtiradi.

Shunga asosan ro’yan preparatlari buyrak va siydik yo’li tosh kasalliklarida tavsiya etiladi.

O’simlikning quruq ekstrakti tabletka ko’rinishida (0,25g) ishlab chiqariladi. Kuniga 3 marta yarim stakan iliq suv bilan 2-3 tabletkadan ichiladi. Bundan tashqari “Marelin” kompleks tabletkasi tarkibiga ham kiradi.

Sistenal kompleksi preparati tarkibida ro’yan ildizidan tayyorlangan nastoyka va boshqa moddalar bo’ladi. Preparat 3-4 tomchidan qandga tomizib ovqatdan 30 daqiqa oldin qabul qilinadi.

Ro’yan siydik yo’lidagi tosh hosil bo’lish kasalligida ishlatiladigan yig’malar tarkibiga kiradi.
Tuyatovondoshlar oilasi - Zygophyllaceae

Yerbag’ir temirtikan - Tribulus terrestris L.

Temirtikan o’ti tarkibida steroidlar saponinlar, alkaloidlar, flavonoidlar, oshlovchi va boshqa moddalar bor.

Temirtikanning asosiy ta’sir etuvchi birikmasi steroid saponinlar (diossin, diosgenin, gitogenin va boshqalar) hisoblanadi.

O’simlikning yer ustki qismidan steroid saponinlar yig’indisi olinadi. Ular qondagi xalesterin miqdorini kamaytiradi, qon tomirlarini qisman kengaytiradi va qon bosimini tushiradi, qon ivishini sekinlashtiradi.

Uning preparati – tribusponin tarkibida o’simlik o’tidan olingan steroid saponinlar yig’indisi bor va tabletka holida (0,1 g) ishlab chiqariladi. Preparat, asosan, oyoq qon tomirlari aterosklerozida boshqa dori vositalari bilan birga ishlatiladi.


Torondoshlar oilasi - Polygonaceae

Dorivor otquloq - Rumex confertus Willd.

Otquloq ildizi tarkibida 4% gacha antrasen unumlari, 4,6-17% oshlovchi moddalar, S va K1 vitaminlari bor. Bulardan tashqari, flavonoidlar, kislotalar, qandlar, kraxmal ham bo’ladi.

Ildizining asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol moddasi antrasen unumlari, oshlovchi moddalar va K1 vitamini hisoblanadi.

Otquloq ildizi va mevasi preparatlari (damlama, qaynatma) kichik dozada ichak shilliq pardasini burishtiradi, katta dozada esa ichni suradi. Burishtiruvchi ta’sir tarkibidagi oshlovchi moddalarga bog’liq bo’lsa, ichni surishi esa antraglikozidlar hisobigadir. Ichni surish ta’siri ichilgandan 10-12 soatdan keyin bilinadi. Shuning uchun ham preparatni kechqurun yotishdan oldin qabul etish tavsiya etiladi.

O’simlikning Galen preparatlari (damlama, qaynatma, ekstraktlari) kolitlarda, enterokolitlarda, bavosilda beriladi hamda og’izni chayish uchun stomatit, gingivit, anginada tavsiya etiladi.

Otquloq ildizidan qaynatma tayyorlash uchun 5 g maydalangan ildiz olinib, 1 stakan qaynab turgan suvga solinadi va 30 daqiqa davomida qaynab turgan suvda ushlab turiladi. Sovitilgach, dokadan suziladi va ovqatdan 30 daqiqa oldin kuniga 2-3 marta chorak stakandan qabul qilinadi.
Tarondoshlar oilasi - Polygonaceae

Qushtaron - Polygonium aviculare l.

Qushtoron yer ustki qismi tarkibida 120-887 mg % S va K1 vitaminlari, flavonoidlar (avikulyarin, kversitrin va giperozid), karotin, oshlovchi va boshqa moddalar bo’ladi.

Qushtoronning asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol moddalari uning tarkibidagi vitaminlar va flavonoidlar hisoblanadi.

Tibbiyotda qushtoronning yer ustki qismidan tayyorlangan preparatlari qo’llaniladi. Chunki uning tarkibida bir qator biologik faol moddalar (askorbin kislota, K1 vitamini, karotin, oshlovchi) bor.

Xalq tabobatida o’simlikdan tayyorlangan damlama siydik hvaydovchi, qon oqishini to’xtatuvchi, burishtiruvchi dori sifatida ich ketishida ishlatiladi.

O’simlikning farmakologik o’rganishda uning har tomonlama ta’sirga ega ekanligi aniqlangan. Chunonchi siydik haydovchi, antimikrob, yallig’lanishga qarshi va boshqa xossalari bilan birga qon ivishini tezlashtirishi, qon tomir devorining o’tkazuvchanligini kamaytirishi ham aniqlangan. O’simlikning bunday qon va qon tomirga ta’siri uning tarkibidagi K1, S vitaminlariga bog’liq.

Shungi asosan, o’simlik preparatlari (damlama) turli kasalliklarda (buyrak va siydik yo’li kasalliklari, oshqozon-ichak va boshqa kasalliklar), shu jumladan, bachadondan, ichakdan va bavosilda qon ketishida uni to’xtatish maqsadida qo’llanilishi tavsiya etilgan.

Damlama (1:10) kuniga 2-3 marta ovqatdan oldin yarim yoki chorak stakandan ichiladi.

Qushtoron yer ustki qismi qon to’xtatuvchi siydik haydovchi yig’ma-choylar tarkibiga kiradi.


Sho’radoshlar oilasi - Chenopodiaceae

Olabuta - Atriplex tatarica L.

Olabutaning yer ustki qismi tarkibida alkaloidlar, efir moyi, vitamin S, karotin va fitonsidlar bor.

Xalq tibbiyotida o’simlikning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatma yoki damlama me’da, bosh og’riq (migren), nafas qisishi (astma) va shamollash kasalliklarida hamda yel haydovchi dori sifatida ishlatiladi.


Yalpizdoshlar (Labguldoshlar) oilasi - Lamiaceas (Labiatae)

Arslonquyruq (Leonurus l.) - (Leonurus l.)

Mahsulot tarkibida flavonoidlar, alkaloidlar, iridoidlar, saoninlar, S vitamini, karotin, kislotalar, achchiq, oshlovchi va boshqa moddalar bor.

Arslonquyruq turlarining asosiy ta’sir etuvchi birikmalari flavonoidlar, iridoidlar va boshqa moddalar hisoblanadi.

Arslonquyruqning yer ustki qismi turli biologik faol moddalarni (glikozidlar, alkaloidlar, efir moyi, flavonoidlar, qandlar va boshqalar) saqlaydi. O’simlik yer ustki qismidan tayyorlangan preparatlar (damlama, nastoyka, suyuq ekstrakti) valerianaga o’xshash (undan kuchliroq) tinchlantiruvchi ta’sir ko’rsatadi. Shu bilan birga o’simlik preparatlari qon bosimini tushiradi, yurak faoliyatini (tonusini) yaxshilaydi, koronar qon tomirlarini qisman kengaytiradi. Shuni hisobga olgan holda, arslonquyruq preparatalri (damlama, nastoyka) yurak – qon tomir kasalliklarini (yurak nevrozi, stenokardiya, gipertoniya) davolash uchun buyuriladi. Bundan tashqari, asab kasalliklarida (asabiylashish, psixoasteniya, nevrasteniya va boshqalar) ham beriladi.

Arslonquyruqning damlamasi (15 g o’ti 200 ml qaynab turgan suvga solinadi) chorak stakandan ovqatdan 1 soat oldin kuniga 2 marta ichiladi.

Arslonquyruq nastoykasi (70% spirtda 1:5 nisbatda tayyorlanadi) 30-50 tomchidan tomchidan kuniga 3-4 marta ichiladi. Flakonda (25 ml li) dorixonalarga chiqariladi.

Yalpiz - Mentha piperita L

Yalpiz turlari tarkibida efir moyi, flavonoidlar va boshqa birikmalar bor.

Abu Ali ibn Sino yalpiz turlarini ovqat hazm qilishni yaxshilovchi, gijja haydovchi, qon to’xtatuvchi va qusishga qarshi ta’sir etuvchi dori sifatida ishlatgan

Xalq tibbiyotida yalpiz turlaridan tayyorlangan qaynatma yoki quritilgan bargdan olingan shira istisqo, qo’tir, bod, me’da, sariq, ko’krak og’riq, shirincha, yo’talni va boshqa kasalliklarni davolashda hamda chanqov bosuvchi, balg’am ko’chiruvchi dori sifatida qo’llanadi.
Qoqio’tdoshlar oilasi - Asteraceae

Achchiq shuvoq - Artemisia absinthium L.

Ermon shuvoq tarkibida 0,5-2% efir moyi, achchiq glikozidlar, xamazulen, kislotalar, S vitamini, karotin, flavonoidlar, oshlovchi va boshqa moddalar bo’ladi.

Mahsulotning asosiy ta’sir qiluvchi birikmalari efir moyi, achchiq glikozidlar va xamaulenlar hisoblanadi.

Ermon qadimdan xalq tabobatida turli kasalliklarda qo’llanilib kelingan.

Ibn Sino ermon shuvoq bilan sariq, ko’z yallig’lanishi, istisqo va boshqa xastaliklarni davolagan.

Xalq tabobatida o’simlikdan tayyorlangan damlama ich ketishida, ovqat xazm bo’lishining buzilishida va boshqa kasalliklarda ishlatiladi.

Tibbiyotda achchiq shuvoq dorivor preparatlar (damlama, qaynatma, ekstrakt), ishtaha ochuvchi, ovqatning hazm bo’lishini yaxshilovchi, oshqozon shirasining chiqishini oshiruvchi dori sifatida, bundan tashqari, jigar, o’t pufagi va boshqa kasalliklarda beriladi.

Uning damlamasi (shuvoqning 1 choy qoshiq yer ustki qismi 2 stakan qaynab turgan suvga solinadi va damlanadi, dokada suziladi) ovqatdan 30 daqiqa oldin kuniga 3 mahal chorak yoki yarim stakandan ichiladi. Nastoykasi 25 mlda flakonda chiqariladi, 10-20 tomchidan ichiladi. O’simlik o’t haydovchi va ishtaha ochuvchi yig’ma-choylar tarkibiga kiradi.
Dorivor qoqio’t - Taraxacum officinale web.

Qoqio’t ildizi tarkibida achchiq glikozidlar (taraksasin va taraksaserin), triterpen birikmalar, 24 % gacha insulin va boshqa moddalar bo’ladi.

Ildizining asosiy ta’sir ko’rsatuvchi biologik faol birikmalari achchiq glikozidlar hisoblanadi.

Qoqio’t qadimdan xalq tabobatida turli kasalliklarga davo bo’lib kelgan. Ibn Sino qoqio’tni jigar va istisqo kasalligiga qarshi qo’llagan.

Xalq tabobatida qoqi ildizi va yer ustki qismidan tayyorlangan damlama jigar va o’t pufagi kasalligida o’t haydovchi hamda ishtahani ochuvchi, qonni tozalovchi, siydik haydovchi va surgi dori sifatida qo’llaniladi. Damlama yana anasid (oshqozonda xlorid kislotaning bo’lmasligi bilan boradigan) gastrit, podagra va teri kasalliklarida ishlatiladi. Ba’zan damlamala tinchlantiruvchi vosita sifatida ham foydalaniladi. Quritilmagan (ho’l) qoqi bargi shirasi kamqonlikka, quvvatsizlikka va ko’krak og’rig’iga davo bo’ladi.

Tibbiyotda qoqio’t preparatlarining o’zi yoki boshqa o’t haydovchi dorilar bilan birga jigar kasalliklarida (xolesistit, gepatoxolesistit) hamda o’t yo’llari va jigar tizimida hamda ich qotishi asoratlari bilan boradigan anasid gastritda qo’llaniladi.

Tibbiyotda maydalangan qoqio’t ildizining 1 choy qoshig’i 1 stakan qaynagan suvga solib damlanadi (iliq holida chorak stakandan ovqatdan 15 daqiqa oldin kuniga 2-3 marta ichiladi) va pilyula (xab dori) shaklida, quyuq ekstrakti ishtahani ochish, ovqat hazm qilishni yaxshilash va o’t haydovchi dori sifatida, jigar, o’t pufagi kasalliklarida qo’llaniladi.

Qoqio’t ildizi o’t haydovchi, ishtahani ochuvchi va me’da kasalliklarida ishlatiladigan yig’ma-choylar tarkibiga kiradi.


Uch bo’lakli qariqiz - Bidens tripartita L.

Qariqizning yer ustki qismi – o’ti tarkibida 28,3 – 61,26 mg % karotin, 748-953,3 mg % S vitamini, efir moyi, flavonoidlar (lyuteolin, sinarozid va boshqalar), kumarinlar, shilliq, achchiq, bo’yoq, oshlovchi va boshqa moddalar bo’ladi.

Qoraqiz (ittikanak) yer ustki qismining asosiy ta’sir qiluvchi biologik faol birikmalari uning tarkibidagi vitaminlar (ayniqsa, karotin), flavonoidlar va shilliq moddalar kompleksi hisoblanadi.

Tibbiyotda o’simlikning yer ustki qismidan foydalaniladi.

Xalq tabobatida o’simlikning yer ustki qismidan tayyorlangan damlama ba’zi teri kasalliklari (gush-ekzema, qo’tir) ni davolash, bolalar badaniga toshma toshganda ularni cho’miltirish uchun hamda bolalarda bo’ladigan diatez kasalliklarida qo’llaniladigan shifobaxsh vannalar tayyorlashda qo’llanadi.

Tibbiyotda qoraqiz o’simligidan ba’zi teri kasalliklarida (gush va boshqalar) hamda bolalarning diatez kasalliklarida qo’llanadigan shifobaxsh vannalar tayyorlanadi. Bundan tashqari, o’simlikning o’tidan tayyorlangan damlama (10 g o’ti 200 ml qaynab turgan suvga solib damlanadi) yallig’lanish va allergiyaga qarshi chora sifatida 1 osh qoshiqdan kuniga 2-3 marta ichiladi. Dorixonalarda o’ti 100 g dan va briketi 75 g qog’oz xaltachalarda sotiladi.

Qoraqiz o’simligining yer ustki qismi shirincha kasalligida qo’llanadigan choy-yig’malar tarkibiga kiradi.

Sachratqi - Cichorium inthybus L.

O’simlik ildizi tarkibida inulin, intibin achchiq glikozidi, vitamin V1, qandlar, bargida inulin, vitamin S, organik kislotalar, gulida sikoriin glikozidi, vitamin S va boshqa moddalar bor. Sachratqi o’simligi sui shiraga boy. Sut shira tarkibida achchiq moddalar, taraksasterol, kauchuk va boshqa birikmalar bo’ladi.

Xalq tibbiyotida sachratqi keng ravishda qo’llaniladigan dorivor o’simliklardan biridir. Quritilmagan ildiz dizenteriya kasalligini va yallig’lanish prosesslarini davolashda, ildizdan tayyorlangan qaynatma esa ishtaxa ochi shva ovqat hazm qilishni yaxshilash uchun ishlatiladi. Sachratqining yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatmada oftob urgan bolalar cho’miltiriladi. Sachratqi hamda moychechak gullari aralashmasidan tayyorlangan qaynatma jigar, taloq, buyrak va me’da kasalliklarini davolashda qo’llaniladi. Mevasi esa isitma ko’tarilganda haroratni pasaytiradi. Sachratqi kulini (ba’zan ko’ztikan kuli bilan) qaymoqqa qorib, gush, suvchechak, turli yaralar va boshqa teri kasalliklariga surtiladi.

Qo’ypechakdoshlar oilasi - Convolvulaceae

Qo’ypechak - Convolvulus arvensis L.

O’simlik tarkibida flavonoidlar, kofe kislota, karotin, vitamin S, smoralar va alkaloidlar bor.

Abu Ali ibn Sino qo’ypechak o’simligini astma, o’pka, jigar, taloq, ko’krak og’rig’i kasalliklarni davolashda hamda o’t haydovchi dori sifatida qo’llagan.

Xalq tibbiyotida quritilmagan barg shirasini mol yog’i bilan aralashtirib, o’pka va quloq kasalliklariga davo qilinadi. O’simlikning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatma bilan yaralar, tananing urilib, ko’kargan yeri yuviladi. Bulardan tashqari, qaynatma temiratki va qo’tirga ham davo qilinadi. Barg poroshogi yaralar, jarohatlar ustiga sepiladi.

Xalq tibbiyotida ildizpoya yoki o’simligining yer ustki qismidan tayyorlangan damlama yoki qaynatma qon to’xtatuvchi (ichak va me’dadan, to’qqandan so’ngi qon ketishda) dori sifatida hamda og’iz og’riganda og’izni chayishda, me’da-ichak kasalliklarida (ich ketganda) ishlatiladi.



Yüklə 301,24 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin