Oni uznali Ona uznala Oni uznavali Ona uznavala Bu ikki fe’lda –l o‘tgan zamon formasini yasaydi, -i, -a okonchanielari esa bu formalarni son va rodlarda o‘ z g a r t i r a d i . O‘zbek tiliga okonchanie xos emas, shuningdek, so‘zga rus tili uchun me’yoriy bo‘lgan va osnova deb ataladigan okonchaniesiz qism ham ahamiyatsiz. Shu sababli forma yasalishi va so‘z o‘zgartirishni ajratishga keskin zarurat yo‘q. O‘zbek tilida ham o‘zakka qo‘shimchalarni so‘z yasovchi va so‘zning ayrim shakllarini yasovchilarga ajratish xosdir. So‘zning ayrim shakllarini yasovchilar esa lug‘aviy shakl hosil qiluvchilar va sintaktik shakl hosil qiluvchilarga bo‘linadi.
Lug‘aviy shakl hosil qiluvchilar so‘z ma’nosini qisman o‘zgartiruvchi, muayyanlashtiruvchi qo‘shimchalardir. Masalan, kitob so‘zida birlik ma’nosi ham (Bu kitob qiziqarli), ko‘plik ma’nosi ham (Do‘konga kitob keldi) mujassamlangan. Nutq sharoiti, matn kitob so‘zida birlik yoki ko‘plik voqelanishini ajratib beradi. Shu so‘zga –lar shakli qo‘shilishi bilan u kitob so‘zida birlik ma’nosini ko‘plik ma’nosidan chegaralaydi, ya’ni lug‘aviy ma’noni muayyanlashtiradi, toraytiradi. Lekin bevosita so‘zlarni sintaktik aloqaga kiritish uchun xizmat qilmaydi. Lug‘aviy shakl hosil qiluvchilar, asosan, to‘rt yirik so‘z turkumi – fe’l (nisbat, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, o‘zgalovchi, sintetik va analitik harakat tarzi shakllari), ot (son, kichraytirish-erkalash), sifat (daraja) va sonda (uning ma’no turini hosil qiluvchilar) mavjud bo‘lib, ularning qo‘llanilishi o‘zi mansub so‘z turkumi bilan chegaralanadi. Shu boisdan ular tasniflovchi, ya’ni so‘zlarni tasniflash chog‘ida bir turkumni boshqalaridan ajratuvchi shakllar deb yuritiladi.
Sintaktik (aloqa-munosabat) shakli hosil qiluvchilar so‘z lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etmay, so‘zlarni bir-biriga bog‘lashga yoki ularga ma’lum bir sintaktik vazifa berishga xizmat qiladi. An’anaviy ta’riflardagidan farqli ravishda aloqa-munosabat shakllarining qo‘llanilishi lug‘aviy shakllardek bir so‘z turkumi bilan chegaralanmaydi, ya’ni bu shakllar istalgan mustaqil so‘zga qo‘shilib, uni o‘zidan keyingi yoki oldingi so‘z bilan sintaktik aloqaga kiritadi. Kelishik, egalik, kesimlik shakllari shunday grammatik vositalardir.
O‘zbek tilida shunday shakllar borki, ular bir tomondan so‘zning lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etadi, ikkinchi tomondan, ularni sintaktik aloqaga kiritadi. O‘zgalovchi kategoriya shakllari shunday ikkiyoqlama mohiyatga ega. Masalan, shoshilib gapirmoq birikmasida –ib ravishdosh shakli shoshil so‘zining lug‘aviy ma’nosiga ta’sir etgan, ya’ni unga ravishlik ma’nosiga yaqin ma’no bergan, shu bilan birgalikda, bu so‘zni keyingi so‘zga bog‘lash vazifasini ham bajarmoqda. Shuning uchun o‘zgalovchi kategoriya shakllari lug‘aviy shakl hosil qiluvchilar va sintaktik shakl hosil qiluvchilar orasida oraliq vaziyatni egallab, lug‘aviy-sintaktik shakl hosil qiluvchi atamasi bilan nomlanadi.