Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)ni tashkil etish va u yerga bolalarni joylashtirish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentyabrda qabul qilingan “Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari to’g’risidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari ta’lim-tarbiya berish, korreksiyalash va davolash-sog’lomlashtirish muassasalari hisoblanadi hamda jismoniy yoki psixik rivojlanishida turli nuqsonlari bo’lgan bolalarning umumiy o’rta ta’lim olishda va ularni bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalashda, ularning jamiyatga moslashuvi va integratsiyalashuvida ko’maklashish, shuningdek ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga farzandlarini tarbiyalash va ularga ta’lim berishda yordam ko’rsatish maqsadida tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog’liqni saqlash boshqarmalari, Toshkent shahar sog’liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan mintaqadagi jismoniy va psixik rivojlanishda imkoniyati cheklangan, maxsus sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishga muhtoj bolalarning mavjud kontingentini birgalikda o’rganib chiqish yakunlari bo’yicha tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari tashkil etish to’g’risidagi takliflar ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarini tashkil etish rejalashtirilayotgan hududda oxirgi 5 yilda 3 yoshdan 16 yoshgacha bolalar o’rtasida tegishli kasalliklarning ko’payganligini ko’rsatadigan sog’liqni saqlash organlarining rasmiy statistika ma’lumotlari bilan asoslanishi kerak.
Rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan hamda davolanishga va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan bolalarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlovchi chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ularning ta’lim-tarbiya olishlari uchun moslashuv muhitini yaratish, imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)ning differensiallashgan tarmoqlarini maqbullashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktab-internatlar) to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 703-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 990-modda) faoliyat ko‘rsatayotgan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) faoliyatini ikki oy muddatda o‘rgansin va ularni ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomlar talablariga muvofiqlashtirsin;
ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) faoliyatining muntazam nazorat qilinishini ta’minlasin, ularga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.