YER UCHASTKALARINING KADASTR PASPORTINI SHAKILLANTIRISH
1. Yer uchastkasi kadastr s'yomksini bajarish
Yer uchastkalarining kadastr s'yomkasi GKKINP-18-034-00 “Aholi punktlarida yer uchastkalarining kadastr s'yomkasi bo'yicha qo'llanma”ga muvofiq amalga oshiriladi.
Yer uchastkalari naturada o'lchanganda yer uchastkasining barcha mavjud binolar, inshootlar va yer turlarining (hovli, bog', poliz, ko'kat ekinlar va h.k.) chegaralari tushirilgan abrisi tuziladi.
Abrisda yer uchastkasining, bino va inshootning raqami, ko'chaning nomi, mulkdorning nomi, s'yomka ishining boshlanish hamda yakunlanish, tekshirish sanalari va ijro etuvchilarning imzolari ko'rsatiladi.
Yer uchastkasining abrisini shunday mo'ljal bilan bajarish tavsiya etiladiki, barcha o'lchamlar, yozuvlar va raqamli ma'lumotlar tushunarli bo'lishi hamda har bir raqam yoki yozuv qaysi o'lchovga tegish ekanligi ko'rinib turishi lozim. Abrisga o'lchamga oid noto'g'ri yozuv kirilgan taqdirda, u o'chirilmasligi lozim. Unga chiziq tortiladi, ustidan esa to'g'ri yozuv yoziladi.
Abrisni qayta chizish, qirib tozalash va raqamlarni boshqa raqamlar ustiga yozish man etiladi. Agar abris bir nechta varaqlarda tuzilsa, uning varaqlari raqamlab chiqilishi lozim.
Abrisni yuritishda ayrim detal va yozuvlar sahifa tagiga tushirib ifodalanishi mumkin. Buni shunday bajarish kerakki, yer uchastkasining plani abris bo'yicha tuzilganda betning tagiga tushirib ko'rsatilgan detal yoki yozuv qaysi joyga tegishli ekanligi borasida shubha tug'ilmasigi kerak.
Asosiy binolar chizilganda abrisda ularning qavatlari soni, devorlarining materiali, vazifasi ko'rsatiladi. Abris plan chizish uchun asosiy material hisoblanadi va shunday tayyorlanishi lozimki, boshqa ijro etuvchi yer uchastkasi hamda imoratlarning planini u bo'yicha qiyinchiliksiz tuza olishi kerak.
Abrisda o'tkazilgan tekshirish to'g'risidagi zaruriy fikrlar va yozuvlar ko'rsatiladi. Abris bo'lim boshlig'i tomonidan tuzilgan sanani ko'rsatgan holda imzolanadi.
Uchastka abrisini tuzishga kirisha turib, inventarizator bu ishni bajarish tartibini belgilashi va uni mo'ljallangan tartibni buzmagan holda o'tkazishi lozim. Uchastkani o'lchash ishi fasad chizig'ini o'lchashdan boshlanadi, bu chiziq asosiy yoki, qabul qilingan aytilishicha, uchastka butun s'yomkasining bazisi hisoblanadi.
Inventarizator tasvirga olinadigan uchastkani ko'rib chiqadi, barcha imorat va inshootlarning joylashuvini abrisga qo'li bilan chizib kiritadi hamda uchastkaning alohida nuqtalarini belgilash va uchastka o'lchamlarini butunligicha bog'lash uchun yordamchi o'lchashlarning zaruriy sonini mo'ljallab chiqadi.
O'lchashlarni batartib amalga oshirish, raqamli yozuvlarni esa ravshan va aniq qilib kiritish zarur. Ruletka xalqasini uning nolinchi belgisiga mahkamlash maqsadga muvofiq. Lentali ruletkaning raqamli ko'rsatkichlarini inventarizatorning o'zi, buni boshqa shaxsga ishonib topshirmagan holda sanab chiqishi lozim.
Gorizontal o'lchov ishlarida imoratlarning balandligi ham o'lchanadi. Ular abrisda naturada olingan joyda yozib ko'rsatiladi va N harfi bilan belgilanadi, uchastkaning chegara o'lchamlari 0,1 m gacha aniqlikda yaxlitlanadi.
Uchastkada barcha imoratlar, yer turlari, to'siqlar va boshqalarni tasvirga olish lozim. Yer turlari ularning to'liq nomi yoki nomlarining bosh harflari bilan belgilanadi (poliz, bog', gulzor yoki mutanosib ravishda – P, B, G). Agar bog'larda aniq ifodalangan chegaralar bo'lmasa, ularning maydonini meva daraxtlarining chetki tanalaridan 2 m masofada olingan chagaralar bo'yicha hisoblash qabul qilingan.
Dostları ilə paylaş: |