4-bob. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish 18-modda. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi va o‘z faoliyatini ustav asosida amalga oshiradi.
Quyidagilar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining muassislaridir:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Boshqa davlat organlari va tashkilotlar ham qonun hujjatlariga muvofiq davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining muassislari bo‘lishi mumkin.
19-modda. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi va o‘z faoliyatini ustav hamda maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi litsenziya asosida amalga oshiradi.
Yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining muassislari bo‘lishi mumkin.
20-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida ta’lim xizmatlari ko‘rsatish Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti shaklida ta’lim xizmatlari ko‘rsatadi.
21-modda. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash Maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi litsenziya yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyin beriladi.
Litsenziya berish, litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
22-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi Davlat inspeksiyasi tomonidan attestatsiya asosida amalga oshiriladi.