1.2. Umumta’lim maktablarida sinfdan tashqari ishlarning shakllari Sinfdan tashqari ishlarning asosiy shakllariga geografiya to‘garaklari, geografik seksiyalar, geografik klublar, o‘lkashunoslik muzeylari, sinfdan tashqari o‘qitish, “Geografiya kechalari” kiritiladi.
Geografiya to‘garaklari sinfdan tashqari ishlarning asosiy shakli bo‘lib, geografiya to‘garagining asosiy maqsadi - o‘quvchilarni geografiya faniga qiziqishlarini kuchaytirish, ularning geografik bilim va ko‘nikmalarni yanada rivojlantirish, chuqurlashtirish va kengaytirishdan iborat.
Geografiya to‘garagini tashkil qilish va uni faoliyatini muntazam olib borishda to‘garak rahbari quyidagi ishlarni amalga oshiradi: tashkiliy ishlar; to‘garakni ilmiy yo‘nalishlarini aniqlash; to‘garakda ilmiy ishlarning borishini boshqarish.
Umumta’lim maktablari geografiya fanidan to‘garaklarning tashkiliy ishlariga quyidagilar kiradi:
- geografiya fani to‘garagi uchun joy tanlash. Geografiya to‘garagi uchun alohida xona sifatida maktabda tashkil qilingan geografiya kabinetini olish maqsadga muvofiq. Chunki, geografiya kabinetida to‘garak a’zolari uchun foydalanish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, turli jihozlar, geografik xaritalar va atlaslar mavjud bo‘ladi. Agarda geografiya kabineti bo‘lmasa,
tanlangan joy to‘garak a’zolari tomonidan maktab rahbariyati yordamida jihozlanishi lozim bo‘ladi. Shuni ta’kidlash lozimki, maktab geografiya xonasidagi barcha o‘quv vositalari ro‘yxati bo‘lishi, geografiya xonasida o‘quv vositalari geografiya faning tarmoqlari bo‘yicha joylashtirilishi kerak. Masalan, tabiiy geografiya, iqtisodiy geografiya, o‘lkashunoslik, qo‘shimcha vositalar (qo‘shimcha adabiyotlar);
- geografiya fani to‘garagining a’zolari ro‘yxatini tuzish. To‘garakka turli sinflardan geografiya faniga qiziquvchi o‘quvchilar a’zo bo‘lishlari lozim. Shuning uchun to‘garak a’zolarining yoshi ham qiziquvchanlik darajasi, bilim va ko‘nikmalari ham turlicha
bo‘ladi, demak to‘garakning ishini loyihalashtirilganda, to‘garak a’zolariga topshiriqlar berayotganda mazkur farqlar hisobga olinadi. To‘garak a’zolari soni va yoshi cheklanmagan bo‘lib, 8-10 nafar o‘quvchi bilan ham to‘garak faoliyatini olib borishi mumkin;
geografiya fani to‘garagining tarkibiy qo‘mitasini tuzish. To‘garakning birinchi majlisida uning tarkibiy qo‘mitasi tuziladi.
geografik to‘garakning nomi va uning yo‘nalishlari aniqlanadi. To‘garakni nomi “Yosh geograf” bo‘lishi mumkin. Uning
ichida quyidagi yo‘nalishlarni tashkil qilish mumkin: “Yosh tabiiy geograf”, “Yosh iqtisodiy geograf”, “Yosh o‘lkashunos”, “Yosh geolog”, “Yosh topogrof”, “Yosh kartograf”, “Yosh meteorolog”, “Yosh gidrolog”, “Yosh ekolog”, va h.k.
geografik to‘garak va uning tarmoqlari ish rejasi tasdiqlanadi va uning ish faoliyati boshlanadi. Ish rejasi maktablarda o‘quv
yili va chorak uchun tuziladi. Har o‘quv yilida qilingan ishlar bo‘yicha hisobot beriladi, to‘garakning ishi haftada bir marta o‘tkazilishi belgilanadi.
To‘garakning faoliyati yuqorida aytilganidek, muntazam ravishda haftada bir marta o‘tkaziladi. To‘garakda ishlar sektsiyalar ya’ni bo‘limlar bo‘yicha olib boriladi. Har bir bo‘limda eng kamida 4-5-nafardan a’zo bo‘lishi lozim, bo‘lim rahbari to‘garak
a’zolariga olib boriladigan ishlarni taqsimlab beradi. Masalan, “Yosh o‘lkashunos” bo‘limida ishlar quyidagicha bo‘lishi mumkin: yurtimizning buyuk tabiiy geograf olimlar merosini o‘rganish; tabiiy geografik sharoit komponentlarini o‘rganish (tog‘ jinsari, rel’ef, iqlim, ichki suvlar, tuproq o‘simlik va hayvonot dunyosini o‘rganish), landshaftlarni o‘rganish, ob-havoni o‘rganish va h.k. Geografiya fani to‘garagida ilmiy ishlarni olib borishda geografik tadqiqotlar olib borish bo‘yicha nashr etilgan metodik
qo‘llanmalar katta yordam beradi. Masalan, joyning geologik sharoitini, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tuprog‘i, tarixi, arxeologik yodgorliklarini o‘rganish bo‘yicha nashr qilingan metodik qo‘llanmalardan foydalanish katta ahamiyatga ega.
Iqtisodiy geografik yo‘nalishlarda olib boriladigan to‘garak ishlarida geografiyaga oid statistik maa’lumotlar, iqtisodiy ma’lumotlar, iqtisodiy sharoitning tavsifiga bag‘ishlangan qo‘llanmalar va monografiyalar katta ahamiyatga ega. Shuningdek, to‘garak faoliyatida to‘garak a’zolari haqida ma’lumotlar jurnali, har bir to‘garak a’zosida esa kundalik yuritilishi lozim. Har bir chorak oxirida yoki o‘quv yilining oxirida bo‘limlar o‘z qilgan ishlari haqida hisobotlar beradi. Ular asosida to‘garak rahbari umumiy yakuniy hisobot tayyorlaydi.
Geografik jamiyat, klub va o‘lkashunoslik muzeylari sinfdan tashqari ishlarning mazkur shakli yangi hisoblanadi, chunki u avval maktabdan tashqari ishlar toifasiga kiradi va maktabdan tashqari muassasalar tomonidan tashkil qilinadi.
Geografiya fani to‘garagiga qaraganda geografiya jamiyatida a’zolar ko‘proq bo‘ladi va uning faoliyati turli tumanligi bilan
ajralib turadi. Geografiya jamiyatining maqsadi umumta’lim maktablari o‘quvchilari orasida va maktab joylashgan hududda
geografik bilimlarni tashviqot qilishdan iborat. Geografiya jamiyatida o‘quvchilar izlanuvchanlik va tadqiqotchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi [13].
Geografik izlanuvchanlikda o‘quvchilar kutubxonadagi mavjud hujjatlarni o‘rganishadi, ya’ni arxiv materiallari, foto rasmlar, davriy nashriyot materiallari, amaliy va ilmiy-ommabop adabiyotlar, statistik materiallar, geografik xaritalar, rasmlar va
kartinalarni o‘rganishadi. Geografik izlanishlarda mahalliy aholidan so‘rov o‘tkazish ham katta ahamiyat kasb etadi. Izlanuvchanlikda kuzatish katta o‘rin tutadi. Bunda tabiat, tabiat hodisalari, ishlab chiqarish jarayoni kuzatiladi. Izlanuvchanlikda eski va yangi xaritalarni taqqoslash ham muhim natijalarni berishi mumkin.
Izlanuvchanlikdan so‘ng o‘quvchilarni tadqiqot ishlariga qiziquvchanligini oshirish lozim. O‘quvchilar tadqiqot ishlariga jalb
qilinganda ularni tadqiqot o‘tkazish usullari bilan tanishtiriladi.